Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:31

Koronavirus tarqalayotgan bir paytda Kosonda qariyb 150 tibbiyot xodimi majburiy ta’tilga chiqarildi


Koson tuman tibbiyot birlashmasi
Koson tuman tibbiyot birlashmasi

Qashqadaryo viloyat, Koson tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy kasalxona, tug‘ruqxona va poliklinikaning qariyb 150 nafar shifokor va hamshirasi muddati ko‘rsatilmagan majburiy ta’tilga chiqarildi.

Ozodlik suhbatlashgan xodimlarning aytishlaricha, ulardan ish haqi to‘lanmaydigan ta’tiliga chiqish haqida ariza ham olinmagan, ular ta’tilga og‘zaki buyruq bilan chiqarilgan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi yuristi tibbiyot xodimlarining o‘z hisobidan ta’tilga chiqish holatlari borligini tan olar ekan, bu ixtiyoriy tarzda amalga oshirilayotganini bildirdi.

Koson tuman markaziy kasalxonasida ishlaydigan, tazyiq bo‘lishidan cho‘chib ismi sir qolishini so‘ragan vrachlardan birining aytishicha, birlashma kadrlar bo‘limi boshlig‘i Laylo Yarovaning og‘zaki topshirig‘i bilan pandemiya davrida juda ko‘p vrachu hamshiralar ishsiz qolgan:

Kasalxonada ham, poliklinikada ham eshiklarning tagiga kasallar to‘planib qolyapti.

“Mart oyida o‘zi bir oylik majburiy ta’tilga chiqarilgan edik. 10 iyuldan boshlab hech qanday buyruqsiz, hech qanday hujjatsiz og‘zaki ravishda ish haqi saqlanmagan holda o‘z hisobimizdan ta’tilga chiqarib yubordi. Hamma hayron. Nima, tibbiyot xalqqa kerak bo‘lmay qoldimi? Kasalxonada ham, poliklinikada ham eshiklarning tagiga kasallar to‘planib qolyapti. Eshikni tagiga to‘rtta xodimni bir stol bilan tirab qo‘ygan, ular “kirmanglar, kirmanglar, duxtur yo‘q, iltimos” deb qaytarib yuborishyapti. Davleniyasi bori ham, yuragi og‘rigan ham, bolasining qo‘lini gips qilganlar ham qaytib ketayotganini bugun ertalab poliklinikada o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ularning orasida mening kasallarim ham bor edi”.

Koson tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqxonaning ham 35 nafar vrach, hamshira va sanitarkalari 15 iyuldan o‘z hisobidan mehnat ta’tiliga chiqarilganini, hamshiralardan biri Ozodlikka aytdi:

Sababini so‘rasak, moliyaviy qiyinchilik, dedi.

"Bosh vrachimiz Nargiza Begimova kecha hammani yig‘ib, ertadan ishga chiqmanglar, o‘z hisoblaringdan bepul otpuska dedi. Sababini so‘rasak, moliyaviy qiyinchilik, dedi. Axir davlat oyligimizni belgilab qo‘yganku, deb aytsak, men bilmayman, shunaqa topshiriq bo‘lgan, deydi. Xullas, bugundan ishga chiqmadik. Undan avval esa yana 35 kishi ana shunday majburiy ta’tilga chiqarilgan edi. Bugun ertalab yana tavakkal ishxonaga borsak, navbatchi vrach hammalaring ketinglar deb haydadi".

Hamshiraning aytishicha, tug‘ruqxonada sanoqli vrach va hamshiralar qolgan:

"Bugun, 15 iyul holatiga ko‘ra, meni ko‘rganim. Rodzalda ikkita navbatchi vrach, ikkita medsestra va ikkita sanitarka navbat bilan ishlayapti. Reanimatsiyada ham bitta vrach, medsestra va sanitarka. Agar operatsiya bo‘lsa, bir kun saqlab, ikkinchi kun uyiga javob beryapti".

Markaziy kasalxonaning ismi sir qolishini so‘ragan yana bir shifokorining aytishicha, vrachlar o‘z hisobidan ta’tilga chiqarilganidan so‘ng, kasalxona ham kasallarni qabul qilmayapti:

Lekin hech kimda Kovid-19 aniqlanmadi, kasalxona yana ishini boshlagan edi.

"Bosh vrachimiz umuman qabul qilmanglar, kelganini Qarshiga jo‘natib yuboringlar, deyapti. Vaholanki, kasalxona vrachi Ozoda Xudoynazarova koronavirusdan o‘ldi, deb xulosa berishganidan so‘ng, kasalxona o‘n kunlik karantinga olingan, biz hammamiz o‘n kun ichkarida qolib ketgan va test topshirgan edik. Lekin hech kimda Kovid-19 aniqlanmadi, kasalxona yana ishini boshlagan edi. Biroq, vrachlarni o‘z hisobidan ta’tilga chiqarish yana davom etdi".

Vrachning aytishicha, o‘z hisobidan majburiy ta’tilga chiqarilganlar hech qanday ariza yozmagan va hech qanday buyruqni ko‘rmagan.

Koson tibbiyot birlashmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Laylo Yarova xodimlarning majburiy o‘z hisobidan ta’tilga chiqarilayotganini inkor qilishga urindi:

“Bilmadim, boshliq biladilarda endi. Men hali hech kimga ish haqi saqlanmaydigan ta’til berganim yo‘q. Menga ariza kelib tushmagan hali”.

Koson tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Olim Norboyev Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermay, o‘chirib qo‘yaverdi.

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi yuristi Aktam Zoirovich Ozodlik bilan suhbat boshida Koson tibbiyot birlashmasi vrach va hamshiralari o‘z hisobidan ta’tilga chiqarilganini tasdiqladi:

"Ish haqi saqlanmagan holda mehnat ta’tiliga chiqarilgan".

Ozodlikning pandemiya sharoitida, tibbiy personal yetishmay turgan bir paytda buni qanday izohlash mumkin, degan savoliga, yurist:

Ariza bo‘lmasa hech kim majburlab chiqara olmaydi.

"Vrachlar chiqarilgan yo‘q. Ixtiyoriy, kim ariza bergan bo‘lsa. Komissiyaning qaroriga asosan chiqarilgan. Kim ariza yozmasa uni chiqarib bo‘lmaydi. Ariza bo‘lmasa hech kim majburlab chiqara olmaydi. Ariza bermasdan, davay chiq deb aytilgan bo‘lsa, sizning gapingiz to‘g‘ri. Lekin unaqa holat yo‘q. Agar shunday holat bo‘lgan bo‘lsa, bizga murojaat qilsin, borib joyiga tiklab kelamiz".

XS
SM
MD
LG