Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:37

Muhtojlarga yordamlar tadbirkorlardan "majburiy-ixtiyoriy" undirilmoqda


Toshkentdagi taqsimot markazida oziq-ovqatlar muhtojlarga tarqatilmoqda.
Toshkentdagi taqsimot markazida oziq-ovqatlar muhtojlarga tarqatilmoqda.

O‘zbekistonda karantin davrida qiynalib qolganlarga hayriya mablag‘lari tadbirkorlardan ixtiyoriy-majburiy ravishda undirilayotgani haqida Ozodlikka xabarlar kelmoqda.

Ayrim tadbirkorlar karantin davrida o‘zlari mushkul ahvolga tushib qolgan bir paytda hokimliklar muhtojlarga yordam berishga majburlayotganini aytdi.

Ba’zi davlat idoralarida esa xodimlarning oylik maoshlaridan kam ta’minlangan aholiga yordamga, deb ushlab qolinayotgani holatlari ham uchramoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan tadbirkorlar karantin davrida hayriyaga qarshi emasliklari, lekin davlat tarafidan markazlashtirilgan ehson yig‘ish va tarqatish tizimiga ishonqiramay qarayotganliklarini aytishadi.​

Ehsonlarni yig‘ish va tarqatishni nazorat qilayotgan O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rasmiylari tadbirkorlar va o‘ziga to‘q oilalar karantin davrida qiyin ahvolda qolganlarga ko‘ngilli yordam berayotgani va jarayonning to‘laligicha shaffofligini aytishdi.

Buxorodagi oziq- ovqat do‘konining egasi 23 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda shahar hokimligi xodimlari uni hayriya ishlariga hissa qo‘shishga qanday majburlaganini so‘zlab berdi:

- O‘tgan xafta kelishgandi. Kreditinga yordam beramiz, yengilliklar bo‘ladi, yordam qil, deyishdi. Yo‘q, desam muammo yaratishlari mumkinligiga shama qilishadi. Muammo yaratishadi. Hech kim ertaga sababsiz do‘koni yopilib ketishini istamaydi. Majburmiz. Shunga yigirma qop un, besh qop guruch yana besh qop shakar, bir quti o‘simlik yog‘ini taqsimlash markazga olib borib berdim. O‘tgan kun yana kelishdi. Men yordam berishga qarshi emasman, lekin bizni ahvolimizni ham tushunishsin-da. Hozir o‘zimizga ham qiyin bo‘lyapti, savdo yo‘q, chetdan mol to‘xtagan, - dedi ismi-sharifi ochiqlanmasligini so‘ragan buxorolik tadbirkor.

Ba’zi davlat idoralarida esa xodimlarning oylik maoshlaridan kam ta’minlangan aholiga yordamga, deb ushlab qolinayotgani holatlari ham uchramoqda.

Jizzax viloyat davlat soliq boshqarmasida ishlovchi xodimning 23 aprel kuni Ozodlikka aytishicha, 7 kunlik ish haqi kam ta’minlanganlarga hayriyaga deb ushlab qolingan.

- Bizdan qolgan oylik ish haqlarimizning xaftaligini aholining kam ta’minlangan qatlamiga o‘tkazishni talab qilshmoqda. Vaholanki, hozirda oilada yakka boquvchi bo‘lgan xodimlarning aksariyatida ushbu 7 kunlik ish haqlarini o‘tkazib berishga hoxishlari yo‘q, buni rahbariyatga aytsa, ishdan ketishidan qo‘rqib qolishgan bir soliqchi sifatida oylik ish haqi olmasdan qanday yashash mumkin, buning oqibatida oilasini boqa olmay qolishi natijasida korrupsion harakatlarga yo‘l qo‘yishi mumkin-ku?!- deydi ismi-sharifi ochiqlanmasligini so‘ragan jizzaxlik soliqchi.

Yordamlar asosan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat.
Yordamlar asosan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat.

Yordamlar muhtojlarga yetib boryaptimi?

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan tadbirkorlar karantin davrida hayriyaga qarshi emasliklari, lekin davlat tarafidan markazlashtirilgan ehson yig‘ish va tarqatish tizimga ishonqiramay qarayotganliklarini aytishadi.

Andijon shahrida yashovchi ismi-sharifi ochiqlanmasligini so‘ragan savdogarning Ozodlikka aytishicha, mahalla raisi bir necha kishi bilan uning uyiga kelib, muhtojlarga ehson berishni talab qilgan.

- Men allaqachon yordamni muhtojligi bor oilalarga berdim. Men mahallada kim yordamga muhtoj ekanini bilaman, o‘z qo‘lim bilan olib borib berdim, desam, bular mumkin emas, hozir karantin, taqsimot markaziga olib borish kerak, deyishdi. Orasida mahallani mullasi ham bor, Ramazon payti fitrni ham shu markazga beringlar, dedi. Men hayriyaga qarshi emasman. Lekin u markazdan bizni hududdagi muhtoj oilaning birontasiga yordam tekkanmi? Qayerga ketyapti shuncha yordam? Savollarimga javob ololmadim.

Hukumat rasmiylari esa tadbirkorlar va o‘ziga to‘q oilalar karantin davrida qiyin ahvolda qolganlarga ko‘ngilli yordam berayotganini aytishadi.

Toshkentning Yunusobod tumanida muhtojlarga yordamlar tarqatilmoqda.
Toshkentning Yunusobod tumanida muhtojlarga yordamlar tarqatilmoqda.

Ehsonlarni nazorat qilayotgan O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mulozimining Ozodlikka aytishicha, oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rinishidagi yordamlar har bir shahar va tumanda tashkil etilgan yordamlarni muvofiqlashtirish markazlarida to‘planmoqda va tarqatilmoqda.

Vazirlik rasmiysi qo‘ldan-qo‘lga o‘tib dezinfeksiyalanmagan xayriya mahsulotlarining aholiga tarqalishi oldini olish uchun bu tizim markazlashtirilganini aytishdi.

- Hammasi ko‘ngilli bo‘lyapti. Yirik firmalardan tortib mayda tadbirkorlar qurbi yetganicha olib kelib beryapti. 500 qop uni olib kelgan firmalar bor. Ayrim oilalar ro‘zg‘oridan orttirganini keltiryapti. Shu kunning o‘zida yordamlar ko‘ngillilar ko‘magida muxtoj oilalarga yetkazilyapti. Nimaga odamlarni o‘zlari muhtojlarga olib borib bermasin, deyapmiz. Ba’zilar o‘ylashi mumkin, bu yordamlarni o‘marish uchun, deb yo‘q. Maqsad dezinfeksiyalanmagan mollar tarqalishining oldini olish.

Toshkent shahar hokimligi esa ehsonlarni tarqatish shaffofligini ta’minlash maqsadida telegram kanalida kunlik hisobotlarni berishni yo‘lga qo‘ygan.

"Murad Building" shirkati 500 qutida oziq-ovqat, "O'zgarish agro ta'minoti" 700 kilo guruch, poytaxtning sahiy fuqarolaridan muvofiqlashtirish markazga 2 tonna muzlatilgan tovuq yetkazgani haqida peshma-pesh ma’lumot berib borilmoqda.

Yordam berayotganlar orasida siyosiy partiyalar ham bor.

Hokimlik kanalida keltirilishicha, 22 aprel kuni “O’zLiDeP“ Toshkent shahar kengashi, “Nau CO” MChJ, “InfinBank” banki tomonidan Yagona muvofiqlashtirish markaziga
- 1764 kg un;
- 457 kg guruch;
- 430 kg shakar;
- 454 litr o‘simlik yog‘i;
- 210 kg kartoshka;
- 280 kg piyoz;
- 7,5 ming dona tuxum;
- 852 kg makaron mahsulotlari;
- 103 dona mayonez yetkazgan.

Hokimlik Telegram kanalida bildirilishicha, 22 aprel kuni shahardagi 317 ta mahallaning 2278ta oilasiga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilgan.

Ayni paytda Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan samarqandlik bloger Rasul Jonuzoqov markazlashtirilgan xayriyalar doirasida asosiy e’tibor Toshkent shahriga qarab qolayotganini aytadi.

- Bir haftada Toshkentda yigirma mingga yaqin oilaga yordam tarqatildi. Samarqandda men yashaydigan mahallada yordam olgan oilani bilmayman. Qolaversa, yordamlar nima asosda yetkazib beriladi, oyligi qanchadan past bo‘lishi kerak, bu haqda hech qayerda ma’lumot yo‘q, - deydi samarqandlik bloger.

Buning oqibatida esa, bloger fikricha, ehtiyojmandlar yordamdan chetda qolmoqda.

Ozodlik koronavirus pandemiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi ortidan mamlakatda yuzaga chiqqan vaziyatni kuzatishda davom etadi. Vaziyatga oid fakt va ma’lumotlarni Ozodlik orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin.

Buning uchun Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga xabar yuboring.

XS
SM
MD
LG