Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:46

MIB gaz va elektr uchun qarz undirish bilan shug‘ullangan xodimlarini qisqartirmoqda


Majburiy ijro byurosi 2017 yil mayida O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan tashkil etilgan edi.
Majburiy ijro byurosi 2017 yil mayida O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan tashkil etilgan edi.

O‘zbekistonda Majburiy ijro byurosining ayrim vakolatlari, jumladan elektr va gaz to‘lovlarini undirish vakolati tegishli tashkilotlarga 1 avgustdan o‘tkazib beriladi. Biroq ma’lum bo‘lishicha, MIBning ayrim shahar va tuman bo‘limlarida xodimlarni qisqartirish hozirdanoq boshlab yuborilgan.

Qisqarishga tushgan MIB xodimlaridan Ozodlikka kelayotgan shikoyatlarda bu jarayon “mehnat qonunchiligi buzilishi” evaziga bo‘layotgani iddao qilinmoqda.

Xususan, Jizzax viloyat Majburiy ijro byurosi tizimida ishlovchi inspektorlar iddaosicha, ularga ishdagi kamchiliklari pesh qilinib, jinoyat ishi ochish bilan qo‘rqitilgan holda ishdan ketish haqida ariza yozishga majburlangan.

Ozodlik suhbatlashgan Majburiy ijro byurosi rasmiylari esa kommunal to‘lovlar bo‘yicha shtatlar qisqarishi sabab ayrim xodimlar bilan "xayrlashishga majburliklari, lekin bu jarayon huquqiy asosda bo‘layotganini" aytishdi.

Ammo, O‘zbekiston MIB tizimida ishlovchi 4 mingdan ziyod xodimdan qanchasi ishidan ayrilishi, qanchasi qolishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Ismi ochiqlanmasligini istagan Jizzax viloyat MIB inspektorlaridan biri 19 iyun kuni o‘zi va yana o‘n besh nafar hamkasbi ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozishga majburlangani haqida Ozodlikka aytdi.

Inspektorga ko‘ra, viloyat MIB tizimida jami yuzga yaqin inspektor qisqarishga tushgan:

- 15 xodimni xato, kamchiliklarini o‘rtaga tashlab, "bugundan o‘z xohishlaring bilan ishdan ketish haqida ariza yozasizlar, aks holda jinoyat ishi ochiladi", deb qo‘rqitishdi. Hammasiniki bir xil bo‘lmasligi uchun, ayrimlariga "dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqchiman, ishdan bo‘shatishingizni so‘rayman", deb yozdirishdi. Butun viloyat tizimida yuzga yaqin MIB xodimi o‘z ishi bilan xayrlashdi.

Qashqadaryo viloyat Majburiy ijro byurosi tizimida ham qisqarishlar bo‘layotgani haqda xodimlar Ozodlikka ma’lum qildi.

Kitob tumani Majburiy ijro byurosi xodimlaridan biri 19 iyun kuni Ozodlikka bunday dedi:

- Boshliq hammani yig‘ib, "sizlarning xizmatingizga endi ehtiyoj yo‘q", deb aytdi. MIB endi faqat sud qarorlarini ijro etish bilan shug‘ullanar ekan. Svet va gaz haqi undirish bilan shug‘ullanmas, ekan. Shuncha yildan beri, mana karantin davrida ham qarzdorlikni undirib, rejani bajarib mana endi ko‘chada qolyapmiz.

Ozodlik bu iddaolar yuzasidan izoh olish uchun Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farruh Toshpo‘latovning ish telefoniga ham, uyali telefoniga ham qo‘ng‘iroq qildi, lekin telefonni hech kim ko‘tarmadi.

Majburiy ijro byurosining Ozodlik suhbatlashgan rasmiylaridan biri tizimda ba’zi shtatlar qisqarishi sabab ayrim xodimlar bilan xayrlashishga to‘g‘ri kelishini aytdi:

- Ba’zilariga, mutaxassisligi to‘g‘ri keladiganlarga boshqa bo‘limdan ishlar taklif qilinadi. Ko‘chada qolmaydi. Hammasi mehnat qonunchiligi doirasida bo‘ladi. Chunki, xabaringiz bo‘lsa kerak, bu yog‘iga bizni xodimlar gaz, svetdan qarzi borlarning eshigini taqillatib yurmaydi. Bu bilan shu gaz, svetni sotadiganlarni o‘zlari shug‘ullanadi. Shu hisobdan bu ish bilan shug‘ullanganlarning o‘rni qisqaradi. Shunga ba’zilar bilan xayrlashishga to‘g‘ri kelishi mumkin, lekin bu to‘liq huquqiy asosda bo‘ladi. Lekin, faqat kommunal soha va maishiy chiqindilar bo‘yicha faoliyatimiz tugatilmoqda, sud xamda boshqa organ qarorlarini ijro etish funksiya va vazifalarini davom ettiramiz, kommunal qarzdorlikni undirish ham 1 avgustgacha bizning zimmamizda bo‘ladi.

O‘zbekiston MIB tizimida ishlovchi 14 mingga yaqin xodimdan qanchasi ishidan ayrilishi, qanchasi qolishi esa, mulozimga ko‘ra, ma’lum emas.

MIBchilar jismoniy zo‘ravonliklarga duch kelgan holatlar ham kuzatilgan.
MIBchilar jismoniy zo‘ravonliklarga duch kelgan holatlar ham kuzatilgan.

O‘zbekiston prezidentining 18 iyunda imzolagan “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 6010-sonli farmoniga muvofiq aholidan gaz va elektr to‘lovlarini undirish Majburiy ijro byurosi zimmasidan olinadi.

1 avgustdan boshlab gaz va elektr haqlarini undirish bilan Energetika vazirligi, uning hududiy bo‘limlari shug‘ullanadi.

Prezident qarorida bu o‘zgarishlar hisob-kitob qilishning zamonaviy usuliga o‘tilishi bilan bog‘liqligi aytilgan.

Majburiy ijro byurosi 1 avgustdan faqat sud va boshqa organ qarorlari ijrosi bilan shug‘ullanadi.

Aholidan gaz va elektr to‘lovlari va boshqa qarzlarni undirish uchun 2017 yil may oyida prezident farmoni bilan O‘zbekiston Adliya vazirligi qoshidagi Sud departamenti tugatilib, Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilgandi.

Nega uch yil o‘tib kommunal qarzdorlikni undirish MIB zimmasidan olinmoqda?

Ozodlik suhbatlashgan Majburiy ijro byurosi rasmiysi bu savolga: - Biz vazifamizni bajarib bo‘ldik, odamlarda to‘lov madaniyatini, intizomini shakllantirdik, endi bu bilan Energetika vazirligi bo‘limlari shug‘ullanaveradi, - deb javob berdi.

Majburiy ijro byurosi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi maxsus vakolatga ega huquqni muhofaza qiluvchi organdir.

So‘nggi uch yil ichida ijtimoiy tarmoqlarida MIB xodimlari qarzini to‘lolmaganlarning xonadonidan buyumlarni olib chiqib ketayotgani aks etgan videolar e’lon qilindi.

Qarz undirishga kelgan MIB xodimlariga qarshi bolta ko‘tarib chiqqanlar, o‘ziga o‘t qo‘yganlar ham bo‘ldi.

Majburiy ijro byurosi rasmiy saytida keltirilishicha, tashkil topganidan beri MIB aholidan elektr energiyasi qarzdorligi bo‘yicha – 45,8 trln., tabiiy gaz bo‘yicha – 46,1 trln., ichimlik suvi bo‘yicha– 1,9 trln. va maishiy chiqindi bo‘yicha – 0,4 trln. so‘m undirilgan.

Byuro rasmiy saytida aholidan pul undirish MIB xodimlariga oson kechmagani aytilgan.

So‘nggi uch yil davomida qarzdorlar hujumidan 4 nafar MIB xodimi halok bo‘lgan, 200nafardan ortig‘i jarohatlangan.

O‘zbekistonda MIB xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda turli qarshiliklar yoki janjal kelib chiqqani haqida Ozodlik ham xabar bergan.

XS
SM
MD
LG