Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:22

Istanbuldagi o‘zbeklar: Charter reysiga chipta ikki baravar qimmatligi sabab uyga qayta olmayapmiz! (VIDEO)


Vataniga qayta olmayotgan o‘zbeklar Istanbuldagi konsullikka borishdi. 23 mart, 2020 yil
Vataniga qayta olmayotgan o‘zbeklar Istanbuldagi konsullikka borishdi. 23 mart, 2020 yil

22 mart kuni Istanbuldan Toshkentga kelgan charter reysi orqali ucha olmagan o‘zbekistonliklarga ko‘ra¸ bu reyslarga chiptalar ikki baravar qimmatga sotilmoqda.

Istanbul aeroportidan Ozodlikka bog‘langan o‘zbekistonliklar qo‘lida chiptasi bo‘la turib, yangidan bilet olishga majbur qolayotganini bildirdi.

Uzbekistan Airways shirkati xodimi chiptalar qimmatlaganini tasdiqladi, biroq buning sababini ochiqlamadi.

Koronavirus pandemiyasi sabab Istanbuldan Toshkentga ucha olmay qolgan bir guruh o‘zbekistonliklar bir haftadirki, aeroportda qolmoqda.

22 mart kuni Istanbuldan charter reysi orqali olib kelingan o‘zbekistonliklar Buxorodagi karantin markaziga joylashtirildi.

Istanbul aeroportidan Ozodlikka bog‘laniib, anonim qolishni so‘ragan namanganlikka ko‘ra, uning qo‘lida “Turk havo yo‘llari”ga olingan chiptasi bo‘lgan holda, 22 mart kungi reys bilan ucha olmagan:

“Biz onam bilan Antaliyaga dam olgani kelgandik. 19 mart kuni uchishimiz kerak edi. Lekin koronavirus sabab reysimiz otmen bo‘ldi. Kecha qo‘yilgan reys orqali uchamiz deb, umid qilgandik. Biletimiz “Turk havo yo‘llari”ga olingandi, kecha uni qabul qilishmadi. Yangidan bilet olishimizni aytishdi. Biz bor pulimizga uyga sovg‘a-salom olganmiz. Pulimiz deyarli qolmagan. Endi nima qilishimizni bilmayapmiz. Besh kundan beri aeroportda yotibmiz. Bugun ko‘chaga haydashdi. Aeroport oldida o‘tiribmiz. Otelga joylashay desak, pulimiz yo‘q”, dedi namanganlik ayol.

Istanbul aeroportida bir haftadan beri qolayotgan angrenlik yigit Uzbekistan Airways reyslariga chiptalarning oldingiga nisbatan ikki baravar qimmatga sotilayotganini bildirdi.

“Faqat "Havo yo‘llari”ga olingan biletlarni almashtirib berishyapti. Boshqa aviakompaniyalarga olingan biletlarimiz kuyishini aytishdi. Buning ustiga¸ biletlarni ikki baravar qimmat sotishyapti. Oldin tuda-obratno 350-450 dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, kecha bir tomonga uchish uchun 450 dollar naqd olishdi. Yonida ortiqcha puli borlar bilet olishdi. Lekin puli kamlar yoki puli umuman yo‘qlar nima qiladi?”, deydi angrenlik yigit.

Boshqa bir o‘zbekistonlik ham ukasi bilan kelini chiptaga puli yo‘qligi sabab ucha olmaganini aytdi:

"Ukam Istanbul shahridan oilasi bilan qaytayotgan edi. Xotini bilan 10 yashar qizchasiga 270 dollardan chipta olgan edi. Kechagi Istanbuldan O‘zbekistonga qo‘yilgan samolyotga 500 dan ortiq o‘zbekiston fuqarosi to‘plangan edi. Fuqarolarning olgan chiptalarini bekor qilib, o‘sha yerning o‘zida "O‘zbekiston havo yo‘llari" chiptalarni 450 ga chiqarib oldi. 270 dollardan chipta sotib olganlarni qabul qilmayapti, faqat elchixona aytganlarni va naqd pulga 450 dollarlik chipta olganlarni olib ketmoqda. Fuqarolar sarson. To‘polonda kelinim hushidan ketib qoldi va natijada ular qaytolmadi".

Istanbul aeroportidagi o‘zbekistonliklar tomonidan Ozodlikka jo‘natilgan videolarda Uzbekistan Airways kassasi oldiga to‘planganlarning chiptalar qimmatligiga norozilik bildirgani aks etgan.

Ватанга қайта олмаётган Истанбул аэропортидаги ўзбеклар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:37 0:00

Telegramdagi “Istanbul 2020 charter” guruhida berilgan ma’lumotga ko‘ra, taxminan 8000 nafar o‘zbekistonlik vatanga qayta olmayapti.

Uyiga qayta olmayotgan samarqandlik yigit Ozodlik bilan suhbatda elchixona xodimlari faoliyatidan qoniqmayotganini aytdi:

“Elchixona umuman yordam bermayapti. Elchixonaga telefon qilsangiz, hech kim javob ham bermaydi. Bugun ham bir qancha odam elchixona oldiga bordik. Hech kim dardimizni eshitishni istamayapti. Kechagi charter reysga bilet olmoqchi edik. Lekin biletlar registratsiya boshlanganidan keyin sotila boshlandi. Yana faqat aeroport ichkarisidagi kassada sotildi. Bizni esa politsiya aeroport ichkarisiga kirgizmadi. Kecha borib, qaytib keldik. Nima qilaylik, kim bizga yordam beradi?”, deydi samarqandlik yigit.

Aeroport ichkarisidan, ko‘chaga “haydalgan”lar tomonidan Ozodlikka yo‘llangan videoda aeroport oldida o‘nlab odamning o‘tirgani aks etgan.

Истанбул аэропорти олдида чорасиз қолган ўзбеклар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:31 0:00

Videoda aytilishicha, bu odamlarning barchasi uyiga qayta olmayotgan o‘zbekistonliklardir.

“Bizni aeroportdan haydab chiqarishdi. Kecha charter reysda ketganlar ketdi, qolganlar mana ko‘chada o‘tiribmiz. Yana qancha o‘tiramiz? O‘zi uyga qayta olamizmi? Elchixona bizga umuman yordam bermayapti”, deydi videodagilardan biri.

Istanbuldagi o‘zbeklar tomonidan ochilgan “Istanbul 2020 charter” va “Istanbul charter” guruhlari a’zolari ham uyiga qayta olmayotganlarning elchixonaga borgani, biroq hech kim ularga yordam qo‘lini cho‘zmaganini yozmoqda.

Ozodlik muxbiri 23 mart kuni O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi bilan telefon orqali bog‘landi.

Go‘shakni ko‘targan elchixona xodimasi Istanbul aeroportidagi o‘zbeklar bilan bog‘liq vaziyat va umuman o‘zbekistonliklarning vatanga qaytishi bilan bog‘liq savollarga javob olish uchun Istanbuldagi O‘zbekiston konsulligi bilan bog‘lanish lozimligini bildirdi.

“Biletlarning qimmat sotilgani masalasi “O‘zbekiston havo yo‘lari"ga tegishli. Ular bilan bog‘laning”, dedi o‘zini tanishtirmagan elchixona xodimasi.

Ozodlik O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulligiga 23 mart kun davomida bir necha bor telefon qilib bog‘lana olmadi.

Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi qoshida tashkil qilingan operativ shtabning tarmoqlar orqali e’lon qilingan o‘nta telefon raqamining birortasiga ham 23 mart kuni qo‘ng‘iroq qilib¸ bog‘lanib bo‘lmadi.

Uzbekistan Airways shirkatining Ozodlik bog‘langan xodimasi chiptalar narxi qimmatlaganini tasdiqladi, biroq buning sababini sharhlash vakolatiga kirmasligini vaj qilib, boshqa savollarga javob bermadi.

Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Jahongir Xidayxodjayev mahalliy matbuotga bergan intervyusida Istanbul aeroportidagi vatandoshlar vaziyati nazoratga olinganini ta’kidladi.

“Turkiya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalarimizga fuqarolarimizni ikki marta ovqat bilan ta’minlash, ular duch kelgan boshqa sanitar va maishiy masalalarni tezkorlik bilan hal qilish vazifalari qo‘yildi”.

Turkiyadan tashqari Rossiya, Misr, Hindiston, Malayziya, Koreyadan 7 ta charter reysi orqali jami 1750 dan ortiq o‘zbekistonlik vataniga qaytarildi va 14 kunlik karantinga olindi.

Xorijda qolgan o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun yana 19 ta charter reysini amalga oshirish rejalangan.

Xususan¸ “Toshkent-Istanbul-Toshkent” yo‘nalishida muntazam charter reyslarini tashkillashtirish kutilmoqda.

So‘nggi xabarga ko‘ra, charter reyslarini tashkillashtirish 3 kunga kechiktiriladi:

“Hozirgi epidemiologik vaziyat sharoitida, xususan, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi ekipaji noqulay epidemiologik holatdagi mamlakatlardan qaytganidan so‘ng karantinda bo‘lishi sababli, reyslarni tashkil qilish 3 kunga qoldirildi”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan rasmiy xabarda.

XS
SM
MD
LG