Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:42

Qoraqo‘tanda o‘lasi qilib kaltaklangan aka-ukalar oilasi IIBni harakatsizlikda ayblamoqda


Jamshid Boboyorov kaltaklanishi ortidan hushsiz ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.
Jamshid Boboyorov kaltaklanishi ortidan hushsiz ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida "o‘lasi qilib keltaklangan" ikki fermerning qarindoshlari tuman Ichki ishlar bo‘limini harakatsizlikda ayblamoqda.

35 yoshli fermer Jamshid Boboyorov va uning 38 yoshli akasi Dilshod Boboyorovni Qoraqo‘tan oltin koni yaqinida noma’lum shaxslar 18 iyun kuni vahshiylarcha kaltaklagani oqibatida kasalxonaga yotqizildi.

Paxtachi tumanining "Hayot elbegi" mahallasida yashovchi Boboyorovlarning onasi Sayyora Boboyorova Ozodlik bilan suhbatda farzandlarini kaltaklaganlarni bilishini, ular “Qoraqo‘tan” konidagi oltin toshlarni o‘g‘irlovchilar ekani, farzandlarini kaltaklaganlar uning o‘ziga ham o‘lim tahdidi qilishganini aytdi.

O‘zi va o‘g‘illari hayoti uchun qo‘rqqanini ta’kidlagan Boboyorova o‘zi jinoyatda gumon qilayotgan shaxsni Ozodlikka ochiqlamadi.

Boboyorova iddaosicha, "tuman IIBsi o‘g‘illari kaltaklanishini tekshirishni turli bahonalar bilan cho‘zmoqda".

Ozodlik Jamshid Boboyorovning do‘pposlanishi, onasiga o‘lim tahdidi bo‘lgani yuzasidan Samarqand viloyati Paxtachi tumani Ichki ishlar bo‘limiga bog‘langanida¸ bu voqea tekshirilayotgani¸ ammo izoh berilmasligini aytdi.

Fermerlarning onasi Sayyora Boboyorova Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘lini “Qoraqo‘tan” konidagi oltin toshlarni o‘g‘irlovchilar kaltaklagani, "ular bilan tili bir bo‘lgan" Paxtachi tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari esa ataylab ishni tekshirishni cho‘zayotganini aytdi.

- Oldiniga o‘g‘lim Jamshidni yo‘lda armatura bilan urib, o‘lasi qilib kaltaklab tashlab ketishdi. G‘alla hasharidan qaytgan yana bir o‘g‘lim Dilshod sababini surishtirib oltin mafiyachilarni oldiga borgan. Dilshodni ham o‘lasi qilib kaltaklashdi. Endi meni ham yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qilishyapti. Hozir ikkala o‘g‘lim Paxtachi tumani Tibbiyot birlashmasi Jonlantirish bo‘limida, og‘ir ahvolda yotibdi. IIB hech narsa qilmayapti. Oltin mafiyasining organda tanishlari ko‘pligidan hech qanday surishtiruv o‘tkazilmayapti, - dedi Sayyora Boboyorova.

Ayni paytda Boboyorova qo‘rqqanidan ikki o‘g‘lini kaltaklaganlar va o‘ziga o‘lim tahdidi qilganlar ismini Ozodlikka ochiqlay olmasligini aytdi.

Kaltaklangan aka-ukalarning ismi ochiqlanmasligini istagan qarindoshlaridan biri Jamshid Boboyorov 18 iyun kuni daladan qaytayotganida noma’lum odamlar oltin toshlarni o‘g‘irlayotganiga guvoh bo‘lgani uchun kaltaklanganini aytadi.

- Yo‘lda oltin toshlarni olib ketayotganini Jamshid ko‘rib qolgan. Keyin quvib yetib, temir jismlar bilan urishgan. "Aytsang o‘ldiramiz", deyishgan. Tillochilarning dastidan ko‘chada yurolmaydigan bo‘lib qoldik, - deydi kaltaklangan aka-ukalarning qarindoshi.

Onasining aytishicha, kaltaklanish oqibatida Jamshidning boshi yorilgan, jag‘i singan va hozirgacha kasalxonada hushsiz yotibdi.

- Bir o‘g‘lim kasalxonada o‘lim bilan olishib yotibdi. Yana bir o‘g‘lim ham kasalxonada. Qani haqiqat, farzandlarimni o‘lasi qilib kaltaklashsayu militsiya qarab turaversa? Shu murojaatimni prezident Shavkat Mirziyoyevga yetkazing!, - deydi Boboyorova.

Dilshod Boboyorov kaltaklanishi ortidan Paxtachi tumani kasalxonasiga yotqizildi.
Dilshod Boboyorov kaltaklanishi ortidan Paxtachi tumani kasalxonasiga yotqizildi.

G‘ayriqonuniy oltin biznesidan xabardor paxtachiliklardan biri Qoraqo‘tan konida o‘g‘riliklar sistematik tus olgani va tuman aholisining 70 foizi shu noqonuniy faoliyatdan kun ko‘rishini, bu tizimni tumandagi tillochilar mafiyasi nazorat qilishini iddao etdi.

- Tumanda 200 ta rudalarni qayta ishlovchi yashirin tegirmon sexlari bor. O‘g‘irlangan rudalar shu yerga olib borilib, yuviladi. Qaysidir sexda toshni qumga aylantirishadi, qaysi birida toshni yuvib, zarra qilib berishadi. Bir yoki ikki kilogramm toshdan 1 gramm tilla chiqadi. Hammasi uyushtirilgan sistema bu. Yillardan beri davom etyapti. Huquqni muhofaza qilish tizimlari biladi buni. Maydalarini ushladik, deb matbuotga chiqarishadi, yirik mafiyaga tegishmaydi.

Ozodlik bu iddaolarga munosabat olish maqsadida 24 iyun kuni IIV matbuot xizmati telefonlariga kun davomida telefon qildi, lekin qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Ozodlik Jamshid Boboyorovning do‘pposlanishi, onasiga o‘lim tahdidi qilingani yuzasidan Samarqand viloyati Paxtachi tumani Ichki ishlar bo‘limiga bog‘langanida¸ ular bu holat tekshirilayotgani va izoh berolmasliklarini aytdi.

Ayni paytda¸ Ozodlik gaplashgan Paxtachi tumani IIB rasmiysi, "tillochilar bilan militsiyaning tili bir" degan iddaolarni rad qildi.

Qoraqo‘tanda oltin o‘g‘riligiga guvoh bo‘lganlarning hujumga uchrashi birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

2018 yil iyun oyida “Qoraqo‘tan” konidan o‘g‘irlangani gumon qilingan oltin toshlarni qo‘lbola tegirmonda maydalayotganiga guvoh bo‘lgan uchastka noziri Sardor Mamatqulov "tillochilar"ning o‘ziga temir jism bilan tashlangani haqda Ozodlikka xabar qilgan edi.

To‘rt yil avval esa Qoraqo‘tan oltin konini qo‘riqlayotgan militsiya xodimi bosqinchilar tomonidan do‘pposlab o‘ldirib ketilgan edi.

Qoraqo‘tan oltin koni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli bo‘lib, u yerdagi shaxtalardan tarkibida oltini bor ruda qazib olinadi.

Aka-uka Boboyorovlarning kaltaklanish voqeasini o‘rganish davomida Navoiy kon-metallurgiya kombinati ma’muriyati bilan bog‘lanib¸ 18 iyun kungi voqea¸ qolaversa¸ kombinatga qarashli konlardagi o‘g‘riliklar haqidagi iddaolarga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi. 24 iyun kuni kombinat matbuot xizmati raqamlariga hech kim javob bermadi.

XS
SM
MD
LG