Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:34

Faollar Asaka avtozavodida yotog‘i bilan ishlatilgan xodimning o‘limini taftish etishni talab qildi (VIDEO)


"UzAutoMotors" oldida norozilik aksiyasi. 29 iyun, 2020 yil. Asaka shahri.
"UzAutoMotors" oldida norozilik aksiyasi. 29 iyun, 2020 yil. Asaka shahri.

O‘zbekiston Inson huquqlari alyansi faollari "UZAUTO MOTORS" avtomobil zavodi qarshisida 29 iyun kuni norozilik piketi o‘tkazib, mehnat qonunchiligiga zid tarzda yotog‘i bilan ishlatilgan zavod ishchisining o‘limi taftish etilishini talab qildi.

Andijonning Asaka shahridagi "UZAUTO MOTORS" avtomobil zavodi garajida mexanik bo‘lib ishlagan 53 yoshli A.S, hamkasblari va qarindoshlarining Ozodlikka aytishicha, 3 iyun kuni 15 kunlik smenada bo‘lgan paytda "vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmagani sababli" ko‘richagi yorilishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

Ismi ochiqlanmasligini istagan hamkasbining Ozodlikka aytishicha, o‘limidan 10 kun oldin 15 kunlik navbatchilikda bo‘lgan mexanik "mazasi yo‘qligi, qorni va belida og‘riq paydo bo‘lganini" aytib ruxsat so‘raganida uyga ketishga izn berishmagan.

Ozodlik marhum yaqinlari bilan ham bog‘landi. Ular ham o‘lim tafsilotlarini tasdiqlashdi.​

O‘zbekiston Inson huquqlari alyansi rahbari Yelena Urlayeva zavod rahbariyatini marhum ishchining o‘limini jamoatchilikdan yashirganlikda aybladi, Andijon viloyat prokuraturasini o‘lim yuzasidan tergov o‘tkazishga chaqirdi.

Ozodlik A.S. o‘limi yuzasidan "UZAUTO MOTORS" avtomobil zavodi matbuot xizmatidan izoh ololmadi.

"UZAUTO MOTORS" ishchilarining aytishicha, noroziliklar ortidan korxonada yotog‘i bilan ishlash to‘xtatilgan.

Asaka shahridagi "UZAUTO MOTORS" avtomobil zavodi qarshisida 29 iyun kuni ertalab ikki soat davom etgan norozilik piketida, O‘zbekiston Inson huquqlari alyansiga ko‘ra, huquq faollari, zavod xodimlarining qarindoshlaridan iborat ellikka yaqin odam qatnashgan.

O‘zbekiston Inson huquqlari alyansi rahbari Yelena Urlayevaning iddaosicha, zavodda xodimlar "xuddi konslagerdagiday holatda" ishlatilgan:

- Men bir qancha xodimlar bilan gaplashdim. Ular 15 kunga qamab, huddi konslagerdagiday ishlatilgan. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, ishchi kuniga sakkiz soat ishlashi kerak. Lekin, ishchilar zavodda 12-15 soatlab ishlatilgan. Oqibatda bir odam o‘ldi.

"UzAutoMotors" oldida norozilik aksiyasi. 29 iyun, 2020 yil. Asaka shahri.
"UzAutoMotors" oldida norozilik aksiyasi. 29 iyun, 2020 yil. Asaka shahri.

Yelena Urlayeva iddaosiga ko‘ra, Asakadagi "UZAUTO MOTORS" zavodi avtobuslar garajida mexanik bo‘lib ishlagan, ikki o‘g‘ilning otasi, 53 yoshli A.S. "ko‘richagining yorilib ketishi oqibatida 3 iyun kuni kasalxonada o‘lgan".

Bu ma’lumotni marhumning hamkasblari va ikki qarindoshi 30 iyun kuni Ozodlikka tasdiqladi.

Zavod ishchisining Ozodlikka aytishicha, karantin paytida ishchilar 15 kun zavodda qolib, 15 kun uyda qolib, almashib ishlatilgan, hech kimga smena tugamagunicha zavod hududidan chiqishiga ruhsat berilmagan.

- Zavoddan ketishga ruxsat berishmadi. Belimda og‘riq deganiga, shamollagan bo‘lsa kerak, deb zavod shifokorlari og‘riq qoldiruvchi ukol qilib turaverishdi, oxiri ko‘richagi yiringlab, oshqozoniga o‘tganidan so‘ng uyiga jo‘natishdi, - dedi marhumning hamkasbi.

Ozodlik marhumning ikki yaqin qarindoshi bilan ham bog‘landi.

“UZAUTO MOTORS” rahbariyati bilan munosabati yomonlashmasligi uchun ismini ochiqlamagan marhumning qarindoshi Ozodlikka jumladan bunday dedi:

- Belim og‘riyapti deganiga, og‘riq qoldiradigan ukol qilib turishgan. Og‘riq zo‘rayganidan so‘ng 30 may kuni uyga yuborishdi. Uydan to‘g‘ri Asaka Tibbiyot birlashmasi Shoshilinch bo‘limiga olib borishdi. O‘tkazib yuboribsizlar, ko‘richak yorilib, yiringlab, ichki a’zolariga ham o‘tib ketgan, deyishdi. 3 iyun kuni operatsiyadan omon chiqmadi, - dedi marhumning qarindoshi.

Ozodlik bu iddaolar yuzasidan izoh olish uchun 30 iyun kuni “UZAUTO MOTORS” matbuot markazi raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi.

Telefonni ko‘targan matbuoti xizmati xodimasi iltimosiga ko‘ra, savollarni Ozodlik yozma tarzda jo‘natdi. Lekin 1 iyul kuni ham javob bo‘lmadi.

Asaka tuman Tibbiyot birlashmasining vrachi A.S. o‘limi tafsilotlari haqida matbuotga ma’lumot berolmasligini aytdi.

"Xodimlar huddi konslagerdagiday ishlatilgan"

"UZAUTO MOTORS" avtomobil zavodi qarshisida 29 iyun kungi norozilik piketidan olingan videoda uning qatnashchilari zavod rahbariyatini ishchilarni xuddi konslagerdagiday ishlatganlikda ayblashadi.

"UzAutoMotors" олдида норозилик акцияси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:20 0:00

Boshqa videoda esa piketchilar oldiga chiqqan "UZAUTO MOTORS" vakili ularning bu iddaolari asossiz ekanini tushuntirishga urinadi.

"UZAUTO MOTORS" vakili piketchilarga "asosingiz bormi, qani asos?" deb so‘raganida, norozilardan biri "men asos, nega odamlar o‘lyapti?", deydi.

O‘zbekiston Inson huquqlari alyansi rahbari iddaosicha, "UZAUTO MOTORS" rahbariyati marhum ishchining 21 yoshli o‘g‘lini ishga olish va’dasi bilan qarindoshlarini prokuraturaga arz qilmaslikka ko‘ndirgan va o‘lim xolatini jamoatchilikdan yashirgan.

- A.S.ning katta o‘g‘lini ishga olishga va’da berib, bularni og‘zini yopishgan. Hozir biz zavod oldida ellikdan ortiq odam piket o‘tkazib, prokuraturani bu ishni tekshirishga chaqiramiz. "Uzavtoprom" kelib tekshirsin, bu yerda nimalar bo‘layotganini. "UZAUTO MOTORS"dagi kontslager tugatilishi kerak, - deydi Yelena Urlayeva.

A. S.ning ismi ochiqlanmasligini istagan yaqin qarindoshlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda zavod rahbariyati bilan munosabatlari yomonlashishini istamaganliklari uchun huquq-tartibot idoralariga arz qilmaganliklarini aytdi.

Aprel oyi o‘rtalaridan buyon "O‘zavtosanoat" tarkibidagi boshqa avtomobil zavodlarida bo‘lgani kabi "UZAUTO MOTORS" da ham xodimlar koronavirus karantini davrida uyga bormasdan korxona hududida yotib ishlatilayotgani¸ yuzlab ishchi har kuni bir joyda yotib¸ bir joyda ovqatlanayotgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Ozodlik suhbatlashgan zavod xodimlari 15 kun uyga bormasdan, korxonaning beton polida yotib ishlatilayotganliklarini aytishgandi.

Ozodlik bilan telefon suhbatida o‘zini "UZAUTO MOTORS" avtomobil zavodi rahbari yordamchisi deb tanishtirgan mulozim 5 iyun kuni "koronavirus karantini sabab korxonada xodimlar o‘z xohishlariga ko‘ra yotib qolib ishlayotgani, ularga hamma sharoit yaratib berilayotgani, xavfli virus tarqalishi oldini olish bo‘yicha barcha talablarga amal qilinayotganini" aytgandi.

Zavod mulozimi ishchilar belgilangan vaqt me’yoridan ortiqcha ishlatilayotganini rad etgandi.

- Belgilangan vaqtda ishlashadi, belgilangan vaqtda dam olishadi. Bizning maqsadimiz xavfli virus yoyilishining oldini olgan holda ishni tashkil qilish, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan avtomobil zavodi rahbari yordamchisi 5 iyun kuni.

"UZAUTO MOTORS"ning Ozodlik suhbatlashgan ismi ochiqlanmasligini istagan xodimlaridan biri ishchilarning noroziligi ortidan zavod hududida 15 kunlik yotog‘i bilan qolib ishlash 22 iyun kundan bekor qilinganini aytdi.

Bundan oldin Andijondagi "UZ DONG YANG CO" O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasi hamda Xorazm viloyatining Hazorasp tumani Pitnak shahridagi avtomobil zavodi ishchilari zavod hududida antisanitariya holatida yotog‘i bilan ishlatilayotganliklarini Ozodlikka aytgan edi.

O‘tgan hafta Samarqanddagi "SamAuto" avtomobil zavodida ikki xodimda koronavirus aniqlanishi ortidan yotog‘i bilan ishlash bekor qilindi.

Zavod ishchilari keyinchalik koronavirusga chalingan korxona vrachi O‘.R. 30 iyun kuni hayotdan ko‘z yumganini Ozodlikka aytishdi.

Ammo, bu ma’lumotni rasmiy manbalardan tasdiqlash imkonsiz. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobotida 30 iyun kuni koronavirusdan o‘lim holati qayd etilmagan.

Asakadagi avtomobil zavodi "O‘zavtosanoat" tarkibiga kiruvchi korxonadir.

Ozodlik "minglab odam ishlaydigan zavodda mehnat qonunchiligi buzilgani iddaolari yuzasidan"O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi raisining maslahatchisi va matbuot kotibi Zumrad Shojalilovaga kun davomida telefon qildi, lekin hech kim javob bermadi.

XS
SM
MD
LG