Koronavirusdan eng ko‘p ziyon ko‘rgan Osiyo va Yevropa davlatlarida joriy qilingan karantin choralari birin-ketin bekor qilinmoqda.
Aksar Yevropa davlatida virusga chalinish, o‘limlar hamda shifoxonaga yotqizishlar soni ozaya boshladi, iqtisodning ayrim segmentlari ochildi.
Bugunga qadar Yevropada yangi koronavirus keltirib chiqaradigan COVID-19 infeksiyasi 152 mingdan oshiq odam umriga zomin bo‘ldi.
Yoz oylari yaqinlashar ekan, Yevropa hukumatlari turizm sanoatini ochish taraddudini ko‘rmoqda.
Iyun oyiga qadar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasida joriy qilingan cheklovlar bekor qilinadi.
Germaniya Lyuksemburg, Shvetsiya, Fransiya va Avstriyaga sayohat bo‘yicha joriy qilingan cheklovlarni bekor qildi, yaqin kunlarda Daniya bilan chegarasini ham ochmoqchi.
Fransiya, Italiya va Gretsiyada sohillar ochildi, ammo ko‘plab sohillarda kunda toblanishga hali izn berilmadi.
Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte iqtisodni qayta ochish virus yangidan tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkinligini tan oldi, ammo bunday chora ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Italiyada virus bugunga qadar 32 mingga yaqin o‘limga sabab bo‘ldi. 18 maydan boshlab mamlakatda do‘konlar, barlar, kafelar, restoranlar va muzeylar o‘z eshiklarini ochadi.
Germaniyada 16 maydan bo‘sh stadionlarda futbol o‘yinlari boshlandi. Ayni kunda mamlakat bo‘ylab cheklovlarga qarshi namoyishlar o‘tkazildi. Yangi Zelandiyada esa bosh vazir o‘zi joriy qilgan cheklov tufayli mahalliy kafelarning biriga kiritilmadi.
Koronavirus statistikasini olib borayotgan Jons Xopkins universitetining bildirishicha, jahonda koronavirusdan o‘lganlar soni 313 mingdan oshdi, 1,8 million bemor sog‘aydi. Koronavirus yuqtirganlar soni esa 4,7 milliondan oshdi.
Halok bo‘lganlar soni bo‘yicha AQSh birinchi o‘ringa chiqdi.
Mamlakatda virusga chalinganlar soni 1,5 milliondan, virus tufayli nobud bo‘lganlar soni 90 mingdan oshdi.
AQShda pandemiya nazorat ostiga olinmagani haqidagi xavotirlarga qaramasdan, ko‘plab shtatda cheklovlar bekor qilindi. 36 millionga yaqin shaxs ishsiz qolgani uchun virus yanada tez tarqalishi haqidagi xavotirlarga qaramasdan, mamlakat iqtisodini qayta yo‘lga qo‘yish uchun chora ko‘rilmoqda.
Braziliya va Meksika esa pandemiyaning yangi o‘choqlariga aylanmoqda.
Braziliyada koronavirus yuqtirganlar soni 233 mingdan, halok bo‘lgan soni esa 15 mingdan oshdi. Meksikada esa virusga chalinganlar soni 47 mingdan, virus tufayli halok bo‘lganlar soni 5 mingdan o‘tdi.
Virus ilk marotaba qayd etilgan Xitoyda esa kuniga juda oz virus yuqtirish holati qayd etilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda keyingi oy davomida birorta ham bemor virus tufayli halok bo‘lmadi.
Ammo Xitoy rasmiylari tarqatayotgan sonlarga shubha bildirilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga qadar Xitoyda virus 82 mingdan oshiq shaxsga yuqdi, ularning 4633 nafari nobud bo‘ldi.