Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:38

Karimov qabrini obod qilgan tadbirkor UNESCO hududiga uy qurgani uchun 11 yilga kesildi


Tadbirkor Umar Rajabov
Tadbirkor Umar Rajabov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi "Umar" va "Afrosiyob Xosiyat Begim makoni" shirkatlari rahbari, 56 yashar Umar Rajabovni 11 yilga va yana 4 kishini 10 yilgacha muddatlarga ozodlikdan mahrum qildi.

Rajabov va uning jinoyatiga sheriklar sifatida sudlanganlar shaharning UNESCO himoyasidagi hududida ko‘p qavatli uy qurib sotganlikda aybdor, deb topildi.

Rajabov "viloyat hokimi iltimosiga ko‘ra" o‘z mablag‘ini Islom Karimov qabri atrofini obod qilishga majburlanganini" Ozodlikka 2018 yili iddao qilgan edi.

4 sentabr kuni shahar sudi sudyasi Zarifa Ahmedova o‘qigan hukm mazmuni haqida Rajabovning sudda qatnashgan yaqinlari Ozodlikka ma’lum qildi.

Rajabov, uning o‘g‘li va yana 3 kishi uyushgan jinoyatchilikda aybli deb topildi.

4 sentabr kungi sudda qatnashgan Rajabovning yaqinlariga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar: firibgarlikda, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzishda, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanishda, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda aybdor deb topilgan.

(168-modda 4-qismi “a”, “v” bandlari; 189-modda 1-qismi; 228-modda 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-modda)

Shuningdek, ayni mahkamada Ruslan Rajabov (Umar Rajabovning o‘g‘li), Shavkat Obloqulov, Miralam Odilov va Fayzullo Fayziyevlar ham sud hukmi bilan aybli deb topilib, 7 yildan 9 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Rajabov va uning sheriklari joriy yilning 11 fevralida Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Umar Rajabov va uning sheriklari ustidan Samarqand shaxri va Juma shaxridagi “nizoli” qurilishlar epizodi bo‘yicha yana ikki mahkama belgilangan.

UNESCO himoyasidagi hududdagi qurilish

Ozodlik suhbatlashgan Samarqand shahar hokimligi kapital qurilish bo‘limi mulozimiga ko‘ra¸ UNESCO himoyasida bo‘lgan hudud tarkibidagi Mironshoh ko‘chasida 7 qavatli uyni hissadorlar puli evaziga qurgan Umar Rajabov va yana 3 tadbirkorga nisbatan chiqarilgan hukmga hissadorlar shikoyati asos bo‘lgan:

"Jinoyat ishini Samarqand viloyat prokuraturasi uy uchun pul to‘lagan va uy buzilganidan keyin pulini qaytarib ola olmagan payshchiklar shikoyati asosida ochgan edi".

Sudda qatnashgan jurnalist Karimberdi To‘ramurodning aytishicha¸ mahkama jarayonida birorta hissador Umar Rajabovga da’vogar bo‘lmagan. Uning fikricha, Rajabov ustidan noadekvat hukm chiqarilgan:

- Umar aka qurilish qoidalarini balki buzgandir¸ ammo buning uchun 11 yil berilmaydiku?! Milliardlab dollar o‘marganlarga besh yil berishmoqda. Shu jihatdan Umar aka ustidan chiqarilgan hukm adolatli bo‘lmadi.

Каримберди Тўрамурод билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:57 0:00


Qurilib buzilgan uy mojarosi

Samarqand shahar hokimligi kapital qurilish bo‘limi mulozimi qurilib, buzilgan va ikki yildan beri davom etayotgan uy mojarosi mazmunini aytib berdi:

"Umar akaga Samarqand shahrining avvalgi hokimi Vohid Sanaqulovich Rahimov tomonidan imzo chekilgan (Rahimov 2017 yilning avgustida ishdan olingan) qaror bilan Mironshoh ko‘chasida 2 qavatli savdo markazi qurishga ruxsat berilgan. Ammo Umar Rajabov bu hududda 7 qavatli uy qurishni boshlagan. 2018 yilning 23 iyunida Samarqand shahrining hozirgi hokimi Furqat Rahimov qaroriga asosan binoni buzish ishlari boshlangach, binodagi uylar uchun avvaldan buyurtma qilib, haq to‘lab qo‘ygan mijozlar pullarni qaytarishni talab qila boshlashdi".

Mulozim ta’kidiga ko‘ra¸ tadbirkorga oid nizoli imoratning Samarqand tarixiy qismida joylashgani vaziyatning og‘ir tomonidir:

"Uy jarlikda joylashgan va shaharning gorizontal qiyofasiga vizual zarar bermaydi. Hudud tarixiy qism ichida bo‘lmaganda bino amnistiya qilinardi. Lekin UNESCO himoyasida bo‘lgan hududda qurilgani uchun bu uyning buzilishi haqida uzil-kesil qaror qabul qilingan. Barcha e’tiroz uy qurilishini amalga oshirgan tadbirkor Umar Rajabovga qaratilishi zarurligi hokimiyat tarafidan payshchiklarga bildirildi. Uy buzilishini shaxsan Bosh vazir nazorat qilmoqda".

Madaniyat vazirining ogohlantiruvi

2018 yilning 25 iyulida Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ozodlik savoliga javob bergan Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev Samarqandning UNESCO himoyasidagi hududida uch qavatdan baland qurilgan barcha binolar buzilishini bildirgan edi.

Vazir o‘shanda¸ samarqandlik tadbirkor Umar Rajabov qurgan 7 qavatli "uy buziladi va bu qadimiy hududda o‘zboshimcha uy qurmoqchi bo‘lgan boshqa tadbirkorlar uchun saboq bo‘ladi" degan edi.

Bor-budidan ayrilgan tadbirkor 11 yil qamoqda o‘tiradi

Hozir hibsda qolayotgan tadbirkor Umar Rajabov 2018 yilning 2 avgust kungi Ozodlik bilan suhbatda¸ mutlaq bankrot bo‘lgani va salomatligidan ajraganligidan shikoyat qilgan edi:

- Pichoq borib bo‘g‘zimga qadaldi. Bir oy ichida milliardlarimdan ham, sog‘ligimdan ham ayrildim. Mironshoh ko‘chasidagi yetti qavatli uy qurilishi uchun sobiq hokim Turob Jo‘rayev "iltimos" qilgan ba’zi xizmatlarni bajarib beraman, deb milliardlarim ketdi. Mayli, men faqat qisman izn olib uy qurgandirman. Lekin Samarqand qadimiy hududida ko‘p qavatli bino qurgan boshqa mulozimlarga oid imoratlarni nega buzishmaydi? Qonun kaltagi nega faqat mening boshimda sinadi? Pora berib, uy qurgan menikidan ham baland binolarga birov tegmayapti-yu, men qurgan uylarni buzishga yopishishdi. Vaholanki, qadimiy hududda uy qurgan, menikidan baland qilib qurgan qurilish firmalari rahbarlari orqasida qaysi amaldorlar turganini ham yaxshi bilaman.

Vazirlik va hokimiyat qurilishdan bexabar bo‘lganmi?

Buzilgan uydan kvartira sotib olgan o‘nlab samarqandlikdan biri Mavluda Karimova Ozodlik bilan suhbatda: "Nega madaniyat vazirligi va shahar hokimiyati yetti qavatli uy qurilib bo‘lguncha indamay turdi¸ uy havozalari ko‘tarilgan paytda ularning ko‘zi qaerda edi? - deya savol berdi.

Ozodlik muxbirining ayni ma’nodagi savoliga javob bergan Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev "Tadbirkorlar bizning "bditelnostь"imizni (hushyorligimizni - tahr) uxlatib qo‘ydi" deya javob qilgan edi.

Vazir aytmoqchi "bditelnosti uxlagan" paytda hali bitmagan binodagi kvartiralarni 26 oila sotib olgan edi.

Ular bu kvartiralarning har kvadrat metriga 3 milliondan 6 million so‘mgacha pul to‘lagan.

Ozodlik suhbatlashgan Samarqand shahar hokimligi huquqshunosiga ko‘ra¸ bu hissadorlarning pulini "Afrosiyob Xosiyat Begim makoni" shirkati qaytarishga majburdir.

Hokim o‘lponi

Hozir hibsda qolayotgan tadbirkor Umar Rajabov 2018 yilning 2 avgust kungi Ozodlik bilan suhbatda¸ Islom Karimov qabrini tekin obod qilishga majburlanganidan shikoyat qilgan edi.

- Sobiq hokim Turob Jo‘rayev "iltimos"iga ko‘ra Samarqand shahrida Prezident qabulxonasi qurib berdim. Karimov maqbarasi yonida choyxona qurib berdim. Yer osti yo‘li qurib berdim. Bu ishlarni mendan "iltimos" qilishdi. Bu iltimosning majburiyat ekanligini bilib turib bajardim. Bir tiyin olmasdan! O‘z kuchim bilan! Albatta, bu ishlarni "bajarganlari" uchun davlat byudjetidan kimlardir qanchalar mablag‘ni ishlatildi, deb "ishlatib" yuborgandir, u yog‘i mening ishim emas. Faqat shuni aytishim lozimki, bu ishlarga millionlab pulim ketdi. Endi mana bor-budimdan ayrilib ustimdan jinoyat ishi ochildi¸ - degan edi Umar Rajabov.

XS
SM
MD
LG