Kreml Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning Internetda boshqalar “sha’niga” tekkanlarni o‘ldirish, qamash va qo‘rqitish chaqiriqlarini ko‘rib chiqmasligini bildirdi.
7 noyabr kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Qodirov bildiruvlarini eshitmaganini aytdi.
Kotib prezidentning sharhlarini Kreml emas, balki politsiya tergov qilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
5 noyabr kuni Checheniston davlat telekanallaridan biri – “Grozniy” kanali Qodirovning mahalliy hukumatlar vakillariga so‘zlayotgani aks etgan videoni efirga uzatdi.
Unda Qodirov davlat rasmiylaridan Internetda yozilgan sharhlardan keyin odamlar qanday qilib o‘z izzat-nafslarini tiklay olishlari haqida so‘ragan.
- Odamlar o‘rtasida totuvlikni buzgan, mish-mish va ig‘vo tarqatganlarni – agar biz ularni o‘ldirish, qamash, qo‘rqitish yo‘li bilan to‘xtatmasak – hech nima qila olmaymiz, - deydi Qodirov.
Ramzan Qodirov “qonunlar buzilsa ham”, “butun kurrai zamin kuyib kul bo‘lsa ham”, ularni topib jazolashga tayyorligini qo‘shimcha qilgan:
- Biz bunga befarq bo‘lmaymiz, muqaddas Qur’on nomi bilan qasam ichaman! Agar nomusimni tiklash yo‘li shu bo‘lsa, bu dunyodagi barcha jazoga roziman. Qamoqqa boraman yoki o‘limga rozi bo‘laman. O‘ldirishingiz mumkin meni, - deydi Qodirov. - 45 yoshga kirdim, bu dunyoda qiladigan yana nima ishim qoldi? Ammo bular [onlayn kommentatorlar] izlab, topilishi kerak. Viloyatlar va shaharlar yetakchilari bilan politsiya, xavfsizlik xizmatlari, yoshlar tashkilotlari hamkorlik qilishi kerak. Hamma Ramzan qotillik qilishni buyurdi, deya gapira boshlaydi. Lekin qonunchi? Qonun, konstitutsiya va demokratiya tom ma’noda aholi osoyishta hayot kechirishidir.
Jurnalistning Qodirovning bu gaplari tergov qilinish-qilmasligi haqidagi savolga Peskov “yo‘q”, deya javob berdi.
Inson huquqlari faollari Qodirov repressiv yo‘llar bilan Chechenistonni boshqarib kelayotganini hamda mamlakat xavfsizlik kuchlariga cheksiz vakolat berganini aytib keladi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Chechenistonda muxolifat vakillarining o‘g‘irlab ketilishi, qiynoqqa tutilishi va sudsiz o‘ldirishiga Qodirov zamin yaratib bergan.
Kreml tanqidchilariga ko‘ra, Qodirov Chechenistonda separatizm va zo‘ravonlikka qarshi kurashib kelayotgani uchun rasmiy Moskva unga qarshi ayblovlarga ko‘z yumib keladi