Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:36

IIV serjantlari rotatsiya bahonasida surgun qilinayotgani va bepul ishlatilayotganini aytmoqda


2019 yilning 10 yanvar kungi videoselektor oldidan prezident Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan uchrashdi.
2019 yilning 10 yanvar kungi videoselektor oldidan prezident Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan uchrashdi.

Farg‘ona viloyati IIB post-patrul xizmatining 90 xodimi uyidan 100 km uzoqqa ishga jo‘natildi.

Bundan norozi bo‘lgan Farg‘ona viloyati IIBning serjant rutbasidagi xodimi ismi aytilmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirdi.

Uning aytishicha¸ shaxsiy tarkibning “faqat quyi zvenosidagi¸ "akaxoni" bo‘lmagan xodimlar rotatsiya bahonasida olis hudularga jo‘natilmoqda”

O‘zini Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari¸ podpolkovnik Qobiljon Ristayevning yordamchisi deb tanishtirgan xodimi Ozodlikkka “hech kim surgun qilinmayotganini” iddao qildi.

- Prezident qarori bor. PK-3413 sonli qaror. Shu qarorda IIB xodimlarining rotatsiyasi aniq belgilangan. Qarorga ko‘ra¸ PPX batalyoni xodimlaridan bir qismi Farg‘ona shahridan olis bo‘lgan joydagi postlarga yuborildi. IIB tizimidagi xodimlar davlat ishonib topshirgan har bir postda sharaf bilan ishlaydi. Men hali norozi bo‘lganlarni ko‘rmadim¸ dedi Farg‘ona IIB mulozimi.

Uning ta’kidicha¸ korrupsiya va tanish -bilishchilikning oldini olish maqsadida 2017 yili joriy qilingan rotatsiya ijobiy samara bergan:

- Gapning ochig‘i¸ mashina ko‘p o‘tadigan trassa va boylar yashaydigan joylar bor. Onda-sonda mashina o‘tadigan ovloq joylar bor. Xodimlar o‘sha gavjum joyda ishlashni xohlaydi. O‘sha joyda tanish-bilish orttirgan. Muomala qiladigan do‘st-yorlari bor. Bu joydagi xodimni uzoqroq yerga ishga yuborsak¸ norozi bo‘libdimish. Nega norozi bo‘lganini tushunib turibsizku¸ deydi bu mulozim.

Kambag‘al mirshabni otning ustida it qopadi...

Ozodlikka shikoyat qilgan PPX serjanti PK-3413 sonli qaror¸ asosan¸ yuqori bo‘g‘in IIB xodimlari rotatsiyasini ko‘zda tutishi¸ amalda prezident qarorining noto‘g‘ri talqin qilinayotganini aytadi.

- Ichki ishlar tizimining xizmat o‘tash nizomida aniq qilib¸ uch yil ishlaganidan keyin rotatsiya asosida boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin¸ deb yozilgan. Shunday ekan¸ hali bir yil ham ishlamagan oddiy safdor va serjantlarni surgun qilayotganiga qanday asos bor? Nega 10 va 15 yil ishlagan YXXBdagi ofitser va rahbar xodimlarga rotatsiya qo‘llanilmaydi? Nega rotatsiya kambag‘aldan chiqqan xodimlarga qo‘llaniladi? Nega 100 km joyga surgun qilingan xodimlarning hol-ahvoli¸ yo‘lkirasi haqida rahbarlar qayg‘urmaydi¸ dedi serjant rutbasidagi IIB xodimi.

Samarqandlik IIB xodimlari kuniga 18 soat ishlaydimi?

Ozodlikka ayni mazmundagi shikoyat bilan Samarqand viloyat IIB xodimlari ham murojaat qildi. Shuningdek samarqandlik IIB xodimlari dam olish kunisiz 18 soatlab ishlatilayotganidan ham norozi bo‘lishdi.

Ozodlik suhbatlashgan Samarqand shahar IIBsida safdor rutbasida xizmat qilayotgan xodim bola-chaqasi otasini ko‘rmay katta bo‘layotganidan nolidi:

- Uzoq joylarda oila - xotin¸ bola- chaqadan uzoqda ozib-to‘zib ketdik. Mehnat kodeksi va "Ichki ishlar to‘g‘risida"gi qonunda belgilangan 8 soat emas, amalda 15-18 soatdan ishlatishmoqda. Haftasiga 7 kun to‘liq ishlaymiz Yakshanba ham to‘liq ish. Lekin oylik sakkiz soat uchun beriladi. Yakshanba ishlaganimizga ham oylik yo‘q. Biz ham odammiz axir¸ deydi samarqandlik safdor.

Suhbatdosh¸ uyidan uzoqqa surgun qilinib¸ kuniga kami 10 soat ishlatilganiga roziligi¸ ammo yakshanba kuni tekin ishlatilayotganiga chidolmayotganini aytadi.

- Mayli¸ vatan uchun 10 soat ko‘p ishlashga rozimiz. Uzoq joyda ishlaganimiz ustama ham bermasin. Lekin yakshanba kuni ishlatishgani uchun xaq bersin. Men hisoblab ko‘rdim¸ bir oyda to‘rtta yakshanba uchun 400 000 so‘m mehnat haqimizni qo‘shib berishlari kerak¸ deydi safdor.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining Ozodlik bog‘langan rasmiysi bu e’tirozlarga munosabat bildirilmasligini aytdi.

Oddiy IIB xodimlarinig sarson bo‘lishiga sabab sifatida ko‘rilgan prezidentnin 2017 yildagi PQ-3413-sonli qarori “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” deya nomlangan.

Qaror “xodimlar faoliyatining samaradorligini oshirish, korrupsiya va vakolatlar suiiste’molliklar oldini olish, shaxsiy tarkib orasida sog‘lom muhitni ta’minlash” maqsadida qabul qilingan.

XS
SM
MD
LG