Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:31

"GTA to‘dasi"ning umrbod qamalgan o‘zbekistonlik a’zosi o‘zining Umar Hasanov emasligini aytdi


"GTA to‘dasi"ning a’zolari Anvar Ulug‘murodov,Zafarjon G‘ulomov, Umar Hasanov va Sherzodjon Qodirov.
"GTA to‘dasi"ning a’zolari Anvar Ulug‘murodov,Zafarjon G‘ulomov, Umar Hasanov va Sherzodjon Qodirov.

Umar Hasanov o‘zining haqiqiy ismi Baydulla Otaqulov ekanini, buni tasdiqlovchi hujjati borligini aytdi. Ammo Rossiya Oliy sudi bu bayonotni e’tiborga olmadi.

To‘da a’zolari 17 odamni o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan

Rossiya Oliy sudi Moskva shahri va viloyati hamda Kaluga viloyatlari ko‘chalarida haydovchilarni o‘ldirgan "GTA to‘dasi" nomi bilan tanilgan qurolli guruhning to‘rt a’zosi - Hazratxon Dodoxonov, Anvar Ulug‘murodov, Umar Hasanov, Sherzodjon Qodirovga berilgan bir umrlik, Zafarjon G‘ulomovga berilgan 20 yillik qamoq jazosini o‘z kuchida qoldirdi.

TASSning xabar berishicha, hukm 9 sentabr kuni o‘qildi. "Hukm o‘zgarishsiz qoldirilsin, apellyatsiya arizalari qanoatlantirilmasin”,- deb qaror qildi sudya.

"GTA to‘dasi" ishi yuzasidan jinoiy javobgarlikka tortilganlar O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston fuqarolari ekani ma’lum qilingan.

Moskva viloyat sudi 2018 yilning avgustida 2012-2014 yillar oralig‘ida 17ta qotillik, 2 ta qotillikka urinish, qaroqchilik, o‘maruvchilik, qurollarni noqonuniy tayyorlash va saqlash hamda hujjatlarni o‘g‘irlashda ayblangan "GTA to‘dasi"ning nomlari aytib o‘tilgan a’zolariga hukm o‘qigan edi.

Sudlanganlar odam o‘ldirganlarini tan olmayapti

Moskva viloyat sudida sudlanuvchilar jinoyatga sherik bo‘lganlarini tan olganlar, ammo qotilliklarda ishtirok etganlarini inkor qilganlar.

Shundan kelib chiqqan holda, ular Oliy suddan jinoyat ishini qayta tergovga jo‘natishni, o‘zlaridan qotillik ayblovi olib tashlanishini, berilgan jazoni yengillatishni iltimos qilib, apellyatsiya kiritgan edilar.

Sudlanuvchilarga ko‘ra, qotilliklarni to‘da boshlig‘i va 2017 yili sud binosidan qochishga harakat qilganlarida otib tashlangan sheriklari amalga oshirgan.

Oliy sudda Hazratxon Dodoxonov to‘daga qo‘qqisdan qo‘shilib qolganini va jinoyat sodir etilgan joylarga “haydovchi sifatida borgani”ni aytdi.

Umar Hasanov: "Men Umar Hasanov emasman, meni soxta pasport bilan sudlashdi"

Umar Hasanov esa soxta pasport asosida sudlanganini, barcha sud instansiyalari hujjatlarida uning ismi-sharifini o‘zgartirib yozishlarini va uning haqiqiy ismi-sharifini tasdiqlash uchun O‘zbekistonga so‘rov jo‘natishlarini iltimos qildi.

Umar Hasanov o‘zining haqiqiy ismi Baydulla Otaqulov ekanini, buni tasdiqlovchi hujjati borligini aytdi.

Unga ko‘ra, u Umar Hasanov nomiga Qirg‘izistondan soxta hujjatlarni rasmiylashtirgan va mana shu asosda 2008 yilda Rossiya fuqaroligini olgan.

Biroq sud sudlanuvchilarning bu iltimoslarini qanoatlantirmadi.

To‘daning to‘rt a’zosi Moskva sudida otib tashlangan edi

"GTA to‘dasi" ishi yuzasidan Moskva viloyat sudida 2017 yilning avgustida boshlangan jarayonga bulardan tashqari yana 4 kishi - Holiq Subhonov, Fazliddin Hasanov, Mirzomavlon Mirzosharipov, Abdumuqim Mamajonov ham olib kelingan edi. Biroq ular sud binosida qochishga harakat qilgan paytlarida otib tashlangan. Rossiya Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, ayblanuvchilar liftda soqchilarga tashlanib, ularning qurolini tortib olmoqchi bo‘lganlarida soqchilar o‘q uzgan.

Tergov ma’lumotiga ko‘ra, to‘daning kamida 15 nafar a’zosi bo‘lgan

Ushbu guruhni, tergovchilarga ko‘ra, 2012 yilda qirg‘izistonlik Ubaydullo Subhonov tashkil qilgan.

Subhonov 2014 yilning noyabrida maxsus amaliyot paytida politsiyachilar tomonidan otib o‘ldirilgan edi.

Tergovchilarga ko‘ra, jinoiy guruh a’zolari avtomobil yo‘lga simtikan tortishgan. Balloni teshilib to‘xtagan mashinadagi yo‘lovchilarni avtomat bilan otib o‘ldirishgan va ularning qimmatbaho buyumlarini olishgan.

XS
SM
MD
LG