Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:46

“Isyonchi” polkovnik Mahmud Xudoyberdiyevning O‘zbekistondagi askarlari Toshkent hukumatidan pasport so‘ramoqda


Mahmud Xudoyberdiyev
Mahmud Xudoyberdiyev

O‘tgan haftada o‘zlarini polkovnik Mahmud Xudoyberdiyevning O‘zbekistondagi "jangovar birligi" a’zolari deb tanishtirgan 50 yoshlardagi 2 nafar etnik o‘zbek “huquqiy maqomi muallaq ekanini aytib”¸ Toshkentdagi inson huquqlari tashkilotidan yordam so‘radi.

Ikki haftacha muqaddam ayni shunday so‘rov bilan yana 5 nafar “Xudoyberdiyev askari” Toshkentdagi advokatlik byurosiga murojaat qilgan edi. Ulardan biri advokatlik shirkati yordamida “yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjat”ga ega bo‘lgan¸ qolgan 4 kishining ishi esa ko‘rib chiqilmoqda.

Ro‘yxatlarda yo‘q...

Ozodlik muxbiri huquqiy maqom olish uchun inson huquqlari tashkilotidan ko‘mak so‘ragan ikki harbiy bilan o‘tgan haftaning ikki kuni davomida uchrashdi.

Havfsizlik sabablariga ko‘ra, ismlari sir qolishini so‘ragan bu ikki suhbatdosh Mahmud Xudoyberdiyev batalyonida faoliyat yuritayotgan¸ ammo “hujjatlari hal bo‘lmagan” 50 ta oilaga mansub 100 kishilik ​ (askarlar oilasi bilan) guruh nomidan gapirayotganini ta’kidladi.

Ularning aytishicha¸ ayni kunlarda Xudoyberdiyev “askar”lari Angren va Jizzaxdagi harbiy qismlar shaxsiy tarkibidadir; 2005 yilgacha Farg‘ona viloyatining Quvasoy tumanidagi harbiy qismda ham “Xudoyberdiyev askarlari” bo‘lgan.

Tojikistonda turli jinoyatlarda ayblanib “isyonchi” deb aytiladigan, ammo tor harbiy doiralarda professional qo‘mondon sifatida ko‘riladigan 55 yashar harbiy polkovnik Mahmud Xudoyberdiyevning o‘zi¸ Ozodlik suhbatlashgan ikki nafar harbiy iddaosiga ko‘ra¸ shu kunlarda Jizzaxdagi maxsus harbiy qismda xizmat qilmoqda.

2018 yili Tojikiston rasmiylari Xudoyberdiyevning Turkiya hududida ekanini bildirgan¸ shundan beri Xudoyberdiyevning qayerda ekaniga oid ma’lumot chiqmagan edi.

Rasmiy Dushanbe Xudoyberdiyevni qoralab chiqqani ortidan u qidiruvga berilgan. Ammo Xudoyberdiyevning aybdorligi borasida sud hukmi mavjud emas. Polkovnik Xudoyberdiyevning qo‘l ostida xizmat qilgan askarlardan ba’zilari (taxminan 15 - 20 kishi) esa, Tojikistonda sudlanib, ozodlikdan mahrum qilingan.

Tojikistonda qidiruvga berilganlar ro‘yxatida Xudoyberdiyev ham bor
Tojikistonda qidiruvga berilganlar ro‘yxatida Xudoyberdiyev ham bor

Askarlarning bir qismi huquqiy muallaq qolmoqda

O‘zini “Xudoyberdiyev askarlari” vakili deb tanishtirgan ikki o‘zbek 1998 yili O‘zbekistonning Uzun va Sariosiyo tumanlari orqali Tojikistondan kirib kelganini aytadi.

Ular iddaosiga ko‘ra¸ Mahmud Xudoyberdiyev bilan birga O‘zbekistonga 180 ta oila kelgan¸ ularning umumiy soni 250 kishi bo‘lgan.

Kelganlarning bir qismi 1998 yilgacha Tojikiston Mudofaa vazirligidagi alohida jangovar qurolli guruh jangchilari bo‘lgan.

Ozodlik ikki kun davomida suhbatlashgan harbiylarning aytishicha¸ shu kunlarda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va DXX chegara qo‘shinlarida faoliyat olib borayotgan yuz nafar “Xudoyberdiyev askari”ga O‘zbekiston vatandoshligi berilgan. Ayni paytda¸ qolgan 100 dan ortiq odam pasportsiz va yashash huquqisiz muallaq holatda qolgan. "Xudoyberdiyev askarlari"ning bir qismi Rossiya Federatsiyasida yashayotganini Tojikiston rasmiylari 2018 yilda rasman bildirgan.

Ozodlik bilan suhbatda “Xudoyberdiyev askarlari” o‘z bolalari katta bo‘lgani va uylanib turmush qurishi uchun hujjat zarurligini aytishdi.

Shu paytga qadar hatto o‘rta ta’lim ham olmagan bu bolalarning otalari o‘z kuratori bo‘lgan DXX mulozimlarining amalga oshmay kelayotgan va’dalaridan charchaganini bildirdi.

Ozodlik avvalroq "Xudoyberdiyev batalyoni" deb atalgan guruh a’zolaridan bir necha nafari bilan suhbatlashgan, ulardan biri Ozodlikka soxta o‘zbek pasportini ko‘rsatdi va bu “hujjat” bilan O‘zbekistonni tark eta olmasdan yurganini” aytgandi. Ozodlik gaplashganlardan yana biri esa¸ sobiq MXX guvohnomasini taqdim etgandi.

Isyonchiga aylangan polkovnik

Mahmud Xudoyberdiyev 1998 yilgacha Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning sodiq safdoshlaridan biri bo‘lgan.

Mahmud Xudoyberdiyev
Mahmud Xudoyberdiyev

Ba’zi siyosatshunoslarga ko‘ra¸ mamlakatdagi fuqarolik urushi davrida Xudoyberdiyevning tojikistonliklar orasidagi obro‘si Rahmonnikidan ancha baland bo‘lgan. Uni hatto "haloskor polkovnik" deb atashgan. Urush tugagach, u yirik harbiy qo‘shilmalardan biriga qo‘mondonlik qilgan.

Tojikistondagi fuqarolar urushi haqidagi ko‘plab maqolalar muallifi¸ urush paytida "Charog‘i ro‘z" gazetasida ishlagan Mirzo Salimovning iddaosiga ko‘ra, "Mahmud Xudoyberdiyevning qo‘li¸ fuqarolar urushining boshqa liderlariniki kabi, qonga botgan":

- Men o‘zimda bor bo‘lgan hujjatlarga tayanib, uning va grajdanlar urushidagi boshqa xarbiylarning bir nechta begunoh odam o‘limida aybdor ekanligini tasdiqlay olaman.

Tojikistondagi 1990- yillardagi fuqarolar urushi paytida Mahmud Xudoyberdiyev bilan qarama-qarshi jabhada bo‘lgan jurnalist va siyosatchi Dodojon Atoullayev Ozodlik bilan suhbatda boshqacha fikrni bildirdi:

«Grajdanlar urushida qahramonlar bo‘lmaydi. Chunki xalq ikki lagerga bo‘linadi. Shu bois polkovnik Xudoyberdiyev tojikistonliklarning bir qismi uchun Che Gevara kabi shonli qahramon¸ yana bir qismi uchun xalq dushmanidir. Shaxsan men uchun Mahmud Xudoyberdiyev boshqa askarlar kabi siyosatchilar intrigasining qurbonidir. Agar urush bo‘lmaganida edi, Xudoyberdiyev sharafli qo‘mondon bo‘lib yetishgan bo‘lardi».

1997 yilda Tojikistonda hukumat va muxolifat o‘rtasida imzolangan tinchlik bitimini tan olmagani ortidan Xudoyberdiyev va prezident Rahmon o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqandan keyin¸ polkovnik mamlakatni tark etgan. Uning o‘shandan beri, asosan, O‘zbekiston hududida yashab kelayotgani aytiladi.

"Hech kim xat yozmaydigan polkovnik"...

1998 yilda Mahmud Xudoyberdiyev kam sonli qurolli guruhi bilan Tojikistonning Xo‘jand viloyatidagi ba’zi ma’muriy binolar va Chkalovsk aeroportini ishg‘ol qilgan¸ ko‘p o‘tmay bu isyon hukumat qo‘shinlari tomonidan bostirilgan edi.

Uch kunlik bu ishg‘ol haqida turli iddaolar mavjud. Rasmiy Dushanbe iddaosiga ko‘ra, Xudoyberdiyev O‘zbekistonning Zomin tumanidan bostirib kirgan. Prezident Rahmon o‘shanda O‘zbekiston tomonini ushbu isyonda qo‘li borlikda ayblagan edi.

O‘sha davrdagi Imomali Rahmon nazoratidagi matbuot Xudoyberdiyevning etnik mansubligiga urg‘u berib unga "titul millat dushmani" degan yorliq yopishtirgani haqida Ozodlik suhbatlashgan tojik muxolifati vakillari gapirib berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Xo‘jand ishg‘oli paytida 4 harbiy o‘lgan va marodyorlik holatlari qayd qilinmagan.

O‘sha paytda Tojikiston muntazam armiyasi tomonida O‘zbekiston chegarasiga qadar siqib chiqarilgan Xudoyberdiyev jangchilari qo‘shni davlatda panoh topgani aytiladi.

Mahmud Xudoyberdiyev
Mahmud Xudoyberdiyev

Bir-biridan mustaqil turli manbalarga ko‘ra, Xudoyberdiyev va uning askarlari 1998 yildan boshlab O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tarkibida faoliyat ko‘rsata boshlagan. Ammo bu ma’lumot hozirgacha rasman e’tirof etilmagan.

2000- yillar boshidan sobiq prezident Islom Karimov o‘limigacha O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarining keskinligicha qolishi sabablaridan biri¸ kuzatuvchilarga ko‘ra¸ Mahmud Xudoyberdiyevning O‘zbekiston hududida ekanidir.

Karimovdan qolgan ziddiyatli meros

Karimov olamdan o‘tganidan so‘ng iqtidorga kelgan Shavkat Mirziyoyev uchun “Xudoyberdiyev batalyoni” ziddiyatli meros sifatida ko‘rildi.

Xudoyberdiyev bilan shaxsan tanish bo‘lgan Tojikiston sobiq muxolifati vakiliga ko‘ra, polkovnik Xudoyberdiyev¸ Johar Dudayev kabi sovet davrida shakllanib¸ keyinchalik dala qo‘mondoniga aylangan harbiylar sirasiga kiradi.

U afg‘on mujohidlari bilan bo‘lgan qonli janglar ishtirokchisi sifatida SSSRning “Qizil bayroq” ¸”Mardlik uchun” ordenlari va harbiylar orasida qadrlanadigan “Jasorat uchun” medali bilan taqdirlangan.

2018 yilda Xatlon viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Iskandar Solehzoda rasmiy Toshkentdan olingan ma’lumotga tayanib, polkovnik Xudoyberdiyevning O‘zbekiston hududini tark etganligini aytgan edi.

2018 yilning iyulida rasmiy Dushanbe “Mirziyoyev sharofati bilan Xudoyberdiyev tahdidi bartaraf bo‘lgani” haqida bayonot berdi.

Bundan oldin Tojikiston sobiq Bosh prokurori Bobojon Boboxonov o‘z idorasi ko‘plab og‘ir jinoyatlarda ayblangan Mahmud Xudoyberdiyevning ekstraditsiyasini so‘rab, bir necha marta O‘zbekistonga rasmiy murojaat qilgani, ammo hech qanday javob olinmaganini aytgan edi.

Ayni bayonotida Boboxonov 2018 yilda Mahmud Xudoyberdiyev tarafdorlaridan 500 dan ortiq kishi aniqlanib, ro‘yxatga olingani¸ ulardan 36 nafari qidiruvga berilganini ham ma’lum qilgan edi.

2018 yil kuziga kelib O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga yaqin mulozim Ozodlikka rasmiy Toshkentning polkovnik Xudoyberdiyevni Tojikistonga bermagani va berish rejasi ham bo‘lmaganini aytgan.

O‘zbekiston mudofaa vazirligini 1991 yildan 1997 yilgacha boshqargan Rustam Ahmedovga yaqin harbiyning 14 fevralda Ozodlikka aytishicha¸ Xudoyberdiyevning Tojikistonga berilishiga qudratli general¸ MXX sobiq raisi¸ senator Rustam Inoyatov jiddiy qarshi bo‘lgan.

Ozodlik suhbatlashgan ikki nafar “Xudoyberdiyev askari” ham shu kunlarda ular faoliyatini DXX muvofiqlashtirayotganini ochiqladi.

O‘zbekistondagi ayrim mustaqil huquq himoyachilari Mahmud Xudoyberdiyev askarlari 2005 yilgi Andijonda yuz bergan isyonni qurolli bostirishda ishtirok etgani to‘g‘risida o‘z vaqtida bayonot bergan edi. Ammo o‘tgan 15 yil davomida voqea biror guvohi xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga bu haqda rasman ko‘rsatma bergan emas.

Ozodlik suhbatlashgan "Xudoyberdiyev askarlari" 2005 yili Andijonda o‘tkazilgan xarbiy amaliyotda qatnashmaganligini aytdi. Ular iddaosicha¸ bu “afsona” rasmiy Toshkent tarafidan ataylab muammoni o‘zidan chalg‘itish uchun to‘qilgan.

Ozodlik gaplashgan harbiylarga ko‘ra¸ “Xudoyberdiyev batalyoni" asosan chegaralarni qo‘riqlash¸ narkotrafikka qarshi kurashish va mamlakat janubiga suqilib kirmoqchi bo‘lgan islomiy ekstremistlar xurujini bartaraf qilish bilan professional” shug‘ullanib keladi.

"Biz 22 yil O‘zbekiston qurolli kuchlari safida xizmat qilib¸ shu mamlakat harbiy qudratiga hissa qo‘shdik. Evaziga orden emas¸ oddiygina istiqomat qilish huquqini beradigan hujjat so‘rayapmiz" ¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan "Xudoyberdiyev jangchilari".

XS
SM
MD
LG