Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:30

Toshkent, Ostona va Bishkek kichik biznesni “koronavirusdan davolashga” urinmoqda


Karantin davrida bozori kasod bo‘lgan toifalardan biri taksichilardir.
Karantin davrida bozori kasod bo‘lgan toifalardan biri taksichilardir.

O‘zbekistonda kichik tadbirkorlik subyektlari joriy yilning 1 iyunidan 1 sentabrigacha mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilindi.

Bu koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab‑quvvatlash maqsadida O‘zbekiston prezidenti 18 mayda imzolagan farmonda belgilab qo‘yilgan choralardan biridir.

Ayni paytda O‘zbekistonning qo‘shnilari - Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham kichik biznesni saqlab qolish uchun choralar ko‘rmoqda.

Prezident farmonni imzolagan kunning ertasi – 19 mayda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Sartarosh va taksichiga yengillik

Davlat rahbari matbuot xizmatining yig‘ilish haqidagi hisobotidagi sartarosh, etikdo‘z, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, tarjimon, dizayner, kompyuter dasturchisi kabilar uchun quvonchli xabar budir:

O‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad solig‘idan ozod qilinadi.

“O‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari (ular qatorida yuqorida tilga olinganlar ham bor -tahr.) daromad solig‘idan ozod qilinadi. Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilish kifoya".

Iqtisodiy tahlillari bilan tanilgan bloger Bakiroo o‘zining Telegram-kanalida hukumatning bu chorasini sharhlar ekan, yozdi:

“Ayniqsa O‘zbekistonimizda taksichilik qilib bola-chaqa boqayotgan, birovga og‘iri tushmaydigan, lekin soliqchi, melisa va "daryotrans"dagilarning asosiy o‘ljasiga aylangan yuzminglab fuqarolarimizning mushkuli oson bo‘lgani uchun judayam xursandman”.

O‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari qatorida taksichilar ham 3 oyga daromad solig‘idan ozod qilinadi.
O‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari qatorida taksichilar ham 3 oyga daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Yangi deb taqdim etilgan eski imtiyoz

Ayni paytda bloger Bakiroo yana bir postida o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaganlarga berilayotgan imtiyoz, aslida, yangi gap emasligini eslatdi:

“O‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan daromadlardan daromad solig‘i undirilmasligi o‘tgan yili qabul qilingan hukumat qarorida belgilangan ekan va bu qoidalar yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga ham kiritilgan. Ya’ni, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlar jami daromadlar tarkibiga kiritilmaydi”.

Iqtisodchi bloger hukumat tasdiqlagan ro‘yxatga ko‘ra o‘zini o‘zi band qilgan faoliyat turlari hozirda 24 taligini xabar qilar ekan, prezidentnig kechagi topshirig‘idan keyin mana shu ro‘yxat 60tagacha ko‘paytirilishi mumkin, deb hisoblashini bildirgan.

Prezidentning 18 maydagi farmoni va 19 maydagi yig‘ilishdagi chiqishlarida juda ko‘p raqamlar keltirilgan. O‘sha raqamlardan ba’zilari mana bu parchada keltirilgan:

“500 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari va 100 mingga yaqin aholiga qo‘shimcha 1,7 trillion so‘mlik ko‘mak beriladi”.

1,7 trillion so‘m taqriban 170 million AQSh dollaridir – katta pul. Biroq u qancha katta ko‘rinmasin, 500 mingdan ortiq tadbirkor va 100 mingga yaqin aholiga taqsimlansa, “katta pul”ligi qolmaydi. Bas, shunday ekan, bu pulga biznes qilib bo‘ladimi?

Hisob-kitobdan paydo bo‘lgan shubhamizga javoban iqtisodchi olim Saparboy Jubayev bunday dedi:

O‘zbekiston hukumati bu pullarni yeb ketishga berayotgani yo‘q.

“Siz nega bu pulni teng taqsimlaydi, deb o‘ylayapsiz. Biroviga $600, boshqasiga $10 berar. Lekin bir narsaga ahamiyat berishingiz kerak, O‘zbekiston hukumati bu pullarni yeb ketishga berayotgani yo‘q. Biznesni to‘xtatmaslik uchun beryapti. Ertaga bu pulning hisob-kitobi so‘raladi”.

Davlat rahbari matbuot xizmatinining 19 yda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga doir hisobotida mana bunday deyilgan:

Pandemiya tufayli kambag‘al aholi va ishsizlar soni oshishi, oilalar daromadi kamayishi tayin.

“Pandemiya tufayli kambag‘al aholi va ishsizlar soni oshishi, oilalar daromadi kamayishi tayin. Shu sababli qisqa fursatda yangi ish o‘rinlari yaratish uchun kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash zarur”.

"Biznes mashinasini aholiga pul tarqatish bilan yurgizib yuborish mumkin"

Prezident 19 mayda o‘tkazgan yig‘ilishdan ikki oy oldin, 19 martda gazeta.uz o‘zbekistonlik iqtisodchi, Medisondagi Viskonsin universiteti (AQSh) doktoranti Behzod Hoshimovning maqolasini bosgan edi.

Iqtisodchi olim koronavirus tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy bo‘hrondan chiqish choralari sifatida shu paytgacha ham imtiyozlardan foydalanib kelgan ba’zi davlat korporatsiyalarini (masalan, Milliy aviakompaniya) qo‘llab-quvvatlamaslik kerakligidan ogohlantirgan.

Behzod Hoshimov aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pulli yordam ko‘rsatish orqali iste’molni rag‘batlantirishni tavsiya etgan edi. Iqtisodchi fikricha, agar mamlakatdagi 5 million xonadonning har biriga 100 dollarga teng pul tarqatilsa, (jami 5 mln dollar) bu pullar ertasigayoq bozorga qaytib boradi va iqtisodiyot mashinasi yurib ketadi.

Ostona temir sandiqdagi $100 milliardini maydaladi

Olmaotadagi avtomobillarga xizmat ko‘rsatish sexi karantin choralari yumshatilgach, qayta ish boshlamoqda. 2020, may.
Olmaotadagi avtomobillarga xizmat ko‘rsatish sexi karantin choralari yumshatilgach, qayta ish boshlamoqda. 2020, may.

Qozog‘iston hukumati ham koronavirus pandemiyasi zarbasini yegan kichik biznesni saqlab qolishga urinmoqda.

“Qozog‘iston hukumatining maxsus jamg‘armasi bor va shu jamg‘armadan kichik biznesga 1 trillion tangaga (taqriban $200 mln) yaqin mablag‘ korxonalarga subsidiya qilib berilyapti”¸ dedi Ostona ko‘rayotgan shoshilinch choralar to‘g‘risida iqtisodchi olim Saparboy Jubayev.​

Suhbatdosh aytgan 200 mln dollarlik subsidiya masalasiga chuqurlashmadikda, undan vaziyatni 10 kishi ishlaydigan chog‘roq tikuvchilik sexi misolida tushuntirib berishni so‘radik.

Saparboy Jubayevning aytishicha, biz faraz qilgan sex koronavirusdan qo‘rqib 2 oy ishlamadi va shu muddat uchun hamda yana 3-4 oyga soliqlardan ozod qilinadi. Ishsiz uyda o‘tirgan ishchilarga esa, ish beruvchi ular odatda oladigan oylik ish haqining 40 foizigacha bo‘lgan miqdorda pul beradi. Sex ishchilarga beradigan pulni hukumat jamg‘armasidan ajratiladigan kredit hisobidan to‘laydi. Bu kredit deyarli foizsiz va korxona uni ishga tushganidan keyin 1 yil muddatda qaytarib bersa bo‘ladi.

Qozog‘iston neft bahosi juda baland bo‘lgan 2001-2010 yillarda qariyb 100 mlrd dollar pulni milliy jamg‘arma sifatida qora kunga saqlab qo‘ya olgan.

Iqtisodchining aytishicha, O‘zbekistondan farqli o‘laroq, iqtisodiy bo‘hrondan chiqish uchun Qozog‘istonning moliyaviy imkoniyatlari kengroq. “Neft bahosi juda baland bo‘lgan 2001-2010 yillarda qariyb 100 mlrd dollar pulni milliy jamg‘arma sifatida qora kunga saqlab qo‘ya olgan. Koronavirus boshlangach, o‘sha puldan 18 milliardini sarfladi” ¸dedi Saparboy Jubayev.

Qirg‘izistonning tikuvchilik sanoati 90%ga qisqarib ketishi kutilmoqda

Bu prognoz Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YOII) Iqtisodiy komissiyasi hisobotida keltirilgani to‘g‘risida 20 may kuni Azattiq radiosi xabar qildi.

Qirg‘iziston yalpi ichki mahsulotining 70 foizi kichik va o‘rta biznes hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qirg‘iziston iqtisodiyotida ulushi katta bo‘lgan tikuvchilik sanoati asosan kichik korxonalardan iborat. Koronavirusdan saqlanish uchun e’lon qilingan karantin bu korxonalarning ishini to‘xtatib qo‘ydi.

Koronavirus pandemiyasi boshlangunicha yengil sanoatning Qirg‘iziston iqtisodiyotidagi o‘rni juda katta bo‘lgan. Bishkekdagi tikuvchilik sexi.
Koronavirus pandemiyasi boshlangunicha yengil sanoatning Qirg‘iziston iqtisodiyotidagi o‘rni juda katta bo‘lgan. Bishkekdagi tikuvchilik sexi.

Qirg‘izistonlik iqtisodiy tahlilchi Erkin Abdrazaqov mamlakat hukumati kichik biznesga berishga urinayotgan yordam to‘g‘risida Ozodlikka bunday dedi:

“Qirg‘iziston yalpi ichki mahsulotining 70 foizi kichik va o‘rta biznes hissasiga to‘g‘ri keladi. Kichik biznesga yordam masalasiga kelsak, agar korxonalar kredit olgan bo‘lsa, banklar ustama foiz hisoblashni 3 oyga to‘xtatib qo‘yganini aytishim mumkin. Bundan tashqari 11 maydan boshlab ba’zi korxonalarga, agar sanitariya talablariga rioya qiladigan bo‘lsa, ishlashga ruxsat berildi. Hukumat foizi past – 6 foizli kreditlar berishni va’da qilgan. Lekin bu ish hali boshlangani yo‘q”.

Qirg‘iziston YOII a’zo bo‘lib kirgan, lekin Qozog‘istonning chegarasidan o‘tib, Rossiya va boshqa mamlakatlar bozorlariga yetib borish masalasi hal bo‘lmagan

Erkin Abdrazaqovning aytishicha, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi bilan bandlar koronavirus karantini sharoitida ham o‘z ekinlarini ekib oldi.

"Lekin yetishtirilgan hosilni eksport qila olamizmi? Bu masala ochiq qolmoqda. Qirg‘iziston YOII a’zo bo‘lib kirgan, lekin Qozog‘istonning chegarasidan o‘tib, Rossiya va boshqa mamlakatlar bozorlariga yetib borish masalasi hal bo‘lmagan", dedi qirg‘izistonlik iqtisodiy tahlilchi Erkin Abdrazaqov.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG