19 oktabr kuni Ozarbayjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishda qatnashgan o‘nlab odamni politsiya qo‘lga oldi. Politsiya xabarlariga ko‘ra, namoyishda 200 dan oshiq odam qatnashgan, ularning 60 nafari qo‘lga olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashilgan videolarda namoyishchilarni olib ketayotgan politsiya xodimlari kuch ishlatganini ko‘rish mumkin.
Norozilik aksiyasini "Demokratik kuchlar milliy kengashi" guruhi uyushtirgan. Ushbu guruh Ozarbayjondagi muxolifat guruhlarini birlashtiradi. Namoyishga rasmiylar ruxsat bermagan bo‘lgan.
Namoyishlar arafasida ozarbayjonlik surishtiruv jurnalisti Xadicha Ismoilova politsiya uch metro stansiyasini yopib qo‘yganini xabar qildi. Shuningdek, Ismoilova shaharning aksar qismida Internet xizmati to‘xtatilganini bildirdi.
Human Rights Watch tashkiloti Ozarbayjon rasmiylarini tinch namoyishga ruxsat bermagani uchun tanqid qildi.
Namoyishchilar siyosiy mahbuslar ozod qilinishi hamda tabiiy gaz va elektr toki narxlarini arzonlatishini talab qilgan.