Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:43

Rossiya hukumati migrantlar oqimini yanada cheklamoqchi, ish beruvchilar norozi


Moskvadagi muhojirlar
Moskvadagi muhojirlar

Rossiya Mehnat vazirligi 2020 yilda mehnat muhojirlari ishlashiga ruxsat beriladigan sohalar sonini yanada kamaytirishni rejalashtirmoqda. Hukumat migrantlarga hech qanday cheklovsiz faqat qurilishda ishlashga ruxsat bergan.

Ayni paytda Rossiya hukumati migrantlarni ishga yollayotgan korxonalarga yengillik yaratuvchi boshqa bir qonun loyihasini tayyorlayotgani ma’lum bo‘ldi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, bu mamlakatda ishga ruxsatnoma asosida ishlayotgan migrantlarning deyarli yarmi o‘zbekistonliklardir.

Aksilmigrant qonun loyihasi

2020 yildan Rossiyada xorijlik ishchilar aptekalarda, oziq-ovqat va sanoat mollari do‘konlarida hamda boshqa savdo ob’yektlarida sotuvchi lavozimida ishlashi keskin cheklanadi. Migrantlar bozorlarda sotuvchilik qilishi mumkin, biroq bozorlar tashqarisida savdo-sotiq bilan shug‘ullanishga taqiq qo‘yiladi.

Rossiya Mehnat vazirligi tayyorlagan qonun loyihasiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab yana qator sohalarga xorijliklarni jalb qilish taqiqlanadi. Masalan, alkogol va tamaki mahsulotlari bilan savdo qiluvchi do‘konlarda migrantlar soni sotuvchilar umumiy miqdorining 15 foizidan oshmasligi, yo‘lovchi tashuvchi avtobus va yengil mashinalarda va yuk tashuvchi avtotransportda migrantlar umumiy ishchilar sonining 26 foizidan oshmasligi lozim qilib belgilanishi mumkin.

Mehnat vazirligi tayyorlagan qonun loyihasi Davlat dumasiga joriy oyda taqdim etildi. Qonunning qachon qabul qilinishi hozircha noma’lum.

So‘nggi yillarda migratsiya oqimini qisqartirish va qat’iy nazoratga olish istagini bildirayotgan Vladimir Putin hukumati o‘zbek va tojik muhojirlariga faqatgina eng og‘ir va ko‘p ishchi kuchi talab qilinadigan qurilish sohasida hech qanday cheklovlarsiz ishlashga ruxsat bermoqda.

2020 yilda qurilish ishlariga Amur viloyati, Buryatiya va Moskva shahrida hech qanday cheklovlarsiz qabul qilish mumkin.

2018 yildan buyon Rossiyada ishga ruxsatnoma – patent oluvchi o‘zbek migrantlari soni ko‘payib borayotganiga qaramasdan, ular o‘tkazayotgan mablag‘lar miqdori kamayib borayotgani tegishli idoralar tomonidan qayd etilmoqda.

Ayni paytda boshqa qonun loyihasi ham paydo bo‘ldi

Migratsiya tartiblarining Rossiya hukumati tomonidan keskinlashtirilishi oqibatida davlatda migrantlar mehnatidan foydalanuvchi katta va kichik biznes ham og‘ir ahvolga tushib borayotgani soha mutaxassislari xavotirini uyg‘otmoqda.

Migrant ishchilar ustidan nazorat kuchaytirilayotgan bir paytda, Rossiya hukumati joriy yilda migrantlarni ishga yollayotgan korxonalarni, ularga yengillik yaratish maqsadida "reja asosidagi tekshiruvlardan ozod qilish" to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi. 2020 yilning kuzida Davlat dumasi muhokamasiga kiritiladigan va rus tadbirkorlari tomonidan olqishlangan o‘zgartishlar "davlatning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashishi" aytildi.

Loyiha izohida bu chora aholisi keskin kamayib borayotgan va ishchi kuchiga ehtiyoj sezib borayotgan mintaqalarga qo‘l kelishi ma’lum qilindi.

Ko‘pchilik Moskovu Piterga intilmoqda

Rossiya Ichki ishlar vazirligi e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari hamda Leningrad viloyati muhojirlarni o‘ziga eng ko‘p tortadigan mintaqalardir.

Hisobotda Rossiyada ishga ruxsatnomalarni tayyorlayotgan xorijliklar orasida birinchilik o‘zbekistonliklarga tegishli ekani aytiladi.

"Ishga ruxsat beruvchi patentlarni asosan O‘zbekistondan kelgan migrantlar olmoqda. 2019 yilning 9 oyi davomida mutaxassislar ularga 835,8 ming hujjat topshirgan. Keyingi o‘rinda ko‘rsatilgan muddat oralig‘ida 416,2 ming patent olganTojikiston grajdanlari borayapti" deyiladi hisobotda..

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, 2019 yilning yanvar-sentabri davomida Rossiya poytaxtida 335,5 ming, Sankt-Peterburg shahri va Leningrad oblastida 190 mingdan ziyod, Moskva oblastida 168,2 mingta ishga ruxsatnoma berilgan.

Ayni paytda, Tuva, Mariy El va Nenets avtonom okrugi Rossiyaning xorij mingrantlari uchun eng jozibasiz mintaqalari bo‘lgani kayd etildi: masalan, Tuvada yil davomida atigi 143 dona patent berilgan.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbek muhojirlarining aksar qismi ish haqi yuqoriligi bois, asosan, Peterburg va Moskva mintaqalariga ishlashga borishini bildirdi.

Moskvada ko‘p yillardan beri taksichilik qilayotgan Muhammad Ozodlik bilan suhbatda Rossiyaning boshqa viloyatlarida ham ishlab ko‘rgani, ammo Moskvada ish haqi bir necha barobar ko‘p ekanini aytdi:

- Boshqa joylarga qaraganda bu yerda ish haqi baland, shunga hamma Moskva va Piterni tanlaydi. Boshqa joylarda ish haqi baland bo‘lganida, albatta, u yerlar sovuq-issiq bo‘lishiga qaramasdan bizning muhojirlar ishlashardi.

Muhammad muhojirlar mahalliy byudjetga mo‘may daromad keltiruvchi manba ekanini eslatib, shunga qaramasdan oylik patent to‘lovlari yildan-yilga keskin oshib borayotganidan norozilik bildirdi.

Peterburgda kvartira remonti bilan shug‘ullanib, pul topayotgan 38 yoshli Sardorning fikricha, Peterburg va Moskva megapolislari migrantlarni maoshning yuqoriligidan tashqari, ish topishning osonligi bilan ham o‘ziga jalb qilib keladi:

- Yaqinda do‘stim Chelyabinskka ishlagani ketgan edi – u yerda bir xonaning gul qog‘ozini ko‘chirish va yangisini yopishtirish 8 ming rubl ekan. Moskvada bu ish 2,5 barobar qimmat turadi! Moskvada ish topish ham oson, ammo harajatlarini ham hisobga oling – patent to‘lovi, registratsiya, yeyish-ichish juda qimmat. Ishingizga kam haq to‘lansa qiynalib qolasiz Moskva-Peterburgda.

Sardor Rossiyaning markaziy mintaqalarida “mavsumiy ish” degan tushuncha yo‘qligi – bu yerda qishin-yozin ish topish mumkinligini, Ural orti va shimoliy mintaqalarda esa qish kelishi bilan ish mavsumi tugashini bildirdi.

Suhbatdosh oxirgi yillarda iqlimi nisbatan yumshoqroq bo‘lgan Krasnodar o‘lkasi va Qrimga ishlashga borayotgan o‘zbek muhojirlari soni ko‘payib borayotganini ham qo‘shimcha qildi.

U patent va boshqa soliq-to‘lovlar hajmi oshib borayotgani bois Rossiyada nolegal holatga o‘tishga majbur bo‘lib qolayotganlar soni ham keskin oshayotganini aytdi.

XS
SM
MD
LG