Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:40

Ish vaqtida "boshliq dachasini qurayotgan" ishchi beton devor tagida qolib o‘ldi


Xonoboddagi kasalxona. Illyustrativ rasm.
Xonoboddagi kasalxona. Illyustrativ rasm.

"Hududgaz Andijon" MChJga qarashli Qorasuv shahar gaz ta’minoti bo‘limi xodimi, 58 yashar Madaminjon Isroilov 21 oktabr kuni baxtsiz hodisa oqibatida olamdan o‘tdi.

"Xududgaz Andijon" MChJ Xodimlar bo‘limi mulozimiga ko‘ra¸ Isroilov Qorasuv shahar gaz ta’minoti bo‘limida qorovul bo‘lib ishlagan va 21 oktabr kuni olamdan o‘tgan paytda o‘z ish joyidan 20 km uzoqlikdagi Xonobod shahrida bo‘lgan. Mulozimning aytishicha, marhum "Hududgaz Andijon" MChJ rahbarining dala hovlisi qurilishida ishlagan.

Ozodlik "Hududgaz Andijon" MChJ rahbari Davron Salohiddinov​ning o‘zi bilan bog‘lana olmadi. O‘zini Salohiddinovning yordamchisi deb tanishtirgan shaxs savollarni eshitdi, lekin javob bermadi.

Andijon viloyati IIB xodimining Ozodlikka bildirishicha, voqea yuzasidan tergovgacha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.​

Madaminjon Isroilov bilan birga ishlagan hamkasbining Ozodlikkka aytishicha¸ marhum dala hovli qurilishida ishlaëtgan paytda uning ustiga beton devor ag‘darilgan.

- Shlakoblokdan tiklangan devor yonidagi sahnni tozalayotgan paytda devor Madaminjon akaning ustiga ag‘darildi. Peshindan keyin edi. Akani mashinaga solib shaharning shoshilinchiga (Shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasi - tahr.) obordik. Ahvoli og‘ir deb olmadi. Keyin viloyat shoshilinchiga obordik¸ o‘sha yerda joni uzildi.

Marxum Madaminjon Isroilov
Marxum Madaminjon Isroilov

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyat bo‘limi navbatchi vrachining Ozodlikka bildirishicha “Og‘ir travma oqibatida behush bo‘lgan, 1961 yil tug‘ilgan bemor Isroilov Madaminjon 21 oktabr soat 15 da kasalxonaga keltirilgan. O‘sha kuni soat 17 da o‘lim holati qayd qilingan. Bu haqda tegishli tartibda IIB ga habar berilgan".

Andijon viloyat IIB xodimining bildirishicha, voqea yuzasidan tergovgacha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Majburiy mehnat qurbonimi?

"Xududgaz Andijon" MChJ Xodimlar bo‘limi mulozimiga ko‘ra¸ 21 oktabr kuni Madaminjon Isroilov Qorasuv shahridagi ish joyida ishlayotgan sifatida daftarda qayd qilingan.

Biroq, mulozimning aytishicha, aslida Isroilov joriy yilning 7 oktabridan boshlab "Hududgaz Andijon" MChJ bosh direktori Davron Saloxidinovning xususiy dala -hovlisi qurilishida ishlagan.

Isroilov bilan birga ayni qurilishda ishlagan gaz idorasi xodimining aytishicha, ular "Hududgaz Andijon" MChJ boshlig‘i Davron Salohiddinovning buyrug‘iga asosan dala hovli qurilishida ishlagan:

- Nimaniyam qorovullarding. Oyliging ketib turibdi, abetingni ham beraman deb, obkeb qo‘yishgan bizni. O‘sha bosib qolgan devorniyam Madaminjon akaning o‘zi ko‘taruvdi. O‘zi ko‘targan devorning tagida o‘zi qoldi.

Ozodlik "Hududgaz Andijon" MChJ boshlig‘i Davron Salohiddinovning o‘ziga telefon qildi. O‘zini "Salohiddinovning yordamchisiman" degan shaxs Ozodlik savolini diqqat bilan eshitdi. "Qaytib telefon qilaman" deganicha boshqa aloqaga chiqmadi.

Ish vaqtida boshliq dala hovlisini qurayotib olamdan o‘tgan Madaminjon Isroilovnig ortida ikki farzandi va xotini qoldi.

“Dala hovli” qurdirish ommaviy tadbiri

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning qarori bilan 2019 yil “Obod qishloq” dasturi doirasida Qirg‘iziston bilan chegaradosh Xonobod shahrida 1400 ta uy qurish ishlari olib borilmoqda.

Avvaliga “kam ta’minlangan oilalar uchun” deb taqdim etilgan ikki sotix yerda quriladigan ikki xonali bu uylar loyihasi¸ Ozodlik gaplashgan andijonliklarga ko‘ra¸ ko‘p o‘tmay “dala hovli” deb atala boshlangan.

Hech qanday infratuzilma yo‘q qir-adirda quriladigan bu uylarga xaridor topilmagani ortidan¸ ularni sotib olish o‘zi shundoq ham asosiy vaqti dalada o‘tadigan fermerlar va tashkilot rahbarlari bo‘yniga qo‘yilgan.

Andijon viloyat hokimligi 1400 ta yer uchastkasini tumanlarga taqsimlab bergan. Tuman hokimliklari esa, o‘z navbatida fermerlar va tadbirkorlarni o‘z hisobidan uy qurishga majburlagani haqida shikoyatlar yangragan.

Bu haqda Ozodlik 20 avgust kuni "Fermerlarga majburan sotilgan dala hovlilarni qurish ham ularning o‘ziga yuklandi" sarlavhali maqolasida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG