Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:49

Jahongir Ortiqxo‘jayev buzishni buyurgan tarixiy bino madaniy obida sifatida saqlab qolindi


Bobur ko‘chasidagi 7-uyda O‘zbekiston madaniy boyliklarini asrashga katta hissa qo‘shgan olimlar yashagan.
Bobur ko‘chasidagi 7-uyda O‘zbekiston madaniy boyliklarini asrashga katta hissa qo‘shgan olimlar yashagan.

Toshkent shahri Bobur ko‘chasidagi ikki qavatli uy Madaniyat vazirligi tarafidan madaniy meros ob’ekti sifatida ro‘yxatga olinayotgani bois buzilmaydigan bo‘ldi.

Bu haqda 1 aprel kuni Madaniyat vazirligi vakili Ozodlikka bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan huquq-tartibot sohasidagi mulozimga ko‘ra¸ tarixiy binoning “korrupsiya sxemasi asosida buzilib o‘rniga ko‘p qavatli uy qurilishi” masalasi bilan shu kunda respublika Bosh prokuraturasi shug‘ullanmoqda.

Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidagi qariyb 100 yillik binoni buzib uning o‘rnini «Universal Packing Masters» («Murad Buildings» shirkati savdo belgisi ) berish haqida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 yil oktabrida qaror chiqargan edi.

Madaniyat vazirligining bu uy tarixidan yaxshi xabardor mulozimi Ozodlikka 1550-sonli qaror chiqarilishidan oldin mazkur binoning "tushunarsiz tarz"da Madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarilganini bildirdi.

Bobur ko‘chasidagi 7-uy.
Bobur ko‘chasidagi 7-uy.

«Murad Buildings» shirkati binoni buzish ishlarini boshlagani ortidan jamoatchilik va uy turg‘unlari norozilik bildirib chiqdi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi¸ Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasi joriy yil mart oyida binoning tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ekanli bo‘yicha barcha hujjatlarni to‘plab¸ yakuniy xulosaga keldi.

Bu xulosa asosida Jahongir Ortiqxo‘jayevning ikki yil oldingi qarori ijrosi to‘xtatildi va bino yaqin kunlar ichida madaniy meros obidalari ro‘yxatiga qayta kiritiladigan bo‘ldi.

Ushbu boshqarma taqdim qilgan ma’lumotnomada yozilishicha¸ bino 20 asrdagi ulug‘ rus-sovet arxitektori Aleksey Shchusev (1873 -1949 ) tomonidan loyihalashtirilgan.

Madaniy meros boshqarmasi hujjati
Madaniy meros boshqarmasi hujjati

Konstruktivizm oqimining yirik vakili bo‘lgan Shchusev Moskvadagi Lenin maqbarasi¸ Qozon vokzali va Toshkentdagi Navoiy nomli opera-balet teatri binosi muallifidir.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Ozodlikka taqdim qilgan hujjatda “konstruktivizm usulida ortiqcha bezaklardan xoli bunyod etilgan va mashhur me’morning Toshkentda loyihalashtirgan oz sonli asarlaridan biri bo‘lgan bino noma’lum sababga ko‘ra Toshkent shahar hokimining 697-sonli qarori bilan tasdiqlangan madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatining 3-ilovasiga binoan¸ ro‘yxatdan chiqarilgani” aytiladi.

Bobur ko‘chasidagi 7-uy.
Bobur ko‘chasidagi 7-uy.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan vazirlikning ayni sohaga ma’sul vakili “binoning madaniy meros ro‘yxatidan chiqarilishiga hech qanday jiddiy asos bo‘lmagan”ini aytadi.

- Bino ikki qavatli. Pishiq g‘ishtdan qurilgan. Shiftlari baland. Zilzilaga bardoshli¸ 1966 yilgi zilzilada shikastlanmagan. Binoning 1935 yilgi dekor va uslubi o‘zgarmagan. Bino avariya holatida ham emas. Ushbu bino sobiq Nizomiy nomli (hozir Navoiy nomli adabiyot universiteti) pedagogika instituti me’moriy ansamblining bir qismi sifatida va shahar qiyofasini belgilovchi estetik unsur sifatida ham qadrli.

Mulozimning aytishicha¸ “bino shahar hokimi va «Murad Buildings» shirkati changalidan so‘nggi minutda qutqarib qolingan”.

Bobur ko‘chasi
Bobur ko‘chasi

Olma ichidagi qurt

Toshkentlik me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyev binoning qutqarilishini "shahar madaniy jamoatchiligining hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev volyuntarizmi ustidan g‘alabasi" deb atadi.

- Ortiqxo‘jayev va «Murad Buildings» tandemi olma ichidagi qurt kabi Toshkent qiyofasini belgilovchi qator binolardan bizni mosuvo qildi. Masalan¸ “Dom kino”ni buzib¸ o‘rniga dom qurib sotishdi. Sxema oddiy. Avvaliga bino madaniy meros ro‘yxatidan chiqariladi. Keyin hokim qaror chiqaradi. «Murad Buildings» kelib ko‘p qavatli bino qurib sotadi. Shu tariqa qarichma-qarich Toshkent markazidagi tarixiy binolar joylashgan yerlar shubhali developerlarga hech qanday tendersiz o‘tib ketadi.

Bunday tanqidiga dalil sifatida Turdiyev nusxasi Ozodlikka yuborilgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev imzolagan 1550-sonli qarorni tilga oladi.

- Qarorda “o‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra”¸ degan jumla yo‘q. Buning o‘rniga “Vazirlar Mahkamasining 01-05-121-1 sonli bayonnomasiga asosan¸ Bobur ko‘chasidagi 7-uy buzilib, o‘rni «Universal Packing Masters» shirkatiga ko‘p qavatli bino qurish uchun ajratib berilsin"¸ deyiladi. Nega aynan bu shirkat? Nega boshqasi emas¸ degan savol tug‘iladi. Toshkentni qarich-qarich bo‘lib sotish uchun baënnomalar berayotgan Vazirlar Mahkamasidagi mulozim kim¸ degan savol ham bor. Ortiqxo‘jayev va "Murad Buildings»dan yuqorida turadigan mulozimlar ham e’tiroz nishonida bo‘lishi kerak. Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin “shahar markazini shubhali developerlarga sotish” biznesi urchidi.

Hokim qarori
Hokim qarori

Tarix kashshoflari yashagan uy

Me’mor va san’atshunos Turdiyev Bobur ko‘chasidagi 7-uyda ulug‘ arxeolog Vasiliy Shishkin (1894-1966) yashab¸ ijod qilganligining o‘zigina "binoni buzmaslik uchun asos bo‘la oladi" deb hisoblaydi.

- Vasiliy Afanasyevich bois dunyo Samarqanddagi Afrosiyob freskalari borligidan voqif bo‘ldi. Bugun "mana qadim tariximiz" deb ko‘ksiga mushtlayotgan amaldorlar bu tarixni kim tuproq tagidan qazib topganini biladimi o‘zi? Vasiliy Afanasyevich qadim Varaxsha shahri qoldiqlarini topgan va Ulug‘bek rasadxonasi qazishmalarida ishtirok etgan. Qadim Buxoroning me’moriy xaritasini chizib¸ shaharni vandallardan himoya qilgan ham Vasiliy Afanasyevich Shishkin domla edi. Shu odam yashagan uyni buzib¸ o‘rniga ko‘p qavatli bino qurib boyimoqchi bo‘lgan amaldorga STOP! deyilganidan mamnunman.

30 yildan beri buzilayotgan Toshkent

Keyingi yillarda O‘zbekistonda ko‘payib borayotgan tarixiy binolarni buzish yoki fasadlariga qoraytirilgan shisha qoplab asl tarzini o‘zgartirish holatlari san’atshunoslar tashvishiga sabab bo‘lmoqda.

2019 yili Toshkentning Mustaqillik maydonidagi gorizontal favvora buzib tashlandi. Toshkent timsoli sifatida 52 yil otilib turgan fontanni buzishda bevosita qatnashgan mutasaddilardan biri uning Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev buyrug‘i bilan buzilganini bildirgan edi.

2016 yili ToshMIning Nikolay davrida g‘ishtdan qurilgan eski binosi¸ Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti (TDPU) bosh binosining sirt qismi batamom buzib tashlangan edi.

Toshkentlik general Jo‘rabek tarafidan 1897 yili qurilgan va “Jo‘rabek “ masjidi deya tarixiy yodgorlik sifatida maxsus ro‘yxatga tirkalib, asrab kelingan masjid butunlay buzilib¸ o‘rnida Islom Karimov nomidagi “alyukobond masjid” qurilgan edi.

XS
SM
MD
LG