Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:00

IIVdan FVVga o‘tkazilayotgan o‘t o‘chiruvchilar ishsiz qolishdan qo‘rqmoqda


Farg‘ona viloyati IIB Yong‘in xavfsizligi xizmatida ishlayotgan o‘ndan ziyod xodim 23 dekabr kuni Ozodlikka yozma murojaat qilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga majburan o‘tkazilayotganidan noroziligini bildirdi.

O‘zbekiston prezidenti joriy yilning 28 noyabrida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Ichki ishlar vazirligi boshqaruvi ostida bo‘lib kelgan Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatini Favqulloda vaziyatlar vazirligiga, Qo‘riqlash bosh boshqarmasini esa Milliy gvardiyaga o‘tkazish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi.

Ozodlikka kelgan murojaatni imzolaganlardan biri, mayyor rutbasidagi zobit bilan gaplashdi. Ismi aytilishini istamagan bu zobitga ko‘ra, “FVV tizimiga o‘tkazilsa qator imtiyozlardan mahrum bo‘lishadi”:

- FVV ga o‘tish bo‘yicha mehnat shartnomasi tuzmagan (tuzganlari ham bor - tahr.)) xodimlarni majburiy tarzda xizmatdan bo‘shatish to‘g‘risida vazir Bobojonov ko‘rsatma beribdi. Mayli, biz soldatmiz, buyruqni bajaramiz. Lekin nega qo‘riqlash xizmati xodimlari masalasida vazir bu yo‘lni tutmadi.? Qo‘riqlash bosh boshqarmasidan Milliy gvardiyaga o‘tkazilishini istamaganlarga IIV tizimidan ish topib berildiku?! Biz o‘t o‘chiruvchilarning nima aybimiz bor? FVV bilan mehnat shartnomasi tuzmaganlarni IIB tasarrufiga o‘tkazib qo‘yishsa nima o‘zgaradi? Osmon uzilib yerga tushadimi? Biz ham IIB xodimi bo‘lganmizku? Bizga IIB da joy yo‘q deb bahona qilmasdan, yechimini topib berishsin​!

Ozodlik yana bir farg‘onalik o‘t o‘chiruvchi bilan suhbatlashdi. Safdor rutbasida bo‘lgan 26 yashar yigitning Ozodlikka aytishicha¸ mehnat shartnomasi tuzmaganlar 1 yanvardan ishga kelmasin deb viloyat rahbari majlisda aytgan:

Safdorning Ozodlikka aytishicha, bundan oldin, 30 noyabrda Ichki ishlar vaziri viloyatda sayyor qabul o‘tkazgan va IIV tarkibida qolmoqchi bo‘lgan o‘t o‘chiruvchilarni qabul qilmagan:

- Vazir Po‘lat Bobojonov Farg‘ona viloyat IIB binosida o‘tkazgan sayyor qabuliga bizni - IIB ixtiyoriga o‘tmoqchi bo‘lgan xodimlarni kiritishmadi. Shu kuni bizdan IIBga o‘tish bo‘yicha bildirgilar yozdirib olishdi. O‘zimiz vazirga olib kiramiz, sizlar shart emassizlar, deb kadrlar bo‘limidagilar bizni aldashdi. IIB binosi oldidan ketkazib yuborishdi. Oradan ikki hafta o‘tib, bildirgilarimizni YoXBga bizda joy yo‘q deb jo‘natib yuborishdi. Biz hozir bo‘sh o‘rin so‘ramayapmiz, IIB ixtiyoriga o‘tkazishlarini so‘rayapmiz xolos.

O‘zbekiston prezidentining 28 noyabrda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bergan ko‘rsatmasi asosida 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi xizmatida ishlayotgan barcha xodimlarni Favqulodda vaziyatlar vazirligiga o‘tkazish bo‘yicha Ichki Ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ko‘rsatma bergan.

Bu ko‘rsatma borasida o‘zini Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Davron Qambarovning yordamchisi deb tanishtirgan mulozim Ozodlikka izoh berdi. Uning aytishicha, IIV yong‘in xavfsizligi tizimida ishlab kelgan har bir xodim bilan shartnoma tuziladi. Mulozimga ko‘ra¸ bu shartnomada IIV xodimi o‘z ixtiyori bilan FVV tasarrufiga o‘tishi huquqiy kafolatlanadi.

O‘t o‘chiruvchilar nimadan qo‘rqmoqda?

Farg‘ona viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi xizmatida ishlayotgan mayyor rutbasidagi zobitning Ozodlikka tushuntirishicha, o‘t o‘chiruvchilar ishsiz qolishdan qo‘rqmoqda:

- FVVning bizga ko‘zi uchib turgani yo‘q. Shtat jadvali to‘lgan. Biz IIV dan FVVga o‘tgan paytda vaqtincha 3 oyga qush huquqi bilan ishga olinamiz. 3 oy ichida bo‘sh o‘rin topilmadi deb bizni bo‘shatib yuborishadi. Ko‘chada qolamiz. Bola-chaqamizni qanday boqamiz. bu o‘yinlarni xamma tushinib turibdiku?! Iltimos unaqa qilmanglar janob vazirlar!

Ozodlik o‘t o‘chiruvchilar tashvishi borasida Farg‘ona viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qildi.

O‘zini boshliqning birinchi o‘rinbosari Oybek Xolmatov deb tanishtirgan mulozim Ozodlik savolini javobsiz qoldirdi.

XS
SM
MD
LG