Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:39

Xalqaro kuzatuvchilar: O‘zbekiston bugun erkinroq, lekin saylovlar ustida ishlashi kerak


YXHTning saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiya rahbari Tana de Zulueta. (Ozodlik arxividan)
YXHTning saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiya rahbari Tana de Zulueta. (Ozodlik arxividan)

Xalqaro xulosa: Saylov qonunchiligidagi muhim siljish O‘zbekistondagi parlament saylovlarida yetishmagan haqiqiy raqobat o‘rnini to‘ldira olmadi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) va Parlament Assambleyasi (YXHT PA) birgalikda saylovlarni kuzatdi.

Delegatsiyaning Toshkentda 23 dekabr kuni e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, O‘zbekistonda saylov qonunchiligi takomillashgan va so‘z erkinligiga hurmat oshgan. Biroq muxolif siyosiy partiyalar mavjud emas. Fundamental huquqlarga e’tiborsizlik keng va saylov kunidagi ayrim jiddiy qoidabuzarliklar kuzatilgan.

Saylov qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgartirishlar O‘zbekistonni xalqaro me’yorlarga yaqinlashtirgan. Ammo, deya eslatadi missiya, demokratik saylovlar uchun muhim bo‘lgan fundamental huquq va erkinliklarga doir qonunchilikda hanuzgacha haddan ziyod cheklovlar mavjud. Erkin uyushish va siyosiy partiya tuzish huquqi hamon cheklangan.

“Muhim dovondan o‘tildi, eski odatlar – jumladan saylov kunidagilari ham – yanada ko‘proq ish qolganini namoyish qilmoqda”, - deydi Georgiy Tsereteli, ushbu saylovlarda YXHTning maxsus muvofiqlashtiruvchisi va YXHT qisqa muddatli kuzatuvchilar missiyasining rahbari.

“O‘zbekiston rahbariyati amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu saylovlarga amaliy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatdi, lekin demokratik taraqqiyot jadal raqobatni va asosiy inson huquqlari, erkinliklariga hurmatni taqozo etadi. Bu jarayonni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyormiz”.

Saylovoldi targ‘ibot yaxshi olib borildi, deydi kuzatuvchilar. Saylovchilarning markazlashgan yagona ro‘yxati ishga tushirilgani oldinga siljishdir, lekin amaliyotga to‘liq tatbiq etilishi kerak. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirokini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari etarli bo‘lmadi. Saylovoldi kampaniyasining o‘zi ham umuman olganda cheklangan bo‘lib, OAVdan tashqarida faol bahs-munozara bo‘layotganiga dalillar kamroq kuzatildi, deyiladi bayonotda.

YXHT delegatsiyasi tahlilicha, so‘nggi yillarda parlament faollashgan, uning ta’siri oshgan. Lekin barcha partiyalar prezident va hukumat siyosatini qo‘llab-quvvatlashi, muxolif partiyalar yo’qligi saylovchilarning tanlash imkoniyatini cheklaydi.

YXHT PA delegatsiyasining rahbari Kari Henriksen:

“Kecha parlamentga saylanish uchun ishtirok etgan nomzod ayollar soni misli ko‘rilmagan darajada bo‘ldi, bu O‘zbekistondagi bo‘lib o‘tayotgan o‘zgarishlarga ishora bo‘lsa kerak... Bu saylovlar avvalgilariga qaraganda ancha ochiq o‘tgan bo‘lsa ham, saylovchilar tanlovi uchun taqdim etilgan muqobil taklif juda cheklangan edi. O‘zbekiston rahbariyatda men ko‘rgan islohotlarga sodiqlik tez orada butun jamiyatni qamrab olishiga umid qilaman”.

YXHT sanab o‘tayotgan ijobiy o‘zgarishlar:

Shu kungacha islohotlar fuqarolarga o‘z muammolarini aytish uchun ko‘proq imkon yaratdi. Davlat mutasaddilarining tanqidga yondashuvi o‘zgardi. OAVda ham so‘z erkinligi darajasi oshdi. Ba’zi odamlar o‘z qarashlarini blog va ijtimoiy tarmoqlarda bildirishga jur’at etmoqda. Lekin ayni damda internetda yoki hayotda bildirilgan ochiq norozilik jazolanishga olib kelishi mumkin, ma’muriy va jinoiy huquqbuzarliklar uchun ko‘zda tutilgan ko‘pgina huquqiy normalar erkin so‘zni cheklashi mumkin.

“Mustaqil fikrlaydiganlar soni o‘smoqda, odamlarda erkinlik hissi paydo bo‘lgan, bu juda quvonarli holdir”, - deydi Tana de Zulueta, DIIHB saylov kuzatuvchilar missiyasining rahbari.

”Lekin bu erkinlikning o‘z chegaralari bor va ochiq norozilik ta’qib yoki qamoq bilan tugashi mumkin. Suhbatdoshimizdan biri aytganidek: “biz eski mexanizm bilan yangi narsalarni qilishga harakat qilayapmiz”.

DIIHB O‘zbekiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor.

O‘zbekistondagi parlament saylovini kuzatish xalqaro missiyasida 37 davlatdan 316 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi. 271 nafari DIIHB kuzatuvchilaridir. 45 nafari essa YXHT PA parlament a’zosi va xodimlari.

Saylovda kim qancha yutdi? Liberal-demokratlar eng ko‘p o‘rinni qo‘lga kiritgan - 43. Ikkinchi o‘rinda, "Milliy Tiklanish" - 35. "Adolat" sotsial-demokratlar 21, Xalq demokratik partiyasi esa 18 o‘rin olgan. Ekologik partiya esa 11.

O‘zbekistonda ovoz berish huquqiga ega aholi soni qariyb 20 million. Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, 14 millionga yaqini saylovga chiqqan - 67,8 foizi. Xorijdagi o‘zbekistonliklarning ikki millioni ovoz berishi mumkin edi, lekin ularda atigi 112 minggi qatnashgan - 6,6 foizi.

Amerika ovozi

XS
SM
MD
LG