Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:53

Peterburgda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan muhojirlar javobgarlikka tortildi (VIDEO)


Suratning Sankt-Peterburgdagi voqeaga aloqasi yo‘q.
Suratning Sankt-Peterburgdagi voqeaga aloqasi yo‘q.

Sankt-Peterburgning Dvorsoviy maydonida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib, Yangi yil kirib kelishini nishonlagan o‘zbek muhojirlari ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Ular biri-birining ustiga chiqib, o‘z davlatlari bayroqlarini hilpiratgani aytilmoqda. Mahalliy nashrlar jarimaga tortilgan 14 nafar migrantdan 3 nafari Rossiyadan chiqarib yuborilganini aytmoqda.

Yangi yil arafasida o‘zbekistonlik yoshlar Moskvada ham Peterburgdagi kabi fleshmob o‘tkazgan edi.

Peterburg politsiyasi bu hodisa haqida bir haftadan keyin javob qaytara olishini Ozodlikka bildirdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi "tegishli organlar bilan hamkorlikda sodir bo‘lgan hodisa tafsilotlarini o‘rganayotganini” bildirdi.

Rossiyaning “madaniy poytaxti” Sankt-Peterburgning markaziy maydoni – Dvorsoviyda Yangi yil kirib kelishini nishonlagan bir guruh o‘zbekistonlik va tojikistonlik mehnat muhojirlari shahar politsiyasining “E” – ekstremizmga qarshi kurash bo‘limi nazoratiga tushadi.

Mahalliy “Fontanka” nashrining xabar qilishicha, Dvorsoviy maydonida “onlayn” videos’yomka qilayotgan Ichki ishlar maxsus xodimlari e’tiborini bir-birining ustida o‘tirib O‘zbekiston bayrog‘ini hilpiratayotgan xorijliklar o‘ziga tortadi.

IIB Bosh boshqarmasi rahbariyati bu grajdanlar shaxsini aniqlashni “E” markaziga topshiradi. Osiyoliklardan 14 nafarini o‘rgangan xodimlar har birida qonun buzilishlari borligini aniqladi. Ba’zilari migratsiya qaydiga turishda yolg‘on ma’lumotlarni bergan.”, deb yozdi nashr jurnalistlari.

“Fontanka”ning Markaziy tuman IIBB ning ismini sir tutgan xodimiga tayanib xabar qilishicha, Peterburg markaziy maydoniga bayram nishonlagani kelgan minglab migrantlardan politsiya e’tiboriga tushgan va javobgarlikka tortilgan 14 muhojirga ma’muriy jarima solindi, ulardan 3 nafari Rossiyadan badarg‘a qilindi. Qolgan 11 o‘zbekistonlikka Rossiyadan tashqariga chiqib, migratsiya kartasini yangilatib kirish tavsiya qilindi.

Jurnalistlar politsiyachiga “Boshqa mamlakat bayroqlarini ko‘tarishni taqiqlovchi qoida bormi?” deya bergan savoliga:

- Bunday qoida yo‘q. Bilasizku, bu taqiqlanmagan. Ammo biz ishonamizki, migrantlarning bunday harakatlari mahalliy aholi tomonidan Peterburg politsiyasidan kutilgan harakatlarni keltirib chiqargan, deya gapni aylantirganini ko‘rish mumkin.

Politsiyaning bunday keskin harakatlaridan quvonganini yashirmagan “Fontanka” jurnalistlari “Fontanka” ishonadiki, bu hodisa – politsiya yangi boshqaruvining Peterburgda o‘zini behurmat va hatto beadab tarzda tutayotgan migrantlarga bo‘lgan tabiiy siyosati davomidir”, deb xulosa qildi.

Internet nashr ilova etgan fotosuratlarda o‘zbekistonliklar yashayotgan yotoqxonadagi krovatlardan birida yoyilgan O‘zbekiston milliy ramzini yig‘ib qo‘yayotgan migrantlar tasvirlanganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik bu hodisaga oydinlik kiritish maqsadida Sankt-Peterburg Ichki ishlar boshqarmasining Markaziy tumani bo‘yicha bo‘limiga qilgan murojaatiga hodisa haqiqatan ro‘y bergani, biroq xorij nashrlarga mazkur masalada faqat Bosh boshqarma matbuot xizmati javob bera olishi mumkinligi javobini oldi.

Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot bo‘limi boshlig‘i Vyacheslav Stepchenko esa bu masalada faqat rasmiy tartibda murojaat qilishimizni va “qonunda belgilangan tartibda javob berilishi”ni aytdi.

- 7 kunda qonunda belgilangan muddatda javobingizni olasiz. Men sizga boshqachasiga javob bera olmayman, - deya gapni qisqa qildi shahar politsiyasi matbuot xizmati rahbari Ozodlikka.

O‘zbek grajdanlarining Moskva va Peterburg markaziy maydonlarida Yangi yil arafasida qo‘lga olinishiga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi kuni kecha munosabat bildirdi.

“Bir guruh O‘zbekiston fuqarolarining Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida Yangi yil bayrami dam olish kunlari hibs etilishi va ularga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilishi munosabati bilan media-makonda paydo bo‘lgan xabarlar ortidan mamlakatimiz diplomatik vakolatxonalari Rossiyaning ko‘rsatilgan shaharlarida tegishli organlar bilan hamkorlikda sodir bo‘lgan hodisa tafsilotlarini o‘rganmoqda”, deyiladi TIV matbuot xizmati rasmiy xabarida.

Bundan oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Moskva shahrida bir guruh o‘zbekistonlik yigitlar tomonidan “jonli piramida” yasalib, uning tepasiga chiqib olgan muhojir O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targani videoyozuvi tarqalgan edi va jiddiy tortishuvlarni keltirib chiqargandi.

XS
SM
MD
LG