Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:50

Arab shahzodasiga 200 gektar yerni arzon-garovga berishga doir farmoyish e’tirozlar ortidan ichki muhokamaga olindi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil mart oyida Abu Dabida shayx Mansur bin Zaid al Nahayan bilan uchrashgandi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil mart oyida Abu Dabida shayx Mansur bin Zaid al Nahayan bilan uchrashgandi.

Birlashgan Arab Amirligi Bosh vazir o‘rinbosari, Abu Dabi amirligi valiahdi, shayx Mansur bin Zaid al Nahayonga Qoraqalpog‘iston hududidan 200 gektar yer ajratish haqidagi O‘zbekiston hukumati qarori loyihasi tarmoqda norozilikka uchradi.

Bosh vazir Abdulla Aripovning imlo xatolarga to‘la farmoyishi loyihasi matni 6 iyun kuni normativ hujjatlar muhokama qilinadigan regulation.gov.uz rasmiy portalida e’lon qilingan edi.

Hujjatda shayx Mansur uchun Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumani Ustyurt mintaqasidagi Elobod ovulidan 200 gektar yerni 1 988 865 200 so‘m (qariyb 200 ming AQSh dollari) evaziga o‘n yilga ijaraga berish ko‘zda tutilgan.

Qoraqalpog‘istonliklar arab milliarderiga Ustyurtdagi yerning arzonga berilayotganiga qarshi ko‘cha yurishlari yoki namoyishga chiqishga tayyorligi haqida yozib​ chiqqani ortidan Bosh vazir farmoyishi loyihasi regulation.gov.uzdan 9 iyun kuni g‘oyib bo‘ldi.

Hukumat farmoyish loyihasining nega regulation.gov.uzdan olib tashlanganini rasman izohlamagan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidagi Ozodlik manbasi esa farmoyish bekor bo‘lmagani, ichki muhokamaga olinganini aytdi.

Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tuman hokimligi rasmiylari ham hukumat tumanning Elobod ovulidan 200 gektar yerni shayx Mansur bin Zaid al Nahayonga berish qaroridan qaytmaganini Ozodlikka tasdiqlashdi.

Tuman hokimligining Ekologiya va Orolbo‘yi hududlarini rivojlantirish bo‘yicha mutasaddisi 17 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda yer shayx Mansurga noyob qushlarga dala lageri qurish uchun berilishini aytdi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan hokimlik mulozimi bundan atrof-muhit hamda hayvonot olamiga katta naf kelishini ham qo‘shimcha qildi.

- U yerda yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan qushlarni ko‘paytirish rejalanyapti. Bundan tumanimizga ham atrof-muhitga ham foyda. Investitsiya keladi. Yana shuni ham aytishim kerakki, yer butunlay berib qo‘yilayotgani yo‘q. Agar yer maqsadga muvofiq foydalanilmasa, ziyon keltirsa ijara shartnomasi bekor qilinishi mumkin, - dedi ismi ochiqlanishini istamagan Qo‘ng‘irot tuman hokimligi rasmiysi.

Lekin, hokimlik mulozimi bosh vazirning hukumat portaliga muhokamaga qo‘yilgan farmoiyishi atrofida bildirilayotgan e’tirozlardan xabari yo‘qligini aytdi.

"1 gektar yer sal kam 100 dollarga"

Qoraqalpog‘istondagi yerni O‘zbekiston Bosh vazirining farmoyishi bilan arab shayxiga arzon-garovga berilishi mahalliy aholi noroziligiga uchradi.

Qoraqalpog‘istonlik Damir Jumanazarov ismli foydalanuvchi farmoyish hukumat portalida e’lon qilingan paytda uning ostiga yozib qodirgan izohida Ustyurtdagi har bir gektar yer Arab Amirligi shayxiga yiliga sal kam 1 million so‘m (qariyb 100 AQSh dollari)ga tushishini hisoblab chiqqani, aynan shunday yerlar mahalliy fermerlarga ikki baravar qimmatga ijaraga berib kelinganini yozgan.

Normativ hujjatlar muxokama qilinadigan regulation.gov.uz rasmiy portalidagi o‘chirilmasidan oldin ko‘chirib olingan sharxlar.
Normativ hujjatlar muxokama qilinadigan regulation.gov.uz rasmiy portalidagi o‘chirilmasidan oldin ko‘chirib olingan sharxlar.

Yorqin Bozorov ismli foydalanuvchi esa O‘zbekiston Bosh vaziri Qoraqalpog‘istondagi yerni arab milliarderiga ajratish haqida qaror chiqarib, mamlakat Konstitutsiyasini buzganiga e’tibor qaratadi.

"Qoraqalpog‘iston Respublikasi yer bilan bog‘liq masalalarni o‘zi mustaqil hal qilishi kerakku. Har xolda O‘zbekiston Konstitutsiyasida shundayku, Qoraqalpog‘istoning o‘z Vazirlar Kengashi ham borku, bu haqda qaror chiqaradigan, Qo‘ng‘irot tuman hokimligi bor, biz O‘zbekiston butunligi tarafdorimiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasi, qonunlar hurmat qilinishi kerak", - deb izoh qoldirdi Bozorov.

Altin Jag‘is ismli foydalanuvchi Qoraqalpog‘iston konstitutsiyasiga ko‘ra¸ respublika "o‘z ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini mustaqil hal qilish" vakolatiga ega ekanini eslatgan.

Farmoyish loyihasi ostiga sharh yozib qoldirganlar O‘zbekiston Konstitutsiyasini hurmat qilishlarini ta’kidlashgan.
Farmoyish loyihasi ostiga sharh yozib qoldirganlar O‘zbekiston Konstitutsiyasini hurmat qilishlarini ta’kidlashgan.

Farmoyish loyihasi ostiga ba’zi qoraqalpog‘istonliklar arab milliarderiga 200 gektar yerning "suv tekinga" berilayotganiga qarshi ko‘cha yurishlari yoki namoyishlariga chiqishga tayyorligi haqida yozib qoldirgan.

"Qoraqalpoqlar yerining arab shayxiga suv tekinga berilishiga qarshi bo‘lib turibdi, ko‘pchilik bunga qarshi namoyishiga chiqishga tayyor", - deb yozgan Ubay Irismetov ismli foydalanuvchi.

Hukumat portalida e’lon qilingan Bosh vazir farmoyishi ostiga yozib qoldirilgan sharx.
Hukumat portalida e’lon qilingan Bosh vazir farmoyishi ostiga yozib qoldirilgan sharx.

Bunday e’tirozlar ortidan 26 iyungacha regulation.gov.uz rasmiy portalida muhokamada turishi kerak bo‘lgan bosh vazir Abdulla Aripov farmoyishi 9 iyun kuni o‘chirildi.

Bosh vazir Abdulla Aripovning imlo va orfografik xatolarga to‘la farmoyishi loyihasi matni 6 iyun kuni rasmiy portalda e’lon qilingan edi.
Bosh vazir Abdulla Aripovning imlo va orfografik xatolarga to‘la farmoyishi loyihasi matni 6 iyun kuni rasmiy portalda e’lon qilingan edi.

Endilikda hujjat e’lon qilingan link bosilganda "bunday sahifa mavjud emas" yozuvi paydo bo‘ladi.

Bosh vazir farmoyishi loyihasi regulation.gov.uz rasmiy portalidan nega uch kunda olib tashlanganini hukumat izohlamadi.

Ozodlik muxbirining elektron pochta orqali yuborilgan so‘roviga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatidan ham¸ Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashidan ham javob bo‘lmadi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi mulozimlaridan biri ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka farmoyish bekor bo‘lmaganini, ichki muhokamaga olinganini aytdi.

Manbaga ko‘ra, farmoyishning umumiy muhokamadan olinishiga undagi "ba’zi xatoliklar" sabab bo‘lgan.

Ammo, qanday xatolik ekani haqda bilmasligini aytdi.

Arab shayxiga Qoraqalpog‘istondagi yer nega kerak bo‘lib qoldi?

O‘zbekiston Bosh vaziri farmoyishi loyihasida Shayx Mansur bin Zaid al Nahayon O‘zbekistonda noyob qushlarning naslini ko‘paytirish uchun Qo‘ng‘irotda 200 gektarlik dala lageri ochmoqchi ekani haqda yozilgan.

Ayni paytda yo‘qolib borayotgan qushlar aynan qanday qushlar ekani farmoyishda tilga olinmagan.

Ozodlik gaplashgan qo‘ng‘irotliklar esa, arab shayxlari Ustyurt yalangliklarida Qizil kitobga kirgan yo‘rg‘a tuvaloqlarni ko‘paytirib¸ ularni lochin yordamida ovlash rejasida ekanini iddao qildi.

- U yerda shayxning odamlari palatka qurib o‘rnashib olgan. Xorazmliklar ularning xizmatida. Drofa (yo‘rg‘a tuvaloq)larni ko‘paytirib, shuni lochin bilan ovlashni rejalashyapti. Bir necha yildan beri lochinlari bilan kelib ovlab ketishadi. Ularga tegishmasa¸ o‘zlari ko‘payavermaydimi tabiiy sharoitda, - deydi "Elobod" ovulida yashovchi qo‘ng‘irotliklardan biri.

Yo‘rg‘a tuvaloqlarga ishqi tushgan arab shahzodalari

Abu Dabi valiahd shahzodasi O‘zbekiston cho‘llaridagi noyob qushlarni ovlash uchun mamlakatga kelayotgan yagona arab zodagoni emas.​

O‘tgan yili prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarov Navoiy viloyatida yo‘rg‘a tuvaloqlarni ovlagani kelgan Dubay valiahd shahzodasi Hamdam bin Muhammad al-Maktumni shaxsan kutib olgan edi.

O‘z lochinlari bilan kelgan shahzodaga Otabek Umarov va Shavkat Mirziyoyevning yana bir kuyovi - Oybek Tursunov hamrohlik qilgani va ularga ziyofat qilib bergani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Xalqaro "Qizil kitob"ga kiritilgan yo‘rg‘a tuvaloqlarni ov qilgan shayxning o‘nlab lochinlari O‘zbekiston havo yo‘llari uchog‘ining biznes salonida Toshkentdan qaytib ketayotgani videosi tarmoqlarda bahslarni uyg‘otgan edi.

Lochin bilan ov qilish Arabiston yarim orolining uzoq yillik an’anasi hisoblanadi.

Shayx Mansur ibn Zayd an-Nahayon ham lochin yordamida yo‘rg‘a tuvaloq ovlashga ishtiyoqmand arab shahzodalaridan.

Abu Dabi shahrida Shayx Mansur nomi bilan ataladigan lochin bilan ov qilishni o‘rgatadigan maktab ham bor.

Lochin bilan ov qilishdan tashqari Shayx Mansur ibn Zayd an-Nahayon ot minish va futbolni yaxshi ko‘radi.

2008 yildan beri u Angliyaning "Manchester Siti" futbol klubiga egalik qiladi - klub aksiyalari 90 foizi egasi.

Bundan tashqari Shayx Mansur "Melburn siti" va "Nyu York Siti" klublarining 80 foizlik aksiyalariga ham egalik qiladi.

XS
SM
MD
LG