Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:45

Manbalar: Hibsda qolayotgan sobiq Bosh prokuror Murodov ishi Harbiy sudga oshirildi


O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Otabek Murodov
O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Otabek Murodov

O‘zbekiston Respublikasi sobiq Bosh prokurori, 44 yashar Otabek Murodovga sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayev ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida ayblov e’lon qilinib, ish Harbiy sudga oshirildi.

Bu ma’lumotni matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois, shaxsi sir qolishini so‘ragan, biri Prezident administratsiyasida ishlaydigan, ikkinchisi prokuratura tizimida ishlaydigan, bir-biridan mustaqil ikki mulozim Ozodlikka 16 dekabrda ma’lum qildi.

Mulozimlardan olingan ma’lumotni, Murodovni himoya qilayotgan advokatga yaqin manba ham, Ozodlik bilan muloqot chog‘ida 16 dekabr kuni tasdiqladi.

Pora olish va berishda ayblanmoqda

44 yashar Otabek Murodov Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 210- moddasi (Pora olish) va 211-moddasi (Pora berish) da ayblanayotgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

Murodovni himoya qilayotgan advokatga yaqin manbaning aytishicha¸ prokuraturaning ayblov xulosasida yuqorida tilga olingan moddalar bo‘yicha ayblov saqlanib qolgan.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasiga yaqin mulozim sobiq Bosh prokuror ishi Xarbiy sudning yopiq majlisida ko‘rilishini bildirdi.

Sud jarayoni aynan qachon boshlanishi aniq emas. Ozodlik suhbatlashgan mulozimga ko‘ra, sud joriy hafta ichida boshlanishi mumkin.

Ozodlik suhbatlashgan mulozimga ko‘ra¸ “ayblov xulosasidan bir nusxasi O‘zbekiston prezidenti administratsiyasiga taqdim qilingan".

Murodovni himoya qilayotgan advokatga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha¸ “ijro hukumati bo‘g‘ini bo‘lgan prezident administratsiyasiga ayblov xulosasi berilgani” mavjud qoidalarga ziddir. Uning yana aytishicha, Murodovning uyidagi tintuv davomida mavjud protseduralarga to‘la rioya qilinmagan.

Advokatga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, joriy yilning 5 noyabrida Otabek Murodovning Toshkent shahar Yunusobod tumani Markaz-5 dagi xonadoni (Ozodlikda uy va xonadon manzili mavjud) huquqni muhofaza qilish idoralar xodimlari tomonidan tintuv qilingan.

Shuningdek, Otabek Murodovning xavfsizlik idoralaridan birida ishlab kelgan jiyani M.A. (ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum) o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan.

Otabek Murodov joriy yilning 18 sentabr kuni tergovga chaqirilgan va o‘sha kuni tergov izolyatoridan qo‘yib yuborilmagan.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois shaxsi sir qolishini so‘ragan bir-biridan mustaqil mulozimlarga ko‘ra¸ Otabek Murodov 18 sentabrda DXX izolyatoriga DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev ishi bo‘yicha so‘roqqa chaqirilgan.

Sobiq bosh prokuror 19 sentabrga o‘tar kechasi o‘sha izolyatorda olib qolingan va bugunga qadar chiqarilmagan.

Mulozim iddaosiga ko‘ra¸ bunga qadar uy qamog‘ida saqlangan sobiq Bosh prokuror Murodovga nisbatan ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan.

Uning shu kunlarda xalq orasida Toshkent shahridagi “Zarafshon” deb aytiladigan DXX tergov izolyatorida saqlanayotgani haqida uni yaqindan taniganlardan biri Ozodlikka ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasiga yaqin mulozim bu xabarni tasdiqladi.

Ayni paytda Ozodlik ixtiyorida bu iddaolarning rasmiy tasdiq yoki inkori hozircha yo‘q. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Ozodlikning bu haqdagi so‘rovini javobsiz qoldirdi.

Prezident fosh qilgan edi

Joriy yil 21 iyun kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 20-yalpi majlisida chiqish qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev 3-darajali davlat adliya maslahatchisi Otabek Murodovga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgan edi.

Mazkur chiqishida Mirziyoyev sobiq bosh prokuror o‘z ishonchini oqlamaganini ta’kidlagan edi.

"Bu nima degan gap? Mansab bersa, darrov o‘zgarib qoladi. Viloyat prokurorlaridan 100 ming, 50 ming dollarlab olinadi. Prokuratura va soliq tizimidagilarning hammasi poraxo‘r. Men buni yaxshi bilaman. Men Murodovga ishonch bildirgandim" degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Mirziyoyev o‘z nutqida ustidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan rahbarlarning barchasi jazolanishini aytgan edi.

"Prokuraturada korrupsiya bo‘laveradigan bo‘lsa, men qanday qilib investorlarni jalb qilaman? Investor deputat yoki hukumat odamidan emas, tadbirkordan so‘raydi davlatdagi holat haqida. Tadbirkor nima deydi? Prokuror ham, vazir ham pul oladi deydi-da! Sobiq rahbarlarning hammasi, u Abdullayev bo‘ladimi boshqasimi, katta muddat bilan ketadi" degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning bu gapidan keyin sobiq prokuror uyidan tergovga konvoy hamrohligida olib ketilib, prokuraturaning ishdan bo‘shatilgan sobiq mulozimlari bilan yuzlashtirilgani iddao qilingan edi.

Rutbadan mahrum qilingan edi

20 iyun kuni Bosh prokuratura binosida o‘tkazilgan majlisda Bosh vazir Abdulla Aripov va prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov Otabek Murodovni uchinchi darajali adliya maslahatchisi rutbasi va barcha davlat mukofotlaridan mahrum etgan edi.

Bu haqda majlisning bevosita qatnashchilari Ozodlikka o‘sha kuniyoq xabar qilgan edi.

Ozodlik Otabek Murodov bilan bog‘liq tergov jarayoni haqida uning yaqinlaridan ma’lumot olishga harakat qildi.

Hozircha Murodov yaqinlari matbuot bilan muloqot qilishdan o‘zini olib qochmoqda.

O‘zbekiston tarixidagi eng yosh bosh prokuror bo‘lgan Otabek Murodov bu qudratli va yopiq idorani matbuot uchun ochgan rahbar sifatida e’tiborga tushgan.

Ixtiyor Abdullayev ishi

Jinoiy uyushma tuzganlikda aybdor topilgan Ixtiyor Abdullayev 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingani to‘g‘risida Ozodlik 27 sentabrda xabar qilgan.

O‘sha kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati O‘zbekiston Respublikasi Xarbiy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) sobiq raisi Ixtiyor Abdullauev va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan ayblov hukmi e’lon qilinini xabar qilgan.

Oliy sud xabarida bunday deyilgan:

Ikki oydan ortiq davom etgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilarning, uch yuzdan ortiq jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib tahlil qilindi, dastlabki tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning vajlari tekshirildi.

Natijada, Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamachilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

XS
SM
MD
LG