Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:50

70-yillarda O‘zbekistonda quyosh energiyasi ilmiga asos solgan olim nega unutildi?


Akademik G‘iyos Umarov (1921-1988)
Akademik G‘iyos Umarov (1921-1988)

Ozodlik fotosuratchisi 38 yashar Amos Chapl o‘tgan oy oxirida Toshkentga safar qilib, sovet davrida Parkent tumanida bunyod qilingan unikal quyosh energiyasi tizimini borib ko‘rdi.

Chapl “Quyosh sandoni” deb ataladigan bu tizilma oldiga 1988 yili o‘rnatilgan SSSR fanlar akademiyasi muxbir a’zosi G‘iyos Umarov (1921-1988) haykali va devordagi yozuvlar olib tashlanganini ko‘rdi.

Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston fanlar akademiyasi mulozimlari mashhur akademik olimni eslamaslikka urinishdi. Akademiya vakillari fizik olim G‘iyos Umarovning 100 yillik tavalludiga oid birorta tadbir rejalanmaganini aytishdi. Akademik olim G‘iyos Umarov ilmiy g‘oyasi asosida 1986 yilda qurilgan “Quyosh sandoni” o‘sha davrda dunyodagi ikkinchi qurilma edi (birinchisi Fransiyada qurilgan-tahr.).

Toshkent viloyati Parkent tumanidagi "Quyosh sandoni"
Toshkent viloyati Parkent tumanidagi "Quyosh sandoni"

Akademik G‘iyos Umarovning o‘g‘li Karimov davrida tuzilgan "Serquyosh O‘zbekiston" muxolifat koalitsiyasi lideri, sobiq siyosiy mahbus, shu kunda AQShda muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida tanilgan Sanjar Umarovdir.

Ozodlik bilan suhbatda Sanjar Umarov Toshkentni dunyoga tanitgan akademik otasi O‘zbekistonda unutilayotganidan taassuf bildirdi.

Umarovga ko‘ra¸ otasining “Quyosh fizikasi” instituti oldidagi byusti 2006 yili Karimov buyrug‘i bilan olib tashlangan:

- Men o‘sha yili siyosiy faoliyatim bois qamalib ketdim. Qamalganim ortidan otamning haykali olib tashlandi. Umarov nomidagi ko‘cha va guzar bor edi. Ulardan ham otam nomi olib tashlandi. Umuman otamni unuttirish¸”bunday olim umuman bo‘lmagan” degan fikrni ustuvor qilish uchun chandon urinishdi. Ammo otam asos solgan geliotexnika ilmiy markazlari ishlab turibdi. Otam o‘z ilmi bilan o‘ziga haykal qo‘yib ketgan.

Akademik Umarovning bu haykali 2006 yili olib tashlangan
Akademik Umarovning bu haykali 2006 yili olib tashlangan

Umarovga ko‘ra¸ bir vaqtlar ilm-ma’rifat markazi bo‘lgan Toshkent bugunga kelib johil boshqaruv bois tanazzulga yuz tutgan:

- Aniq ilm-fan¸ ya’ni quyosh fizikasi bilan shug‘ullangan olimlar unutilib¸ har xil cho‘pchakchilar ulug‘lanayotgan¸ ilmga aloqasi bo‘lmagan markazlar qurilayotgani tushunarsiz bir davr¸ deydi olimning o‘g‘li.

Akademik Umarov quyosh sandonini sinash paytida
Akademik Umarov quyosh sandonini sinash paytida

Joriy yilning 28 fevral kuni Toshkentga borgan Ozodlik fotomuxbiri Amos Chapl Mirziyoyev davrida qurilgan “Muz saroyi” yoki qurilayotgan “Islom siviliatsiyasi” markaziga emas¸ balki akademik olim G‘iyos Umarovning geliotexnika g‘oyasi asosida qurilgan mahobatli inshoot “Quyosh sandoni”ni ko‘rishga oshiqdi:

- Bu ulkan qurilma men uchun mo‘’jiza kabi edi. Toshkent aeroportidan shaharga ketayotib taksichiga “Quyosh sandoni”ni ko‘rish rejamni aytdim. Taksichi bu quyosh tizimi haqida umuman hech narsa eshitmaganligini aytdi. Mehmonxona ma’muri ham ekskursovodlar ham dunyoda ikkinchi bo‘lib qurilgan bu qurilmadan xabarsiz edi. Men mahalliy aholininig bu texnika mo‘jizasidan bexabarligidan taajjublandim. Toshkent yaqinidagi Parkent tumanidagi bu juda ulkan ilmiy qurilma haqida hech kim deyarli hech narsa bilmas ekan. Men ulkan quyosh pannolaridan tarkib topgan bu qurilmani ko‘rish uchun oshiqdim. Birinchi safar borganimda fotoapparatim qordan namiqib ishlamay qoldi. Shunchalik qiziqqanimni bilib¸ yana bir marta kelishga ijozat berishdi. Bu tizimning ishlashini suratga olish meni to‘lqinlantirdi. Bu tuzilma qudrati aqlimni shoshirgan edi¸ deydi Amos Chapl.

Fotosuratchi Amos Chappl
Fotosuratchi Amos Chappl

Amos Chapl tushirgan suratlarni Ozodlik saytida tomosha qilishingiz mumkin.

Toshkentdagi quyosh "sandoni"
Toshkentdagi quyosh "sandoni"

Quyosh sandoni tuzilmasiga asos solgan geliotexnika markazini yaratgan akademik olim G‘iyos Umarovning o‘g‘li Sanjar Umarov Ozodlikkka o‘z otasining dunyoga mashhur olimlar ishtirokidagi surtlarni taqdim qildi.

Akademik Umarov fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Kapitsa bilan
Akademik Umarov fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Kapitsa bilan

Suratlardan birida fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Pyotr Kapitsaning G‘iyos Umarov bilan birga Toshkentda “Quyosh sandoni” qurish bilan bog‘liq rejani muhokama qilayotgani aks etgan.

G‘iyos Umarov akademik Keldish bilan.
G‘iyos Umarov akademik Keldish bilan.

1973 yili G‘iyos Umarov Fransiya fanlar akademiyasida “quyoshdan energiya olish” mavzusida ma’ruza qilgan edi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika instituti xodimasi Muborak G‘afurovaning Ozodlikka aytishicha “Umarovning quyosh nurini issiqlik energiyasiga aylantirish g‘oyasi o‘z davri uchun ham¸ hozir ham dolzarb”.

Umarov nomi guzardan ham olib tashlangan edi
Umarov nomi guzardan ham olib tashlangan edi

Ayni paytda kiraverishidagi akademik Umarov haykali olib tashlangan O‘z FA huzuridagi “Quyosh fizikasi” ilmiy birlashmasi rahbarlari marhum akademik olim faoliyatiga nisbatan bepisand fikr bildirishdi.

Ozodlik muxbiri “Quyosh fizikasi” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi rahbari Sa’dulla Lutfullayevga qo‘ng‘iroq qildi.

- U olim haqida yozmoqchi bo‘lsangiz¸ bizni institutni aralashtirmasdan yozavering. U kishining haykali 2006 yili bir sabab bilan olib tashlangan. Hozirgi “Quyosh fizikasi” institutining u kishiga aloqasi oz¸ dedi Lutfullayev.

Uning yana aytishicha¸ O‘zbekistonda akademik G‘iyos Umarovning 100 yilligini o‘tkazish borasida aniq reja yo‘q.

Akademik G‘iyosov ilmiy faoliyat olib borgan Toshkentdagi Fizika-texnika instituti (FTI) 1943 yili tashkil qilingan bo‘lib¸ Markaziy Osiyodagi birinchi shunday institut hisoblanadi.

FTI asosida 1956 yili Yadro fizikasi instituti tashkil qilindi. 1986 yili bu instititut bazasida “Quyosh-fizikasi” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tuzildi. 1987 yili “Quyosh-fizikasi” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi olimlari 1000 kvt quvvatdagi ulkan quyosh sandonini yaratishdi.

Ozodlik fotosuratchisi Amos Chapl fotonigohiga tushgan bu sandon bir vaqtlar O‘zbekistonda ham ilmning dunyo bilan birga qadam tashlaganiga misol sifatida ko‘rinadi.

Parkent tumanidagi "quyosh sandoni"
Parkent tumanidagi "quyosh sandoni"

XS
SM
MD
LG