Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:44

“Mast xodim” reydidan qochgan IIB inspektori ayolni xizmat mashinasida urib o‘ldirdi


Farg‘ona viloyatidagi tirband ko‘cha. Illyustrativ rasm.
Farg‘ona viloyatidagi tirband ko‘cha. Illyustrativ rasm.

26 sentabrda rishtonlik 52 yashar Gavhar Rahimovani xizmat mashinasida urib o‘ldirgan Farg‘ona viloyat IIB xodimi, profilaktika inspektori A.E. o‘z vazifasida qolmoqda, uning ustidan jinoyat ishi ochilgan, lekin ehtiyot chorasi sifatida qamoq ko‘zda tutilmagan.​

IIB zobitining Ozodlikka aytishicha, A.E. Gavhar Rahimovani IIB ichki xavfsizlik xizmati spirtli ichimlik ichgan xodimlarni aniqlash maqsadida o‘tkazgan reyd davomida, qo‘lga tushib qolishdan qochayotgan paytda, urib yuborgan.

Marhumning yaqinlari aybdor jazolanmagani va jabrlanuvchi sifatida kompensatsiya olmaganidan norozilik bildirmoqda.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi vakili Ozodlikka “26 sentabr kuni Farg‘ona shahar Soxibqiron Temur ko‘chasida IIB profilaktika inspektori katta leytenant A.E. boshqaruvidagi “Matiz” xizmat mashinasi ishtirokida va piyoda Gavhar Rahimovaning o‘limi bilan tugagan YTH​ yuzasidan jinoyat ishi” ochilganini bildirdi.

Prokuratura mulozimiga ko‘ra¸ IIB xodimi A.E. Jinoyat kodeksining 102-moddasida (Ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) ko‘zda tutilan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Farg‘ona viloyat IIBning Ozodlik suhbatlashgan vakiliga ko‘ra¸ bu ish yuzasidan IIB ichki xavfsizlik bo‘limi xodimi Shuhrat Mo‘minov xizmat tekshiruvi o‘tkazmoqda.

Farg‘ona viloyat IIBning mayor rutbali zobiti, ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka bildirishicha¸ ustidan jinoyat ishi ochilgan A.E. o‘z vazifasida qolmoqda¸ chunki unga qarshi ehtiyot chorasi sifatida qamoq ko‘zda tutilmagan.

Jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishligini aytgan IIB zobitiga ko‘ra¸ viloyat IIB boshlig‘i mavjud tartibga zid tarzda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va prezident administratsiyasiga maxsus xabarnoma yubormagan.

Shuningdek, zobit iddaosiga ko‘ra¸ YTH sababchisi deya ko‘rilayotgan A.E qoni tekshirilganda oz miqdorda alkogolli ichimlik iste’mol qilgani yuzaga chiqqan.

Zobitning yana aytishicha, 26 sentabr kuni IIB ichki xavfsizlik boshqarmasi xizmat vazifasini o‘tash paytida alkogolli ichimlik iste’mol qiluvchi xodimlarni aniqlash uchun reyd o‘tkazgan. Shu reyd paytida "qochaman" deb, yo‘l chetidagi Rahimovani urib yuborgan. Ayni paytda bu ayblovlar aks etgan hujjat Ozodlikda yo‘q.

Farg‘ona viloyat IIBning Ozodlik suhbatlashgan vakiliga ko‘ra, 26 sentabr kuni haqiqatan ham IIB ichki xavfsizlik boshqarmasi shaxsiy tarkib o‘rtasida reyd o‘tkazgan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan va o‘zlarini Bobur va Murodjon deya tanishtirgan IIB xodimlariga ko‘ra, leytenant A.E ehtiyotsizlik bois o‘zi istamagan xolda Rahimovaning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Ayni paytda bu ikkala xodim o‘z hamkasbining "spirtli ichimlik iste’mol qilmasligi va har sohada berchaga o‘rnak IIB xodimi" ekanligini ta’kidlashdi.

Ozodlik YTH ishtirokchisi deya jinoyat ishi figuranti A.E ning o‘zi bilan ham gaplashdi. Qisqa muloqot davomida A.E o‘zining aybdor emasligini va sud bu masalada odil qaror chiqarishidan umidvorligini aytish bilan cheklandi.

26 sentabr kuni rishtonlik Gavhar Rahimova Farg‘ona viloyat bolalar kasalxonasida davolanayotgan qizini ko‘rish uchun Farg‘ona shaxriga boradi. Yaqinlariga ko‘ra¸ Rahimova yo‘l chetida ketayotganda katta tezlikda kelayotgan IIB xizmat mashinasi uni urib yuborgan.

Farg‘ona viloyat prokuraturasining Ozodlik suhbatlashgan vakiliga ko‘ra¸ Rahimova voqea joyida o‘lgan va xizmat mashinasini boshqargan xodim xizmat formasi kiyimida bo‘lgan.

IIB xodimi A.E. Jinoyat kodeksining 102-moddasida (Ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanmoqda. Bu modda bo‘yicha A.E.ning jinoyati isbotlansa, u ikki yilgacha ahloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Gavhar Rahimovaning oila a’zolari esa joriy haftada kompensatsiya talab qilib viloyat prokuraturasi va hokimligiga murojaat qilishdi.

Prokuratura mulozimiga ko‘ra¸ oila a’zolariga kompensatsiya masalasi sud hukmiga ilova qilinadigan xususiy ajrim bilan hal qilinishi tushuntirilgan.

XS
SM
MD
LG