Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:58

AQShdagi norozilik namoyishlari muammoning ildizlari chuqur ekanligini ko‘rsatdi


Kaliforniyadagi norozilik namoyishi, AQSh, 2020 yil 2 iyuni.
Kaliforniyadagi norozilik namoyishi, AQSh, 2020 yil 2 iyuni.

O‘tgan haftada AQShda yana bir qurolsiz afroamerikalik oq tanli politsiya xodimi qo‘lida halok bo‘lishi ortidan ommaviy norozilik aksiyalari boshlanib ketdi.

Minnesota shtatidagi Minneapolis shahrida oq tanli politsiya xodimi Derek Shovin qora tanli Jorj Floydni kishanlab, tizzasi bilan bo‘ynini qariyb to‘qqiz daqiqa bosib turishi ortidan halok bo‘ldi. 20 dollarlik soxta pulni ishlatishga urinishda ayblangan Floyd Shovinga bir necha marta nafas olishga qiynalayotganini aytib, faryod qilgan.

Floyd chekkan aziyatni bir necha guvoh telefoniga yozib oldi va ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishdi. Natijada Minneapolisda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.

Amerika bo‘ylab 140 dan ortiq shaharda politsiya zo‘ravonligidan g‘azablangan amerikaliklar namoyishga chiqdi. Ayrim aksiyalar davomida mahalliy do‘konlar talon-toroj qilindi, natijada ba’zi shtatlar Milliy gvardiyani safarbar qilishga majbur bo‘ldi.

Nima uchun bu masala bunchalik og‘riqli?

AQShdagi afroamerikaliklar huquq-tartibot organlari ularga xolis munosabatda emasligidan bir necha o‘n yildan beri shikoyat qilib keladi. Xususan, ular irqiy profayling, ya’ni politsiya tomonidan shaxslarning terisi rangi, millati, dini yoki jinsi tufayli to‘xtatilib, so‘roq qilinishi keng tarqalganidan shikoyat qilib keladilar.

Qora tanli amerikaliklar mamlakat aholisining 13 foizini tashkil qiladi. Ammo mahbuslarning 60 foizi afroamerikalikdir. Shuningdek, politsiya qo‘lida nobud bo‘lgan qora tanlilar soni oq tanlilarga solishtirganda ancha yuqori.

The Washington Post gazetasi to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya harakatlari tufayli o‘lganlarning 26 foizini qora tanlilar tashkil qiladi. Shuningdek, politsiya otib o‘ldirgan qurolsiz amerikaliklarning uchdan bir qismini ham afroamerikaliklar tashkil qiladi.

Sobiq politsiya xodimi Ronald Deyvis o‘tgan yilning kuzida Kongress oldida so‘zlagan nutqi davomida politsiya tomonidan ko‘plab qora tanlilar o‘ldirilayotgani tasodif emasligini aytdi:

- Bu otishlar, qonuniy yoki qonuniy emasligidan qat’i nazar, yashirin noxolis qarashlar, qora tanli erkaklardan hayiqish, irqchilik yoki bularning qorishmasi tufayli sodir bo‘layotgani haqidagi fikr xayolimdan ketmaydi.

Qora tanlilarni o‘qqa tutgan politsiya xodimlariga qarshi chora ko‘rildimi?

Oq tanli politsiyachilar qora tanli shaxslarga qarshi oshiqcha kuch ishlatganini ko‘rsatuvchi video dalillar bo‘lsa-da, ular ko‘p holatlarda oqlanadi. Shuning uchun Amerikadagi afroamerikaliklar politsiya ularga xolis munosabatda emasligiga ishonadilar.

2013 yilda yonida quroli bo‘lmagan, 17 yashar qora tanli Travon Martin otasini ko‘rgani borgan paytda 28 yoshdagi oq tanli politsiya xodimi Jorj Simmerman tomonidan otib o‘ldirildi. Sud Simmermanni qotillikda aybdor deb topmadi. Natijada Black Lives Matter – «Qora tanlilarning hayoti ham muhim» harakati boshlanib ketdi.

Bunday namoyishlar tez-tez sodir bo‘ladimi?

2014-2016 yillar orasida ko‘p sonli qora tanlilarning politsiya xodimlari tomonidan o‘ldirilgani politsiya zo‘ravonligiga qarshi norozilik aksiyalariga turtki bo‘ldi.

2014 yilning iyulida oq tanli politsiya xodimlari Erik Garnerni noqonuniy tarzda tamaki sotishda ayblab, to‘xtatdi. Yonida quroli bo‘lmagan Garnerni politsiya yerga yotqizganini o‘tkinchilar videoga yozib oldi. Politsiya xodimlaridan biri 43 yoshdagi qora tanli Garnerning bo‘ynini bo‘g‘di. Havo yetishmayotganini bir necha marta aytgan Garner oradan ko‘p o‘tmay jon berdi. Ammo uning o‘limiga sabab bo‘lgan ofitser aybsiz deb topildi.

Garner o‘limidan bir oy o‘tib, politsiya xodimi Ferguson shahrida o‘smir Maykl Braunni otib o‘ldirdi. Braun o‘ldirilgan paytda uning yonida quroli yo‘q edi. Uni o‘ldirgan politsiyachi o‘zini himoya qilish uchun o‘t ochganini aytdi va sudda aybsiz deb topildi.

Bunday namoyishlar qachondan beri sodir bo‘lib keladi?

AQShda 1960- yillarda afroamerikaliklar hibsga olinishi ortidan bir necha norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan.

1965 yilning avgustida politsiya 21 yoshdagi qora tanlini avtomobilini ehtiyotsiz haydagani uchun to‘xtatdi. Uning politsiya bilan to‘qnashuvi ortidan politsiya zo‘ravonligi va og‘ir yashash sharoitlariga qarshi norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Olti kun davom etgan tartibsizliklar davomida 34 nafar odam nobud bo‘ldi, yuzlab imorat ziyon ko‘rdi.

1967 yilda asosan oq tanli politsiya xodimlari tomonidan qora tanlilarning hibsga olinishi ortidan Nyu-Jersi va Michigan shtatlarida yana norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Barcha holatlarda vaziyatni nazoratga olish uchun Milliy gvardiya safarbar qilindi.

1992 yilda oq tanli politsiya xodimlari qora tanli Rodni Kingni dubulg‘a bilan ayovsiz kaltaklayotganini videoga tushib qoldi. Buning ortidan Amerika bo‘ylab politsiyaning qora tanlilarga nisbatan zo‘ravonligi yana qizg‘in muhokama qilindi. Kingni kaltaklagan politsiya xodimlari aybsiz deb topilishi ortidan Los-Anjelesda norozilik namoyishlari va tartibsizliklar boshlandi, o‘nlab odam nobud bo‘ldi.

Ayni damda sodir bo‘layotgan namoyishlarda COVID-19 pandemiyasining roli bormi?

Davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi barcha qatori qora tanli amerikaliklarni ham mushkul ahvolga soldi. Ammo shtatlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, afroamerikaliklar virusni ko‘proq yuqtirdi, o‘lganlar orasida ham qora tanlilar soni ko‘proq.

Mutaxassislarning aytishicha, bu holat afroamerikaliklar gavjum mahallalarda yashashi hamda tibbiy xizmatlardan oq tanlilar bilan teng ko‘lamda foydalana olmasligi bilan bog‘liq. Shuningdek, ko‘plab qora tanli amerikalik olisdan bajarib bo‘lmaydigan ishlarda ishlaydi. Bu esa ularning virusga chalinish ehtimolini oshirdi.

Keyingi oylarda aholi g‘azabini kuchaytirgan qanday hodisalar sodir bo‘ldi?

May oyida irqchilik bilan bog‘liq tanglik allaqachon keskinlasha boshlagan edi. 5 may kuni qo‘liga qurol tutgan ikki nafar oq tanli shaxs bir nafar afroamerikalikka hujum qilgani aks etgan video tarqaldi.

23 fevralda esa nafaqadagi politsiya ofitseri Gregori Makmaykl hamda uning o‘g‘li Trevis Makmaykl kuppa-kunduz 25 yoshdagi Ahmod Orberining yo‘lini to‘sdi. Makmaykllarning so‘zlariga ko‘ra, ular Orberi yaqinda sodir etilgan ikki o‘g‘rilikka aloqador bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilishgan. Trevis Makmaykl va Orberi janjallashib qolishi ortidan Makmaykl uni otib o‘ldirdi. Bu holat ortidan ham mahalliy norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Ushbu holat haqida politsiyaga boshidan ma’lum bo‘lgan bo‘lsa-da, to‘qnashuv videosi keng tarqalganidan keyingina ota-o‘g‘il Makmaykllar qo‘lga olindi.

25 may kuni qora tanli Kristian Kuper Nyu-Yorkdagi markaziy parkda itini sayrga olib chiqqan oq tanli ayolni qoidalarga amal qilishga va itini bog‘ichga boylashga chorladi. Oq tanli ayol esa politsiyaga telefon qilib, afroamerikalik erkak unga tahdid solayotganini iddao qildi.

Kuper bu holatni videoni yozib oldi, uning singlisi esa uni Internetda ulashdi. Video tez orada 40 million martadan ko‘p ko‘rildi.

Hukumat qanday chora ko‘ryapti?

Ayni damda AQSh kongressi irqiy profaylingni tugatish qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Loyihada politsiyaning irq, millat, din va jins asosida xulosa chiqarishini va chora ko‘rishini man etish nazarda tutilgan.

O‘tgan yilning sentabrida Kongress politsiya faoliyatini ko‘rib chiqib, politsiya va afroamerikaliklar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash hamda quroli bo‘lmagan va tahdid tug‘dirmaydigan qora tanlilarning politsiya tomonidan o‘ldirilishini tugatish masalasida mutaxassislar fikrini eshitdi.

Afroamerikaliklar yetakchilari nima demoqda?

Sobiq prezident Barak Obama – Oq uyga saylangan ilk afroamerikalik shaxs – 1 iyun kuni e’lon qilingan maqolasida sodir bo‘layotgan namoyishlarni Amerikada politsiya hamda adliya tizimlaridagi kamchiliklar keltirib chiqarganiga oid asosli xavotirlar borligini yozdi.

Ammo Obama talon-toroj va tartibsizliklarni to‘xtatishga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG