Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:34

Qirg‘iziston sudi: Hukumat Asqarovning huquqlarini toptamagan


Azimjon Asqarov 2010 yilgi iyun voqeasida tartibsizliklarni uyushtirishda ayblangan.
Azimjon Asqarov 2010 yilgi iyun voqeasida tartibsizliklarni uyushtirishda ayblangan.

Bishkek shahar ma’muriy sudi “hukumat Asqarovning huquqlarini poymol qilmagan”, degan qarorga keldi.

Buning ortidan 15 iyun kuni Qirg‘iziston Oliy sudi O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamalgan huquq faoli Azimjon Asqarovning qirg‘iz hukumatiga qarshi arizasini ko‘rib chiqish to‘xtatilgani haqida ma’lumot tarqatdi.

Oliy sudning rasmiy xabarida bildirilishicha, Bishkek shahar ma’muriy sudi, Asqarovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan kelib chiqayotgan bahslarga “hukumat ma’muriy organ sifatida javobgar emas”, degan xulosaga kelgan.

Advokatlar pozitsiyasi

Azimjon Asqarov advokati Valeryan Vaxitov ma’muriy sudning mazkur qarorini “noto‘g‘ri”, deb hisoblaydi. Advokat bu masalada Oliy sud bergan izohdan so‘ng Asqarov ishi yuzasidan Birlashgan Millatlar Tashkilotiga tegishli hujjatlarni tayyorlayotganini aytdi:

“Mazur qaror noqonuniy. Biz bu bo‘yicha Birlashgan Middatlar Tashkilotiga qayta murojaat qilamiz. 70ga kirgan oqsoqolni umrbod qamoqda qoldirishga asos yo‘q. Oliy sud qonunga amal qilishi kerak. Asqarovga nisbatan hukm adolatsiz va noqonuniy”.

Jaloloboddagi “Spravedlivost” huquqni himoya qilish tashkiloti yuristi O‘tkir Jabborov fikricha, qonun bo‘yicha, hukumat ma’muriy organ sifatida sud oldida javob berishi kerak.

“Fuqaroviy kodeksning 61-moddasida “Hukumat ijro hokimiyatining asosi hisoblanadi. Shu sababli u javobgar sifatida sudda so‘roq beradi”, deb yozilib turibdi. Men Oliy sud bildiruviga tushunmadim”, - dedi Jabborov.

Asqarovning jamoatchi himoyachisi, “Bir dunyo – Qirg‘iziston” tashkiloti rahbari To‘leyqan Ismailova Qirg‘iziston xalqaro shartnomalar asosidagi majburiyatlarini bajarmayotganini aytar ekan, “sud, hukumat himoyachisiga aylanib qoldi”, degan fikrni bildirmoqda:

“Sud mustaqil hokimiyat sifatida qaror chiqarishi kerak. Hukumat esa, xalqaro shartnomalar va Konstitutsiyada belgilab berilgan majburiyatlarini bajarmayapti. Sud bunga ko‘z yumib, hukumatni yoqlab, uning aytganinigina bajaryapti”, -dedi Ismailova.

BMT va Xalqaro tashkilotlar pozitsiyasi

2016 yili BMTning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Asqarov qamoqda qiynoqqa solingani, tibbiy va adolatli sud bilan ta’minlanish huquqidan mahrum etilganini e’tirof etgan. BMT Qirg‘iziston hukumati Asqarovni qamoqdan ozod etishi kerakligi to‘g‘risida qaror chiqargan.

Asqarov “qirg‘iz hukumati Birlashgan Millatlar Tashkiloti takliflarini e’tiborga olmayapti”, deb Bishkek sudiga arzlangan edi.

Xalqaro tashkilotlar Asqarovga nisbatan qo‘yilgan davoga rozi bo‘lmay, uning begunoh qamoqda saqlanayotganiga ishonilishini aytib keladilar.

8 may kuni AQShning qator senatorlari Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni siyosiy motivlar asosida qamalgan mahbuslarni qamoqdan ozod etishga chaqirgan edi. Senatorlar Azimjon Asqarov ishiga ham e’tibor qaratishgan.

19 may kuni Yevropa parlamenti deputatlari Qirg‘iziston hukumatini umrbod qamalgan huquq faoli Azimjon Asqarovni qamoqdan ozod qilishga chaqirdi.

Ombudsmen pozitsiyasi

Ombudsmen To‘qo‘n Mamitov Azimjan Asqarov ishining qayta ko‘rib chiqilishi uchun qilgan harakatlari samarasiz bo‘lganini aytdi.

“Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqinglar deb qancha maktub yubordik. Huquq himoyachilar maktublarini ham tashidik. “Xalqaro tashkilotlar murojaat qilyapti ekan, endi qonunni ancha-muncha buzib qo‘yaveringlar”, ham dedik. Qo‘limizdan faqat shugina kelar ekan”, - dedi Mamitov.

Qirg‘iziston hukumati pozitsiyasi

Azimjon Asqarov masalasi 2012 yilda prezident Atambayevning Germaniyaga qilgan safari doirasida Germaniya kansleri Angela Merkel hamda 2013 yilning sentabrida Bryusselda Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan o‘tgan uchrashuvlari chog‘ida ham ko‘tarilgan.

O‘shanda prezident Almazbek Atambayev Azimjon Asqarovni oqlash uchun hech qanday sabablar mavjud emasligi to‘g‘risida bayonot bergan edi.

Azimjon Asqarovga 2015 yili AQSh Davlat departamentining “Inson huquqlari faoli” mukofoti topshirilgan. Shundan so‘ng Bishkek hukumati norozilik sifatida Vashington bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasini bekor qilgan edi.

O‘shdagi 2010 yilgi millatlararo nizo tashkilotchilaridan biri sifatida ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarovning rafiqasi Hadicha Asqarova 2018 yilning aprelida Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovga maktub yo‘llagan.

Hadicha Asqarova o‘z maktubida Azimjon Asqarov soxtalashtirilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanib, qamoqda begunoh o‘tirgani haqida yozgan. Lekin amaldagi prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Asqarov masalasi yuzasidan o‘z pozitsiyasini shu kungacha ochiq bildirmagan.

Asqarov qanday ayblov bilan qamaldi?

Jalolobod viloyati Bozorqo‘rg‘on tuman sudi Azimjon Asqarovni 2010 yilgi iyun voqeasida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish va odam o‘ldirishda aybdor degan hulosaga kelgan.

O‘sha yilning 15 sentabrida Asqarov umrbod qamoqqa hukm qilingan.

Chuy viloyat sudi 2017 yilning 24 yanvarida mazkur hukmni o‘z kuchida qoldirgan. Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqqan Oliy sud ham avvalgi instansiyaning qarorini o‘zgartirmagan.

XS
SM
MD
LG