Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:30

Ishdan olingan “Narxoz” rektori jinoyat ishi figurantiga aylandi


Ishdan olingan Bahodir Xodiyev
Ishdan olingan Bahodir Xodiyev

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha DXX va prokuratura organlari taftish boshladi. 5 noyabr kuni ishdan olingan universitet rektori Bahodir Xodiyev jinoyat ishi figurantiga aylandi.

Bu haqda Ozodlikka 5 noyabr kuni prezident maslahatchilari Sherzod Kudbiyev va Abdujabbor Abduvohidov hamda DXX, prokuratura organlari vakillari boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilish ishtirokchisi gapirib berdi.

Shuningdek, oliy ta’lim tizimlaridagi kadr o‘zgarishlaridan xabardor bo‘lgan¸ fan doktori rutbasidagi o‘qituvchi ham Xodiyevning jinoyat ishi figuranti bo‘lgani, ammo hali xibsga olinmaganini Ozodlikka ma’lum qildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Kongratboy Sharipov Toshkent Iqtisodiyot universitetiga rektor etib tayinlangani rasman ma’lum qilindi.

Virtual sazoyi

6 noyabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy telegram kanalida sobiq rektor Xodiyevni virtual "sazoyi qilish" kampaniyasi boshlandi.

Vazirlikning rasmiy telegram kanalida chiqish qilgan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Tashkiliy-kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Bobiromon Qodirov “rektor korrupsiya bois” ishdan olinganini yozdi.

“5 noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining kengaytirilgan Hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Oliy ta’limda ta’lim sifatiga to‘sqinlik qiluvchi asosiy illat – korrupsiyaga qarshi kurash masalasi ko‘rib chiqildi.”

Mulozimning yozishicha, Bahodir Xodiyevning korrupsiyada ayblanib ishdan olinishi shu sohada ishlayotgan boshqalar uchun “ogohlik qo‘ng‘irog‘i” bo‘lmog‘i lozim.

Vazirlik telegram kanalida chiqish qilgan Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov esa “korrupsiya bilan bog‘liq salbiy holatlar muhokama markazida bo‘lgan mas’ullarga nisbatan jazo muqarrarligi”ni ta’kidladi.

Rasmiy telegram kanali va Uza saytida Chirchiq¸ Buxoro¸ Nukus va Toshkentdagii Oliy o‘quv qrti o‘qituvchi va talabalari “bir ovozdan” “narxozdagi korrupsionerlarni “ la’natlab, boshqalarni “hushyor bo‘lishga” chaqirishga o‘tdilar.

Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU talabasi Shokir Yo‘ldosh rasmiy matbuotda chiqish qilib, “Oliy ta’lim sohasi poraxo‘rlik eng urchigan joy” ekanligini ta’kidladi.

Bosim ostida qolgan sobiq rektorning “qon bosimi oshib kasalxonaga tushdi”

5 noyabr kuni prezident maslahatchilari Sherzod Kudbiyev va Abdujabbor Abduvohidov hamda DXX, prokuratura organlari vakillari boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda universitet rektori Bahodir Xodiyev o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Shu yig‘ilishda ishtirok etgan xodimning ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha, majlisdan keyin sobiq rektorning salomatligi yomonlashgan.

Manba iddaosiga ko‘ra¸ sobiq rektor Xodiyev zudlik bilan yangi Toshmi klinikasiga olib kelingan.

Vrachlar Xodiyevning qon bosimi oshganini qayd qilishgan.

Sobiq rektor 5 noyabr kechqurun kasalxonadan o‘z uyiga qaytib kelgan.

Manbaning yana aytishicha¸ Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tuzilgan prokuratura tergov guruhi sobiq rektorni so‘roq qilishni kechiktirgan.

Oliy ta’lim tizimlaridagi kadr o‘zgarishlaridan xabardor bo‘lgan fan doktori rutbasidagi o‘qituvchining ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha, “Narxozda keng ko‘lamdagi tozalash ishlari boshlangan”.

Mulozimlik yo‘li

5 noyabr kuni korrupsiyada ayblanib ishdan olingaan Bahodir Xodiyev 2016 yilning may oyidan buyon Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga rektorlik qilib kelayotgan edi.

Bahodir Xodiyev 2010 yil martidan 2014 yilning apreligacha O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri bo‘lgan, 2014 yilning aprelidan 2015 yil iyuligacha fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisi sifatida ishlagan, 2015-2016 yillarda Yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha majmua rahbari hamda tegishli ravishda bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan edi.

XS
SM
MD
LG