Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:43

Buxoro City qurilishi bois do‘koni buzilgan marmarsozlar $2 mln zarar ko‘rganini aytmoqda


Illyustratsiya
Illyustratsiya

Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 8 iyul kungi 565-sonli qarori asosida Buxoro shahrida “Bukhara City” zamonaviy ishbilarmonlik va turar-joylar markazini qurish uchun o‘nlab turg‘unlarning uylari buzilmoqda.

83 gektar maydonni egallagan bu qurilish hududida joylashgan “Buxoro Lyuks marmar”¸ “Ruhxur” va yana olti shirkat binolari ham buzilgan. Ularning Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudiga yozgan shikoyat arizasida ko‘rilgan zarar miqdori 2 million AQSh dollari deb belgilangan.

Uy va do‘konlari buzilgan 8 nafar buxorolik marmarsozlar huquqlarini himoya qilayotgan yurist Azamat Atoyevning Ozodlikka bildirishicha¸ tadbirkorlar “haqsizlik qurboni” bo‘lgan.

“Bukhara City” hududida ob’ektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasi vakilining 16 oktabr kuni Ozodlikka bildirishicha, “Tadbirkorlarni rozi qilish uchun 17 oktabrga uchrashuv belgilangan”.

Buxoro shaxar hokimligining kapital qurilish bo‘yicha mutaxassisi esa¸ “marmar ishlab chiqarish sexlari o‘z vaqtida noto‘g‘ri privatizatsiya qilinganini” iddao qildi.

Marmarsozlar do‘konsiz qoldi

“Buxoro Lyuks Marmar” shirkati rahbari¸ o‘zini "qadim marmarsoz ustazodalar sulolasi vakili" deb ta’riflagan Firdavs Nizomovning Ozodlikka aytishicha, shu kunda buzilayotgan o‘z do‘konini bundan 8 yil oldin kimoshdi savdosida davlatdan qonuniy tarzda sotib olgan:

- Qarorda Buxoro shahridagi samarasiz foydalanilayotgan binolar buzilib, o‘rniga City qurilsin deyilgan. “Buxoro Lyuks Marmar” samarali shirkat. O‘nlab kishilarni ish bilan ta’minlab turuvdi. Men bu shirkat binosini 2011 yili auksionda sotib oldim. Bino 1994 yili xususiylashtirilgan. Bu orada bir necha ega almashdi. Hozir menga tovon to‘lamaslik uchun bino 25 yil oldin noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan degan bahonani o‘ylab topishdi.

Huquqshunos Azamat Atoyevning aytishicha¸ Buxoro City qurilishi bois buzilayotgan bino 1994 yili 447k PO sonli buyruq asosida mavjud qoidalarga rioya qilingan holda xususiylashtirilgan. Xuquqshunos ayni xujjat va binoning tadbirkorlarga tegishli ekani haqidagi hujjatlar to‘plamini Ozodlikka yubordi. Hujjatlarda bugun buzilayotgan binolarning “Buxoro Lyuks marmar”¸ “Ruhxur”¸ “Nur bilding MChJ”¸ “Signal” MChJ va tadbirkorlar Oybek Ortiqov¸ Faxriddin Jo‘raevlarga tegishli ekani aks etgan.

Tadbirkorlar shikoyati
Tadbirkorlar shikoyati

Huquqshunos Atoyev bu hujjatlar to‘plamini “Bukhara City” direksiyasi va hokimlika taqdim qilgani va tadbirkorlar “misli ko‘rilmagan huquqiy nigilizm qurboni" bo‘lganini aytdi:

- Bu hujjatlar mavjud bo‘lishiga qaramasdan¸ illo kompensatsiya to‘lamaslik uchun uzoq o‘tmishdan xato qidirib o‘tirishibdi. Men tadbirkorlarni yetaklab Adliya vazirligiga ham olib bordim. Vazirlik ham tadbirkorlarning mulkiy huquqi hujjatlarda aniq aks etgani yuzasidan xulosa berdi. Ammo Buxoro shahar hokimligi tovon to‘lamoqchi emas.

Hokimlik taraddudda

Ozodlik ayni mavzu yuzasidan Buxoro shahar hokimining kapital qurilish bo‘yicha mutaxassisi bilan gaplashdi. Lavozimi doirasida matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi aytilishini istamagan mulozimga ko‘ra, bino 1994 yili xususiylashtirilganida chalkashlik bo‘lgan:

- Bu masaladagi chalkashlik adresati binoning bugungi egalari emas. 1994 yildagi ilk egalari chalkashtirgan. Bu yuzadan biz fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga joriy yilning 11 sentabr kuni ma’lumot jo‘natdik. Sud bizning ma’lumot asosida tadbirkorlar da’vosini rad qildi. Hozir bu masala tadbirkorlar shikoyati asosida qayta ko‘rilyapti. Sud ajrim chiqarib tovon to‘la desa, to‘laymiz.

“Bukhara City” masalani ijobiy hal qilmoqchi

“Bukhara City” hududida ob’ektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasi vakilining 16 oktabr kuni Ozodlikka bildirishicha¸ “tadbirkorlarning buzilgan do‘kon va imoratlari uchun tovon va o‘rniga o‘rin bino berish masalasi deyarli ijobiy hal bo‘lgan”:

- Kelasi bir hafta ichida siz aytgan shirkat egalari rozi qilinadi.

Huquqshunos Azamat Atoyev bu va’dalarni eshitaverib charchaganini aytarkan, dedi:

- Ishonmayman ularning gapiga. Bu yuzadan Oliy sudga murojat qilishdan boshqa choramiz qolmadi.

O‘zbekiston poytaxtidan to viloyat va tuman markazlariga qadar zamonaviy sitilar qurish rejasi minglab o‘zbekistonliklar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Human Right Watch tashkiloti¸ aholiga adekvat uy-joy yoki o‘zi yashab turgan uy narxidagi kompensatsiya bermasdan ¸ ular uy-joylarini siti qurish iddaosi bilan buzish¸ Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng inson haqlarining eng keng ko‘lamda buzilishiga sabab bo‘layotganini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG