Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:36

Hukumat byudjetni qisqartirayotgan bir sharoitda boshqa davlatlarga yordamni kuchaytirmoqda


O‘zbekistonning o‘zida un va kartoshka qimmatlab ketgani, ba’zi holatlarda esa, taqchillashgani ham kuzatilmoqda Do‘kon oldidagi navbat. Jizzax viloyat, Paxtakor tumani. Aprel, 2020.
O‘zbekistonning o‘zida un va kartoshka qimmatlab ketgani, ba’zi holatlarda esa, taqchillashgani ham kuzatilmoqda Do‘kon oldidagi navbat. Jizzax viloyat, Paxtakor tumani. Aprel, 2020.

O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasiga 18 mlrd. 548 mln. so‘mlik, umumiy og‘irligi 195 tonnalik insonparvarlik yordami jo‘natdi.

Shunday qilib, koronavirusdan saqlanish uchun O‘zbekiston insonparvarlik yordami ko‘rsatgan davlatlar yana bittaga ko‘paydi.

O‘zbekiston hukumati bunday yordamlarni koronavirusga qarshi kurash tufayli ayrim davlat dasturlariga sarflanadigan mablag‘larni qisqartirayotgan bir paytda ko‘rsatmoqda.

Byudjetini qisqartirayotgan sharoitda boshqa davlatlarga yordam berayotgan O‘zbekistonning o‘zi ham xalqaro moliyaviy tashkilotlardan, ba’zi chet davlatlardan, xususan AQShdan yordam olmoqda.

Uzbekistan24 telekanalining xabar qilishicha, O‘zbekistondan Rossiyaga jo‘natilgan yuk tarkibida “koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda qo‘llaniladigan zarur tibbiyot vositalari”mavjud.

RIA Novosti axborot agentligining 18 aprelda Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Aleksey Overchukka tayanib xabar qilishicha, O‘zbekistonning insonparvarlik yordami ortilgan samolyot Sheremetyevo aeroportiga qo‘ngan va unda 5 millionta tibbiy niqob va tibbiy doka bo‘lgan.

O‘zbekiston insonparvarlik yordamini yana kimga va qachon ko‘rsatdi

14 aprel. Vengriyaga 500 ming dona himoya niqobi jo‘natildi. Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoga ko‘ra, O‘zbekiston 28 martda ham Vengriyaga 150 ming dona tibbiy niqob jo‘natgan. Yuk vazni va qiymati aytilmagan.

12 aprel. Belarusga bir marta ishlatiladigan kombinezonlar, respiratorlar, himoya ko‘zoynaklari, lateks qo‘lqoplar, tibbiy niqoblar – jami bo‘lib 513 mingta mahsulot, shuningdek, 500 ming metr doka, 50 ming quti antiseptik hamda 10 ming litr tibbiyot spirti jo‘natildi. Yuk qiymati aytilmagan.

10 aprel. Ozarbayjonga 1000 ta himoya kombinezoni, 51 000 ta respirator, 10 000 ta qo‘lqop, 1000 ta himoya ko‘zoynagi, 5000 ta bosh kiyimli himoya kombinezoni, 300 000 ta yuz niqobi, 150 000 ta bolalar uchun yuz niqobini insonparvarlik yordami sifatida jo‘natish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi farmoyishi chiqdi. Ozarbayjonga jo‘natiladigan insonparvarlik yordamining umumiy qiymati 1 549 500 000 so‘mdir.

9 aprel. Tojikistonga himoya kombinezonlari va ko‘zoynaklari, suyuq natriy gipoxloridi, respiratorlar, qo‘lqop hamda pirometrlar, shuningdek, un mahsulotlari bor. Yuk vazni va qiymati aytilmagan.

3 aprel. Qirg‘izistonga 17 ta vagonda jo‘natilgan gumanitar yordam tarkibida 1000 tonna un, 7 ming komplekt tibbiy himoya kiyimlari, 95 ta respirator, 20 mingta tibbiy qo‘lqop, 500 tako‘zoynak, 200 ta pirometr, 7 mingta bir martalik respiratorlar jo‘natildi. Yuk qiymati aytilmagan.

Qirg‘izistonga 17 ta vagonda yordam yetkazildi.
Qirg‘izistonga 17 ta vagonda yordam yetkazildi.

Bundan tashqari 29 martda O‘shga 10 mingta tibbiyot niqobi va 900 ta himoya kostyumi, 4800 ta ekspress-testlar va reagentlar jo‘natilgan.

1 aprel. Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy buyumlar va bolalar trikotaj mahsulotlari jo‘natildi. Yuk vazni va qiymati aytilmagan.

12 mart. Eronga bir martalik steril tibbiy qo‘lqoplar, ​himoya kombinezoni, ​maxsus tibbiy forma, ​tibbiy niqoblar, ​tibbiy doka, ​tibbiy spirt, gigiyenik gel va “Rutan” tabletkalari yuborilajagi xabar qilindi. Yuk vazni va qiymati aytilmagan.

3 mart. Xitoyga maxsus tibbiy kiyimlar, tibbiy niqoblar va tibbiy dokalar jo‘natildi. Yuk vazni va qiymati aytilmagan.

12 fevral. Xitoyga bir marta ishlatiladigan qo‘lqoplar, himoya kombinezonlari, tibbiy niqoblar jo‘natildi. Yuk vazni va qiymati aytilmagan.

O‘zbekiston qachon, kimdan nima oldi

18 aprel. Ozarbayjondan bir martalik shpritslar, baxilalar, choyshablar, antiseptiklar, dezinfeksiyalash vositalari, suyuq sovun, sovun, tibbiyot spirti keldi. Yordam miqdori va qiymati xabar qilinmadi.

17 aprel. Rossiya O‘zbekistonga COVID-19 koronavirus infeksiyasini aniqlovchi test tizimlarini sovg‘a qildi. Sovg‘aning miqdori va qiymati xabar qilinmadi.

12 aprel. Belarus insonparvarlik yordami ko‘rsatgan O‘zbekistonga javob tariqasida ikkita MTZ-82 traktori sovg‘a qildi.

30 mart. Xitoydan tarkibida tibbiyot qo‘lqoplari, himoya ko‘zoynaklari, yuz niqoblari va pirometr 20 tonna yuk keldi. Yordam qiymati xabar qilinmadi.

AQSh va xalqaro tashkilotlar yordami

16 aprel. Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali, O‘zbekistonga qiymati qariyb 400 000 AQSh dollari bo‘lgan 131 320 kg oziq-ovqatni yetkazib berdi.

16 aprel. AQSh Davlat departamenti dunyodagi 100 dan ortiq davlatla, shu jumladan O‘zbekistonga ham COVID-19 ga qarshi kurashini qo‘llab quvvatlash maqsadida qariyb 848 ming dollarlik moliyaviy yordam ajratilishini xabar qildi.

2 aprel. AQSh hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali, O‘zbekistonning koronavirusga qarshi harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha ko‘mak ajratishini e’lon qildi.

17 mart. AQShning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga ikkinchi xayriya yordami sifatida shaxsiy himoya vositalarini topshirdi. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) taqdim etgan shaxsiy himoya vositalari tarkibiga 10 000 ta qo‘lqop, 10 200 ta niqob, 1400 ta maxsus xalat va 200 ta ko‘zoynak kiradi. Ular butun O‘zbekiston bo‘ylab viloyat markazlari va shaharlarda tarqatiladi.

Joriy yilda O‘zbekistonda xalqaro va xorijiy moliya institutlari tomonidan yo‘naltirilgan 2,7 milliard dollarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Ularning asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Boshqalarga yordam berayotgan O‘zbekistonning o‘zida hamma narsa etarlimi?

Vazirlar Mahkamasining 10 apreldagi qarorida Ozarbayjonga jo‘natilishi rejalashtirilgan 51 mingta respiratorning 50 mingtasi Toshkentdagi Eco Breath MChJdan olinishi belgilab qo‘yilgan.

Korxona vakili 20 aprelda Ozodlik savollariga javoban Eco Breath bir kunda 15 mingtagacha bir marta ishlatiladigan respirator ishlab chiqarishini, shuning uchun hukumat buyurtmasini bajarish qiyin bo‘lmaganini, yetkazib berilgan 50 000 ta respirator uchun pulni hukumat to‘lab berganini bildirdi. Eco Breath vakilining aytishicha, ular ishlab chiqarayotgan respiratorlarning bittasi 12-13 ming so‘m turadi.

“Menimcha, koronavirusga qarshi kurash uchun kerak bo‘ladigan vositalar taqchilligi shu kunda kuzatilmayapti” , dedi Ozodlik savoliga javoban Eco Breath vakili.

Biroq hukumatning o‘zi Eco Breath vakilining optimizmiga sherik bo‘lmoqchi emas ko‘rinadi. Har holda prezident Mirziyoyev 17 aprelda o‘tkazgan yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi oldiga birlamchi va tibbiy yordam loyihalari doirasida Osiyo taraqqiyot banki hamda Jahon bankining 30 million dollar mablag‘i evaziga o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qiluvchi 2 300 ta apparat va boshqa uskunalar sotib olish vazifasini qo‘ydi.

O‘zbekiston boshqa davlatlarga ko‘rsatgan insonparvarlik yordami tarkibida asosan tibbiyot vositalari bor. Ba’zi davlatlarga (Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston) oziq-ovqat, un va un mahsulotlari ham yetkazib berdi. Ayni paytda O‘zbekistonning o‘zida un va kartoshka qimmatlab ketgani, ba’zi holatlarda esa, taqchillashgani ham kuzatilmoqda bu Ozodlikka bu haqda qator xabarlar kelgan.

Vaziyatning jo‘n emasligini aholiga arzon un va kartoshka yetkazib berish vazifasi prokuraturaga yuklatilganidan ham ko‘rinib turibdi.

Toraygan byudjet

Prezident 15 aprelda “Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida​”gi qarorni imzoladi.

Qarorga asosan dolzarb hisoblanmagan loyiha va xarajatlar keyingi davrlarga ko‘chiriladi. ustuvorligi va ijtimoiy yo‘naltirilganligi inobatga olingan holda ayrim davlat dasturlariga sarflanadigan mablag‘lar qisqartiriladi.

Byudjet tashkilotlari xodimlariga 2020 yilning 16 aprelidan 1 oktabriga qadar moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi hamda direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatib turiladi.

XS
SM
MD
LG