Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:43

Yuzlab qashqadaryolikni ishga yollab, maoshini to‘lamay ketgan chex shirkati faqat qog‘ozda mavjudligi ma’lum bo‘ldi


"Yes" Rossiyaning ENTER Engineering kompaniyasi bilan o‘tgan yilning may oyida Qashqadaryoning Nishon tumanida texnologik quvurlarni o‘rnatish va izolyatsiya qilish loyihasi bo‘yicha 14 million AQSh dollarilik shartnoma tuzgan edi.
"Yes" Rossiyaning ENTER Engineering kompaniyasi bilan o‘tgan yilning may oyida Qashqadaryoning Nishon tumanida texnologik quvurlarni o‘rnatish va izolyatsiya qilish loyihasi bo‘yicha 14 million AQSh dollarilik shartnoma tuzgan edi.

Qashqadaryoda ​yuzlab kishini ishga yollab, maoshlarini to‘lamay, shartnoma muddati tugashidan avval g‘oyib bo‘lgan Chexiyaning “Yes” ("Your Equipment Suppliers") shirkati atigi 1600 AQSh dollarlik ustav fondiga ega faqat qog‘ozda mavjud shirkat bo‘lib chiqdi.

"Yes" shirkati Qashqadaryoda qurilayotgan sintetik suyuq yonilg‘i zavodida texnologik quvurlarni o‘rnatish va izolyatsiyalash bilan shug‘ullangan.

Qashqadaryo viloyatida yashovchi bir guruh ishchilar Chexiya Respublikasida ro‘yxatga olingan ushbu shirkatga ishga yollanib, chuv tushganliklarini Ozodlikka aytgan edi.

Ishchilar iddaosiga ko‘ra, shartnoma asosida 150 nafarga yaqin mahalliy yigitlarni o‘tgan yilning oktabrida 3 million so‘mdan ortiq oylik va’da qilib ishga yollagan shirkat, ishchilarning ikki oylik maoshlarini to‘lamay, shu yilning martida - shartnoma muddati tugashidan avval - g‘oyib bo‘lgan.

"Yes" shirkatini O‘zbekistondagi qiymati 14 mln. dollarlik loyihaga jalb etgan Rossiyaning "ENTER Engineering" kompaniyasi matbuot xizmati "Yes" loyihani chala qoldirib, ishchilarga oylik to‘lamay ketganini tasdiqladi.

Ozodlik Chexiyadagi shirkatlar reestri orqali "Your Equipment Suppliers" ("Yes") 2017 yilda ro‘yxatga olingan, 40 ming chex kroni, ya’ni 1600 AQSh dollarlik ustav fondiga ega bo‘lgan mas’uliyati cheklangan shirkat ekanini aniqladi.

Chexiyadagi shirkatlar reestriga ko‘ra, "Yes" shirkati Praga shahrida 2017 yil aprel oyida ro‘yxatga olingan.
Chexiyadagi shirkatlar reestriga ko‘ra, "Yes" shirkati Praga shahrida 2017 yil aprel oyida ro‘yxatga olingan.

Hujjatda shirkatning egasi ozarbayjonlik Sarxan Gaydarov, shirkatning qolgan hissadorlari esa ozarbayjonlik Notiq Mikaylov va o‘zbekistonlik Bahodir Iskandarovlar ekani aytilgan.

Chexiyada ro‘yxatga olingan shirkatlar reestridan olingan hujjat.
Chexiyada ro‘yxatga olingan shirkatlar reestridan olingan hujjat.

"Your Equipment Suppliers" shirkatining reestrda keltirilgan manzili sifatida Praganing Nusle mavzesidagi ko‘pqavatli panel uylardan biridagi kvartira ko‘rsatilgan.

"Yes" shirkatining manzili joylashgan bino. Praga shahri, Nusle mavzesi.
"Yes" shirkatining manzili joylashgan bino. Praga shahri, Nusle mavzesi.

Kvartirada yashovchilar shirkatni ham, uning hissadorlarini ham bilmasliklarini Ozodlikka aytishdi.

Shirkat ta’sischisi bo‘lgan ozarbayjonlik Sarxan Gaydarovni esa, Ozodlik Chexiyadagi qurilish mollari bilan savdo qiluvchi shirkatlarni birlashtirgan "MPower" guruhidan topdi.

Shirkat saytida Sarxan Gaydarov savdo menejeri deb ko‘rsatilgan.

Ozodlik Gaydarovga qo‘ng‘iroq qilganida O‘zbekistonda ishchilar oyliksiz qolib ketgani haqdagi savolga izoh berishni istamadi.

- Men hozir boshqa ish bilan shug‘ullanyapman. O‘zbekistondagi masala bo‘yicha kimnidir shikoyati bo‘lsa, tegishli idoralar orqali chiqishlari mumkin, - dedi Gaydarov.

"Pudratchi tanlashda saboq bo‘lishi mumkin"

Qashqadaryo viloyatida UzGTL sintetik suyuq yonilg‘i zavodini ​ENTER Engineering shirkati qurmoqda.​

O‘zbekistonning davlatga qarashli "O‘zbekneftgaz" shirkati ushbu loyiha buyuritmachisidir.

2019 yil boshida Rossiyadagi "ENTER Engineering" zavod qurilishi bosh pudratchisi sifatida ishga kirishgan edi.

Shirkat saytida 2020 yil may oyiga qadar loyihaning umumiy bajarilishi 86%ga etgani aytiladi.

Loyihaning yon pudratchisi sifatida tanlangan "Yes" shirkati "ENTER Engineering" kompaniyasi bilan o‘tgan yilning may oyida loyiha bo‘yicha texnologik quvurlarni o‘rnatish va izolyatsiya qilish uchun 14 million AQSh dollarilik shartnoma tuzgani haqda "O‘zbekneftgaz" shirkati xabar bergan edi.

Bu loyihani amalga oshirish uchun "Yes" O‘zbekiston ichi va tashqarisidan 450 nafardan ziyod ishchi yollagani ma’lum.

"ENTER Engineering" matbuot xizmati "Yes" va uning ozarbayjonlik boshlig‘i loyihani chala qoldirib, shu yilning mart oyida ishchilarga oylik to‘lamay mamlakatdan ketib qolganini tasdiqladi.

"Notiq Mikaylov boshchiligidagi "YES" moliyaviy-iqtisodiy faoliyatining bema’niligini hisobga olgan holda, O‘zbekistonda karantin choralari boshlangan paytdan boshlab, 450 nafar ishchilari oldida maoshi qarzdor bo‘lib, ularni shunchaki taqdir hukmiga qoldirgan. Natijada, ba’zi xodimlar ish haqini olmasdan ishdan ketishdi, Tailand, Filippin, Bangladesh va Ozarbayjon fuqarolari orasidan 160 mutaxassis chet elda yashash uchun pulsiz qolishdi​", - deyiladi shirkat matbuot xizmati bildiruvida.

Ammo, "ENTER Engineering" Chexiyada ikki yil avval ro‘yxatga olingan va atigi 1600 dollarlik ustav fondiga ega "Yes" shirkatini nima asosda bir necha million AQSh dollarlik loyihaga jalb etgan?

Bu savolga Ozodlik shirkat "ENTER Engineering"dan aniq javob ololmadi.

Shirkat pudratchi tanlashda xatolik bo‘lganini tan olmoqda:

"Notiq Mikaylov kompaniyasiga avans to‘lovini hisobga olgan holda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 3 million 708 ming 481 AQSh dollari to‘lagan, shu bilan birga bajarilgan ishlarning haqiqiy hajmi 2 million 143 ming 127 AQSh dollari. Bunday katta miqdordagi mablag‘ qayerga sarflanganini va uning qayerdaligini taxmin qilish mumkin, kompaniya va uning xodimlari bilan barcha aloqalarni uzgan "YES" bosh direktori o‘z ishchilarini tashlab ketgan.

Ushbu yaqqol dalil pudratchini tanlashda barcha kompaniyalar uchun saboq bo‘lishi kerak, chunki inqirozli vaziyatda nafaqat ishlab chiqarish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, balki odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatadigan holatlarga sabab bo‘ladi", - deyiladi "ENTER Engineering" bildiruvida.

"Your Equipment Suppliers" shirkati ta’sischisi Sarxan Gaydarov mart oyida ishchilariga yozma murojaatida koronavirus pandemiyasi tufayli fors-major holati yuzaga kelgani, shirkat moliyaviy inqirozga yuz tutgani, "ENTER Engineering" bilan imzolagan 14 million dollarlik loyihani to‘xtatishga majbur bo‘lganini ma’lum qilgan.

Shirkat ta’sischisi o‘z xatida Yevropa va MDH bozorida sakkiz yillik tajribaga ega shirkati moliyaviy inqirozga yuz tutgani haqda yozadi.
Shirkat ta’sischisi o‘z xatida Yevropa va MDH bozorida sakkiz yillik tajribaga ega shirkati moliyaviy inqirozga yuz tutgani haqda yozadi.

Oyliksiz qolgan ishchilar

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan qashqadaryolik ishchilar iddaosiga ko‘ra, Chexiyadagi "Yes" shirkati ularni 2019 yilning avgustida “Nishon oil gaz servise” MChJ orqali ishga yollagan.

O‘zbekiston mehnat qonunchiligiga binoan mehnat daftarchalari va shartnoma asosida ishga yollagan shirkat xodimlarni avgust oyidan beri ishlatib, shu yilning 31 martida karantin munosabati bilan mehnat shartnomalarini bir tomonlama bekor qilgan.

Ishchilar iddaosiga ko‘ra, shirkat 2020 yilning fevral-mart oylari uchun hali ish haqlarini to‘lamagan.

- 150 ga yaqin kishining qariyb 1 milliard so‘mlik ish haqlari shirkat bo‘ynida qolib ketdi. Chet ellik ishchilarning oyligini "ENTER Engeneering" to‘lab berdi, biz oyliksiz qolib ketdik. Chunki ular shartnomani "ENTER Engeneering" bilan imzolagan ekan. Biz “Nishon oil gaz servise” MChJ orqali yollanganmiz, u firma "Yes" ketvorganidan keyin yopilib ketdi, - dedi nishonlik chilangar.

Ish haqlarini ololmagan yuzdan ziyod qashqadaryolik O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hamda O‘zbekiston prezidenti qabulxonasiga arz qilgani, lekin natija bo‘lmaganini aytishmoqda.

- Bosh prokuraturaga ham shikoyat kiritganmiz, prezident qabulxonasiga ham yozdik. Ko‘rib chiqamiz, deyishadi, lekin natija yo‘q, - deydi qashqadaryolik ishchi.

"ENTER Engeneering" bosh hissadori Rossiyada yashovchi o‘zbekistonlik tadbirkor, "Eriall Group" shirkati asoschisi bo‘lgan Baxtiyor Fozilov hisoblanadi.

"Eriall Group"ning esa Chexiyada ham ofisi borligi ma’lum.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan "Eriall Group" matbuot kotibi Yelizaveta Skvorsova o‘zi tamsil etayotgan shirkatning "ENTER Engeneering" amalga oshirayotgan Qashqadaryodagi loyihasiga aloqasi yo‘qligini aytdi.

"Biz "ENTER Engeneering" bilan O‘zbekistonda Toshkentdagi muz saroyini qurishda ishtirok etganmiz. Lekin, Qashqadaryodagi zavod qurilishiga Eriall Groupning aloqasi yo‘q", - dedi Skvorsova.

Chexiyada ro‘yxatdan o‘tgan 40 dollarli shirkatga Toshkentdagi yer bepul berilgan

O‘tgan hafta Ozodlik Toshkentdagi “Poytaxt” savdo markazi ro‘parasidagi avtoturargoh Toshkent shahri hokimining 2019 yil 28 martdagi 467-sonli qarori asosida Chexiyada ro‘yxatdan o‘tgan “IMP NEW PAY” kompaniyasiga tekinga, hech qanaqa tenderlarsiz berib yuborilgani haqida xabar bergandi.

“IMP NEW PAY” kompaniyasining ustavida 1000 kron (40 dollar) bor ekanini ko‘rish mumain.
“IMP NEW PAY” kompaniyasining ustavida 1000 kron (40 dollar) bor ekanini ko‘rish mumain.

Ozodlikning aniqlashicha, Chexiyaning Karlovi Vari shahrida ro‘yxatga olingan shirkatning egasi ​O‘zbekistondagi “Real House” qurilish firmasi rahbari, O‘zbekiston fuqarosi Isroil Yunusovdir.

Chexiyaning shirkatlar reestridagi hujjatda Isroilov asos solgan “IMP NEW PAY” kompaniyasining ustavida 1000 kron (40 dollar) bor ekanini ko‘rish mumain.

Chexiyadagi o‘zbekistonlik biznes doiralarga yaqin tadbirkorning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda yirik loyihalarni qo‘lga kiritayotgan shirkatlarning aksari "faqat qog‘ozda mavjud" shirkatlar ekanini aytadi.

- O‘zbekistonda ish qilayotgan chex shirkatlarini tagini qarasangiz kecha ochilgan, ta’sischisi yo o‘zbek yo o‘zimizni tomonlardan bo‘lgan odamlar bo‘lib chiqadi. Ular go‘yo chet el sarmoyachisi, deb kirib boryapti, imtiyozlarga ega bo‘lyapti. Chexiyada esa shirkatni ro‘yxatga olish juda oson va arzon. Karlovi Varida o‘tgan yili 40 dollarga ro‘yxatga olingan shirkatga bir million dollarlik yer hech qanaqa tendersiz bepul berib yuborildi. Lekin, tendersiz qilingan ishlarni ohiri voy, buni "Yes" misolida ko‘rib turibmiz, - deydi Chexiyada yashovchi o‘zbekistonlik tadbirkor.

XS
SM
MD
LG