Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:38

"Hududgazta’minot" xodimlari o‘z ish o‘rinlarini sobiq MIBchilar egallashidan tashvishda


Aholidan gaz va elektr to‘lovlari va boshqa qarzlarni undirish uchun 2017 yil may oyida prezident farmoni bilan O‘zbekiston Adliya vazirligi qoshidagi Sud departamenti tugatilib, Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilgandi.
Aholidan gaz va elektr to‘lovlari va boshqa qarzlarni undirish uchun 2017 yil may oyida prezident farmoni bilan O‘zbekiston Adliya vazirligi qoshidagi Sud departamenti tugatilib, Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilgandi.

Xorazmdagi "Hududgazta’minot" MChJda ishlovchi to‘qqiz yuzdan ortiq ishchining deyarli yarmi 1 avgustdan ishdan bo‘shatilishi haqida ogohlantirildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan xodimlar aksari gaz quvurlari nazoratchilari bo‘lgan mutaxassislar o‘rniga Majburiy ijro byurosining gaz va elektr uchun qarz undirish bilan shug‘ullanib kelgan xodimlari ishga olinishi kutilayotganini aytdi.

“O‘ztransgaz” AJning Toshkentdagi bosh idorasi mulozimining Ozodlikka bildirishicha, gap ish o‘rinlarining qisqartirilishi haqida emas, tizim faoliyatini optimallashtirish haqida bormoqda.

Boshqa viloyatlardagi "Hududgazta’minot" MChJlarida ham qisqarishlar kutilayotgani haqda Ozodlik ma’lumotga ega emas.

O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 18 iyundagi "Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, MIBdan qator vakolatlar 1 avgustidan olib qo‘yilishi​ oldidan byuroning ayrim shahar va tuman bo‘limlarida xodimlarni qisqartirish boshlangani haqda Ozodlik avval xabar bergandi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan Xorazmdagi "Hududgazta’minot" MChJ mas’ul xodimi jamiyatning viloyat bo‘yicha 944 ishchisidan besh yuzga yaqin ishchisi qisqarishga tushishi haqida ogohlantirilganini aytdi.

Unga ko‘ra, hamma mutaxassisliklar bo‘yicha xodimlar qisqartirilishi kutilyapti.

- 1 avgustdan iste’molchilarning qarzdorligini hisob-kitob qilish va undirish yana bizning tashkilot zimmasiga tushyapti. Shuning uchun restrukturizatsiya boshlangan. Besh yuzga yaqin ishchiga javob beriladi, birinchi navbatda pensiya yoshiga yetib qolganlar, liniya obxodchiklari, gaz quvuri nazoratchilari, podzemshiklar bo‘shatilishi, ularning o‘rni MIBdan bo‘shatilgan malakali xodimlar bilan to‘ldirilishi kutilyapti, - dedi "Hududgazta’minot" mas’ul xodimi.

Xorazm "Hududgazta’minot" muhandisi Umid Jumanov 2 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda restrukturizatsiya to‘g‘risidagi xabar o‘zi va hamkasblarini tashvishga solib qo‘yganini aytarkan, bunday dedi:

- 2017 yil may oyida MIB tashkil etilganida idoramizda 1640 odam ishlagan bo‘lsa, shundan 944 odam ishda qoldik, qolgani bo‘shatilgan, ular ishsiz qolgandi. 2019 yil kuzida yana restrukturizatsiya bo‘lib, 300ga yaqin odam bo‘shatildi. 491 ishchini yangi ta’sis etilgan "Hududgazta’minot"​MChJga o‘tkazishdi. Bo‘shatilganlar o‘rniga yangi xodim olishdi. Eski "Xorazmgaz" tugatildi. O‘shanda kompensatsiya pulimiz berilmay qolib ketdi. 1 avgustdan yana restrukturizatsiya bo‘lyapmiz. Hammang bo‘shatilasizlar, dedi. O‘zlari xohlagan xodimlarni yangi restrukturizatsiya bo‘lgan MChJda qoldirar ekan. Asosan MIBdan qisqarishga tushganlarni olishar ekan, degan gap bor.

"Hududgazta’minot" MChJlarda ishlovchi 14 ming xodimdan qanchasi ishdan ketishi mumkinligi, ishsiz qolgan xodimlarga qay tarzda va qancha miqdorda tovon puli to‘lanishi, ular o‘rniga kimlar ishga olinishi yuzasidan savollarga javob olish uchun ularning ta’sischisi bo‘lgan “O‘ztransgaz” ​AJ matbuot xizmatiga bog‘lanib bo‘lmadi.

“O‘ztransgaz” AJning Toshkentdagi bosh idorasida ishlovchi ismi ochiqlanmasligini istagan mas’ul xodim Ozodlikka "Hududgazta’minot" MChJlar O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 18 iyundagi "Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga asosan isloh qilinishini aytdi.

Unga ko‘ra, gap ish o‘rinlarining qisqartirilishi haqida emas, tizim faoliyatini optimallashtirish haqida bormoqda:

- Optimallashtirish bo‘lyapti. Kelasi yil ohiriga qadar qarzdorlikni hisob-kitob qilish avtomatlashtirilgan tarzda bo‘ladi. Uyma-uy yurilmaydi, onlayn bo‘ladi. Agar to‘lamasa avtomat tarzda uziladi. Hali kimni ishdan olish, qancha odamni qisqartirish haqida menda aniq ma’lumot yo‘q, buni viloyatlardagi bo‘limlarni o‘zlari hal qiladi, - dedi “O‘ztransgaz” AJning​ ismi ochiqlanmasligini istagan mas’ul xodimi.

O‘zbekiston prezidentining 18 iyunda imzolagan “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 6010-sonli farmoniga muvofiq aholidan gaz va elektr to‘lovlarini undirish Majburiy ijro byurosi zimmasidan olinadi.

1 avgustdan boshlab gaz va elektr haqlarini undirish bilan Energetika vazirligi, uning hududiy bo‘limlari shug‘ullanadi.

Prezident qarorida bu o‘zgarishlar hisob-kitob qilishning zamonaviy usuliga o‘tilishi bilan bog‘liqligi aytilgan.

Majburiy ijro byurosi 1 avgustdan faqat sud va boshqa organ qarorlari ijrosi bilan shug‘ullanadi.

Aholidan gaz va elektr to‘lovlari va boshqa qarzlarni undirish uchun 2017 yil may oyida prezident farmoni bilan O‘zbekiston Adliya vazirligi qoshidagi Sud departamenti tugatilib, Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilgandi.

O‘shanda “O‘ztransgaz” AJning tabiiy gazni hisobga olish va realizatsiya qilish bo‘yicha 4 255 ta nazoratchi shtat birliklari qisqartirilgandi.

XS
SM
MD
LG