Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:48

Islandiyada erib ketgan ulkan muzlikka motam tutildi


Okyekudl muzligining fazodan 1986 yil 14 sentabridagi (ch) hamda 2019 yil 1 avgustidagi ko‘rinishi.
Okyekudl muzligining fazodan 1986 yil 14 sentabridagi (ch) hamda 2019 yil 1 avgustidagi ko‘rinishi.

Islandiyada o‘tgan yakshanba kuni iqlim o‘zgarishi tufayli erib ketgan ilk muzlikka motam tutildi.

Okyekudl muzligi bilan vidolashuv marosimida Islandiya rasmiylari, olimlar, faollar va boshqalar qatnashdi. Ular muzlik sharafiga sukut saqlab, she’rlar o‘qishdi.

NASAdan olingan suratlarda muzlik 1986 yilda bir butun oq hudud bo‘lganini ko‘rish mumkin. Islandiya geologi Oddur Sigurdssonning aytishicha, muzlik o‘sha paytda 15 km2 maydonga ega bo‘lgan.

Ammo NASA joriy yilning 1 avgustida olgan suratda Okyekudldan faqat kichik-kichik muz parchalarigina qolganini ko‘rish mumkin.

Sigurdsson bundan taxminan o‘n yil oldin 20 asr davomida erigan Okyekudl umri bitganini aytgan edi. 2014 yilda Okyekudl muzlik talablariga javob bermay qo‘ygan.

Sigurdsson Islandiya ilk muzligini yo‘qotganini aytar ekan, keyingi 200 yil ichida mamlakatdagi barcha muz qatlamlari yo‘q bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Kopengagen universiteti professori Minik Rozing:

- Arktika iqlimi keskin va katta suratda o‘zgarayotganiga endi shubha yo‘q, - dedi.

Yakshanba kuni o‘tkazilgan motam marosimida taqriban 100 odam ikki soat yurib, vulqon tepasiga chiqdi va Okyekudlga o‘rnatilgan yodgorlik ochilishida qatnashdi.

Sigurdsson muzlik o‘lganini tasdiqlovchi o‘lim guvohnomasini taqdim etar ekan, mahalliy aholi qariya muzlikdan ming yillab toza suv ichilganini xotirlashdi.

Irlandiya sobiq prezidenti Meri Robinson:

- Muzlikning ramziy vafoti barchamiz uchun ogohlantirishdir. Chora ko‘rmasak bo‘lmaydi, - dedi.

Islandiya bosh vaziri Katrin Yakobsdouttir esa:

- Iqlim inqirozi oqibatlariga guvoh bo‘lib turibmiz, - dedi.

Marosim davomida bolalar Okyekudl xotirasiga bag‘ishlangan xotira taxtachasini o‘rnatishdi.

XS
SM
MD
LG