Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:49

Sirdaryolik usta: "Niqob taqmaganim uchun IIB polkovnigi urib qovurg‘amni sindirdi"


Sirdaryoning Guliston shahrida yashovchi 41 yoshli O‘tkir Boborahimov shahar Ichki ishlar bo‘limi zobiti uni do‘pposlaganidan so‘ng shifoxonaga tushib qolganini OzodMikrofonga arz qildi.

Payvandchi usta Boborahimov iddaosicha, Guliston shahrining 4-mavzesida polkovnik unvonidagi militsiya zobiti uni 2 iyun kuni yo‘lda niqobsiz sigaret chekib ketayotgani uchun to‘xtatib kaltaklagan.

Kaltaklanish oqibatida Boborahimovning ikki qovurg‘asi singan. U qovurg‘asi singanini tasdiqlovchi tibbiy hujjatlarni Ozodlikka taqdim etdi.

O‘tkir Boborahimovning OzodMikrofonga aytishicha, 2 iyun kuni u ishdan uyiga qaytayotganida polkovnik unvonidagi militsiya zobiti yo‘lda to‘xtatib, "niqobsiz yurganlik"da ayblab, do‘pposlagan.

- Men svarshikman. O‘sha kuni shaharning 4-mavzesidagi nafaqaxo‘r ayolning uyida ishlab, sigaret chekib qaytayotgandim. Maskam bor, lekin pastga tushirilgan edi. Polkovnik unvonidagi militsiya ofitseri, "to‘xta, nega sigaret chekasan, nima qilib yuribsan maskasiz", deb qo‘lida qattiq jism bilan urdi. Kastet bo‘lsa kerak. Keyin uchastka noziriga telefon qildi-da "mana bu bolani yopib qo‘y" dedi. Keyin uchastkovoy keldi. Meni otdelga olib ketdi. Sal vaqt o‘tib, meni ishlatgan ayolning qizi, polkovnikka telefon qildi. Keyin qo‘yvorishdi, - deydi Boborahimov.

Ertasi kuni badanidagi og‘riqqa chiday olmagan O‘tkir Boborahimov, aytishicha, Guliston shahridagi viloyat shifoxonasiga borgan.

- U yerda ahvolimga qarab, "zayavleniye yozsang qabul qilamiz" dedi. Keyin ariza yozdim. Shu payt bolnitsaga haligi polkovnik keldi. "Boshingga papka bilan urganga ham ariza yozdingmi" dedi. Keyin polkovnik vrachlar bilan gaplashdi. Menga yirtiq qozg‘ozga maz retseptini yozib berdi. "Mana shuni surtib tursang yaxshi bo‘lib ketadi", deb chiqarivordi. Yaxshi bo‘lmadi. Keyin onam bilan Gulistondagi "Shifobaxsh" hususiy klinikasiga bordik. U yerda ikki qovurg‘am singanini aniqlashdi. Shundan so‘ng viloyat prokuraturasiga kaltaklanganim, oqibatda ikki qovurg‘am singani haqida shikoyat kiritdim, - deydi Boborahimov.

Kaltaklanish oqibatda ikki qovurg‘asi singanini tasdiqlovchi tibbiy hujjatlarni Boborahimov Ozodlikka taqdim etdi.

Shifobaxsh" hususiy klinikasi vrachlari bergan xulosada O‘tkir Boborahimovning ko‘krak qafasida jarohat belgilari borligi, ikkita qovurg‘asi ust qoplamasidan chiqib ketmagan xolda singani aytilgan.

Guliston shahridagi "Shifobaxsh" klinikasida O‘tkir Boborahimovning ko‘krak qafasi tekshiruvdan o‘tkazilganida, ikki qovurg‘asi singani aniqlangan.
Guliston shahridagi "Shifobaxsh" klinikasida O‘tkir Boborahimovning ko‘krak qafasi tekshiruvdan o‘tkazilganida, ikki qovurg‘asi singani aniqlangan.

O‘tkir Boborahimov kaltaklangani haqida shahar prokuraturasiga so‘roqqa chaqirtirilganini ham aytdi.

- "O‘zingdan ayb o‘tgandirda" dedi meni so‘roq qilgan tergovchi. Qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib oldi. Keyin "uchastka noziridan qaror olib kel" dedi. Uchastka noziriga borsam "shuni kelishaylik, dori-darmoning bilan yordam beramiz, bosti-bosti qilaylik, arizangni qaytib ol", deb mendan iltimos qildi. "Sizlar nega mendan buni so‘rayapsizlar, sizlar meni urmagansizlarku", desam "Shu polkovnik iltimos qildi shuni biz orqali", dedi. Onam ko‘nmadi. "Bugun mening bolamni ursa ertaga boshqani bolasini uradi", deb hamma hujjatlarni shahar prokuraturasiga olib borib berdik. Hozircha jim-jit, - deydi O‘tkir Boborahimov.

Ozodlik Boborahimov iddaosi yuzasidan Sirdaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga telefon qildi.

Militsiya navbatchisi Ozodlik muxbiri savolini eshitgach, boshlig‘i bilan qisqa maslahatlashuvdan so‘ng telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Sirdaryo viloyati prokuraturasiga qilingan Ozodlik qo‘ng‘iroqlari ham besamar bo‘ldi.

IIB xodimlari karantin qoidalarini buzgan fuqarolarga kuch qo‘llashi bilan bog‘liq xolatlar faqat shu emas.

Joriy hafta boshida surxondaryolik tadbirkor Dovar Jo‘raqulov Ozodlik karantin qoidalarini nazorat qilib yurgan Milliy gvardiya harbiylari uni bo‘g‘ib, xushidan ketkizishgani haqda aytgandi.

Gulistondagi bu xolat Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning vazirlik tizimdagi zo‘ravonlikka barham berolmayotgani haqida noroziliklar kuchaygan paytda o‘rtaga chiqmoqda.

O‘tgan hafta Andijonda IIB xodimlari 33 yoshli fuqaroga kuch qo‘llagani va oqibatda 11 kun behush, koma holatda yotib, so‘ngra 11 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Po‘lat Bobojonov iste’fosi va vazirlikni qaytadan tashkil qilish talab qilinmoqda.

Oliy majlis deputati Rasul Kusherbayev ham Ichki ishlar vaziri Bobojonovning iste’fosini talab qildi, keyin "Adolat" partiyasidan deputat Gulruh Agzamova Ichki ishlar vazirligini tugatish taklifini bildirdi.

2018 yil oktabr oyida Ozodlik radiosi Buxoroda militsiya zobiti mardikorni urib qovurg‘asini sindirgani haqda xabar bergandi.

Mazkur xolat bo‘yicha Buxoro tumani jamoat tartibini saqlash batalyoni safdori Jamshid Ramazonovga nisbatan 2018 yil, 29 oktabr kuni O‘zbekiston JKning 206-moddasi 1-qismi ("Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

XS
SM
MD
LG