Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:35

G‘afur Rahimov AQSh sudida yutqazdi. U "jinoiy guruh yetakchilariga qarshi sanksiyalar ro‘yxati"da qoldirildi


Sud ajrimida aytilishicha, G‘afur Rahimov o‘zining jinoyat olami bilan aloqasi yo‘qligini isbotlay olmagan.
Sud ajrimida aytilishicha, G‘afur Rahimov o‘zining jinoyat olami bilan aloqasi yo‘qligini isbotlay olmagan.

AQSh sudi o‘zbekistonlik tadbirkor, Xalqaro boks uyushmasi – AIBA sobiq prezidenti G‘afur Rahimovni uyushgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilariga qarshi sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarmadi. Bu haqda 21 aprel kuni bir qator axborot agentliklari va gazetalar xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, G‘afur Rahimov AQShning qora ro‘yxatiga noqonuniy kiritilganini va o‘zini bu ro‘yxatdan chiqarishni iltimos qilib ariza kiritgan. Ammo Kolumbiya okrug sudi G‘afur Rahimovning bu arizasini qanoatlantirmadi.

“Sud da’vogarning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgani asosli bo‘lgan, deb hisoblaydi va bu masalaga qaytish uchun protsessual muammolar ayni paytda mavjud emas. Yashirincha tasvirga tushirilgan video sud tomonidan ko‘rib chiqildi. Bu videoda Rahimovning jinoyat olami avtoritetlari bilan aloqasi to‘g‘risida qo‘shimcha dalil-isbotlar mavjud”, deyiladi sudya Jeyms Bosberg chiqargan ajrimda.

Sud ajrimida aytilishicha, G‘afur Rahimov o‘zining jinoyat olami bilan aloqasi yo‘qligini va sudga taqdim etilgan videoyozuv noto‘g‘ri ekanini asoslovchi dalillarni taqdim eta olmagan.

Rahimov AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanktsiyalari ro‘yxatiga ilk bor 2012 yilning 23 fevral kuni "Yevroosiyodagi jinoiy sindikat" yetakchilaridan biri sifatida kiritilgan edi.

"Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda"¸ deb yozilgan AQSh Moliya vazirligi o‘z rasmiy saytida 2013 yil 30 oktabrida e’lon qilgan hujjat matnida.

Ayni shu sanada AQSh Moliya vazirligi G‘afur Rahimovga aloqador deb ko‘rilgan yana olti shaxs va to‘rt shirkatga nisbatan jazo choralari joriy qilgan edi.

Bu ro‘yxatga nomlari kiritilgan shaxs va shirkatlarning AQSh banklaridagi hisoblarini muzlatilgan va AQSh fuqarolarining ular bilan har qanday hamkorligi taqiqlangan.

G‘afur Rahimov AQSh qora ro‘yxatiga kiritilgani munosabati bilan 2019 yilning 22 mart kuni AIBA prezidenti lavozimidan iste’fo berishga majbur bo‘lgan edi. G‘ofur Rahimov Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti lavozimiga 2018 yil noyabr oyida tashkilotning Moskvada bo‘lgan yig‘inida saylangan edi.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi o‘shanda Rahimovga o‘z nomzodini olishni tavsiya qilgan, aks holda Olimpiada dasturidan boks chiqarib yuborilishi haqida ogohlantirgan edi.

XS
SM
MD
LG