Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:23

Buxoroda YuNESKO himoyasidagi “Arabov uyi” hokim qarori bilan "yo‘qsillarga" berilmoqda


"Arabov uyi"ning ichki ko‘rinishi
"Arabov uyi"ning ichki ko‘rinishi

Buxoroning eski shahar qismidagi Turki Jandi ko‘chasida joylashgan “Arabovlar uyi” sifatida YuNESKO ro‘yxatiga kirgan imoratni kam ta’minlanganlarga berish haqidagi shahar hokimi qarori san’atshunoslar tanqidiga uchradi.

San’atshunoslar fikricha, mazkur bino 19 asrdagi asl holida saqlanib qolgan noyob obida bo‘lib, uning turar-joy qilib berilishi vandalizmdir.

Buxoro shahar hokimi Karim Kamolov joriy yilning 31 iyulida imzolagan farmoyishda binoning “kam ta’minlangan¸ boquvchisini yo‘qotgan beva-bechoralarga turar-joy sifatida berilishi” ko‘zda tutilgan.

Shahar hokimligi mulozimiga ko‘ra¸ shu kunlarda "Arabov uyi" kam ta’minlanganlar uchun yotoqxona qilishga hozirlanmoqda.

Vazirlikning habari yo‘q

Buxoro ganchkorlik va naqsh-nigor san’atining noyob namunalari saqlab qolingan va 19- asrda yashagan o‘zbek zodagoni yashash tarzini aks ettirgan imoratning nima sababdan kambag‘allarga uy qilib berilgani haqida O‘zbekiston madaniyat vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimlari aniq-tugal fikr bildirishmadi.

Buxoro shahar madaniyat boshqarmasi xodimlari YuNESKO himoyasidagi uy “yo‘qsillar uchun yotoqxonaga aylantirilayotganidan bexabar ekanligini" Ozodlikka aytishdi.

Shahar hokimligi prezident qarorini pesh qildi

Buxoro shahar hokimligining uy-joylarni hisobga olish va noturar joylardan foydalanish davlat korxonasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda “bo‘sh yotgan uyni kam ta’minlanganlarga berish haqidagi hokim farmoni O‘zbekiston prezidentining «Aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3268 sonli qaroriga asosan chiqarilganini aytish bilan kifoyalandi.

Hokim farmoyishi
Hokim farmoyishi

"Madaniy meros" rozilik berganmi?

Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasi Buxoro va Navoiy viloyatlari bo‘yicha inspeksiyasi mulozimi binodan turar-joy sifatida foydalanish vaqtincha bo‘lishi kerakligi haqida shahar hokimiga tavsiya mazmunidagi xat berganini Ozodlik muxbiriga bildirdi.

Shahar hokimligi mulozimi esa, joriy yilning 16 aprelida "Madaniy meros" inspeksiyasidan “Arabovlar uyi"dan turar-joy sifatida foydalanish haqida 328- sonli ruxsat xati olishganini Ozodlik muxbiriga bildirdi.

Hokim qarorini vazirlik bekor qiladimi?

"Madaniy meros" idorasining respublika boshqaruvidagi mulozimi hokimlikning bu gapini “dezinformatsiya” deb atadi va me’morchilik obidasi sifatida noyob bo‘lgan “Arabovlar uyi" borasidagi shahar hokimi farmoyishi bekor qilinishi uchun harakat boshlashga va’da qildi.

Farmoyish bekor qilinishi haqida Madaniyat vazirligidagi ismi aytilishini istamagan rutbasi yuqori mulozim ham aytib berdi.

"Arabov uyi"ning umr bayoni

Bino 1991 yildan boshlab O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tasarrufida bo‘lgan. Vazirlik mulozimiga ko‘ra¸ bino bir muddat omborxona sifatida foydalanilgan va so‘nggi 5 yil ichida bo‘sh turgan. Sovet davrida bu bino O‘z SSR Maorif vazirligi tarafidan turli maqsadlarda foydalanilgan. 1924 yildan oldin buxorolik zodagon Arabovlar tarafidan qurilib, tasarruf qilingani bois, bino "Arabov uyi" deya san’atshunoslik va me’morchilikka oid adabiyotlarda tilga olinadi. Ba’zi manbalarda Arabovlar boy sifatida quloq qilinib, surgun qilingani aytilsa, boshqa manbalar ularning qochib ketganini aytishadi. Arabovlarning mahalliy boylardan biri bo‘lganidan boshqa aniq ma’lumot Ozodlikda yo‘q.

Sgraffito uslubida bezalgan uyning estetik qimmati

Buxoro hokimi kam ta’minlanganlarga berib yubormoqchi bo‘lgan “Arabov uyi"ning estetik qimmati haqida gapirgan san’atshunos Turdiyev bu uy “remont qilinmagani bilan qadrli” ekaniga e’tibor qaratdi:

- Fayzullev Xo‘jayev yoki Sadriddin Ayniy uy-muzeylari yevroremont qilinib, yaltillatilb qo‘yilgani bois original tarovatdan mosuvo bo‘lgan. "Arabov uyi" esa ta’mirlanmay turibdi. Devor va shiftdagi naqshlarga hali hech kim qo‘l tekkizmagan. Shiftda yog‘och o‘ymakorligi namunalari bor. Bronza va misdan yasalgan qandil osig‘liq. Devorga esa maxsus uslubda guldastalar rasmi chizilgan.

San’atshunos “Arabov uyi” devoriga ishlangan naqshin freskaning noyob texnologiyasiga tarif berdi:

- Vazaga solingan guldasta shaklidagi liniyalar oldin ganch satxga tig‘ bilan o‘yilib chiqilgan. Keyin bu jajji kanallar ichi asal mumi aralashgan quyuq bo‘yoq bilan to‘ldirilgan. Diqqat qiling mo‘yqalam bilan chizilmagan¸ balki ichi to‘ldirilgan. Bu texnologiya bois guldastalar yuz yil ichida o‘chib ketmadi. Ba’zi guldastalarning ustiga sovet davrida moy bo‘yoq surtilgan. Aynan kanallarga bo‘yoq to‘ldirib ishlangani bois bu moybo‘yoq qatlami olib tashlanganida tasvir benuqson saqlangani ayon bo‘ldi.

Buxorodagi italyancha bezak

San’atshunos Turdiyrvning yana aytishicha¸ bino ichidagi ganch ishlaridagi texnologiya ham unikal:

- Bu texnologiya G‘arbiy Yevropadagi, xususan Italiyadagi Sgraffito (ital. sgraffito-taxr) uslubini eslatadi. Turli rangdagi ganch qorishmasi alohida-alohida ustma-ust, qatma- qat qilib suvaladi. Suvoq qotmasdan ustiga axta (naqsh tushirilgan teshik qog‘oz) orqali qora kukundan shakl tezgina tushirilgan. Keyin bu shakl maxsus pichoq bilan qisqa muddatda kesib olinganida o‘ziga xos rangli panno hosil bo‘lgan.

San’atshunos “Arabovlar uyi” me’moriy tuzilmasini ham tushuntirib berdi:

- Bino ichkari, tashqari va otxonadan iborat bo‘lgan. Binoda to‘rtburchak ko‘rinishdagi musulmon g‘isht¸ moviy lojuvard koshin hamda marmar ishlatilgan.

Tarix takrorimi?

"Buxoroning vayron qilinishi" degan tasviriy installyatsiyani Londondagi "Zaman" galereyasida namoyish qilgan rassom Vyacheslav Oxunov " Noyob obidaning yo‘qsillarga berilishini" tarix takarruri deb atadi:

- Tarix va o‘zlikdan nafratlanadigan qizil to‘da 1924 yilda Buxorodagi qadimiy obidalarni yo‘qsillarga bergan va bu yo‘qsillar obidalarni o‘ziga moslab harobaga aylantirgan edi. Bugun esa Buxoroning manqurt rahbarlari ayni ishni qilmoqda. Bugungi rahbarlarning eskilardan farqi bor. Bugungilar kambag‘alga uy qilib beraman degan bahona bilan o‘z cho‘ntagini to‘ldirmoqda. Buxorodagi vandalizmdan keyin Madaniyat vaziri iste’fo berishi kerak.

XS
SM
MD
LG