Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:28

Reuters: O‘zbekiston maxsus xizmatlari faollarga qarshi kiberhujumlarni uyushtirgan


O‘zbekiston maxsus xizmatlari sotuvda mavjud bo‘lgan kompyuter josusligi vositalaridan faollar va dissidentlarga qarshi kiberhujumlarni uyushtirishda foydalangan.

Reuters agentligining xabar berishicha, bu haqda Londonda bo‘lib o‘tgan VirusBulletin anjumanida “Kasperskiy Laboratoriyasi” mutaxassislari tayyorlagan hisobotda ma’lum qilindi.

O‘zbek kiberrazvedkasi to‘g‘risidagi hisobotni anjumanda tadqiqotchi Brayan Bartolomyu taqdim etgan.

Ekspertlar SandCat xakerlar guruhini O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati bilan aloqador deb hisoblamoqdalar.

“Xakerlik hujumlari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan ikki kishining bildirishicha, Fergana News, Eltuz, Centre1 va “Falastin xronikasi” saytlari DXXning kiberhujumlari nishoni bo‘lgan”, deyiladi Reuters maqolasida.

Xakerlarning bir nechta kompyuteriga Kasperskiy antivirusi o‘rnatilgan, jumladan, bu antivirus shubhali kodni aniqlash va uni tahlil qilish uchun ishlab chiqaruvchiga jo‘natish tizimiga ham ega bo‘lgan.

“Kasperskiy Laboratoriyasi” mutaxassislarini bir manbadan juda ko‘p zaifliklar topilgani qiziqtirib qolgan va ular tekshiruv jarayonida zararli kod jo‘natilayotgan IP-manzilni aniqlashga muvaffaq bo‘lganlar. Bu manzil itt.uz domenida joylashgan bo‘lib, u Toshkentdagi 02616 harbiy qism nomiga rasmiylashtirilgan.

Mazkur harbiy qism jurnalist Bobomurod Abdullayevga qarshi sud jarayoni paytida ham tilga olingan edi.

Gazeta.uz jurnalistning advokatiga tayangan holda, jurnalistning elektron uskunalarini aynan mana shu harbiy qism sud ekspertizasi o‘tkazish uchun olib qo‘yganini bildirgan.

Maqolada aytilishicha, ekspertlar ochiq reestrda mavjud bo‘lgan itt.uz domeni o‘z ish joyini 02616-harbiy qism sifatida ko‘rsatgan O.T. Xodjakbarov degan shaxs nomiga rasmiylashtirilganini aniqlaganlar.

“Omonillaxon To‘lqunovich Xodjakbarov nomi O‘zbekiston prezidenti farmonida Milliy xavfsizlik xizmati xodimi sifatida tilga olingan. 2005 yilda u davlat mukofoti bilan taqdirlangan. DXX O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi orqali yo‘llangan savollarimizga javob bermadi. Reuters izoh olish uchun Xodjakbarov bilan bog‘lana olmadi, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi ham uning DXXdagi roli yoki uning mukofotlanishi to‘g‘risidagi savollarga javob bermadi”, deyiladi maqolada.

O‘zbek kiberrazvedkasi to‘g‘risidagi hisobotni anjumanda taqdim etgan Brayan Bartolomyu kiberhujumlardan ko‘zlangan aniq maqsadlar nima bo‘lganini aytishdan bosh tortdi.

Biroq u SandCat “huquq faollari, jurnalistlar va boshqa dissidentlarga hujumlar uyushtirgani”ni ta’kidlar ekan: “Biz mazkur guruh mamlakat tashqarisiga ko‘p hujum qilganini kuzatmadik, kiberhujumlarning barchasi mamlakat ichkarisiga qaratilgan”,-deb aytdi.

XS
SM
MD
LG