Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:43

Ko‘p tuz iste’mol qilish ziyonmi?


Inson tanasi yaxshi faoliyat yuritishi uchun ozgina natriyga muhtoj. Natriyni kerakli miqdorda tuzdan olish mumkin. Ammo bugungi kunda aksar odam keragidan ortiqcha tuz iste’mol qiladi. Bu esa yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish holatlari ko‘payishiga olib keladi.

Olimlar bir necha o‘n yildan beri ushbu muammoni hal qilish ustida bosh qotirib keladi. Ammo bugunga qadar o‘tkazilgan turli tadqiqotlar natijasida organizm uchun qancha miqdorda tuz kerakligi, qancha miqdordagi tuz oshiqcha ekanligi haqida turli xulosalarga kelingan.

So‘nggi tadqiqotlar esa avval o‘tkazilgan tadqiqotlarda xatolar borligini, aslida hozirgi kunda tavsiya qilinayotgan miqdordan ham oz tuz iste’mol qilish kerakligini ko‘rsatdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kuniga 5 grammdan oz tuz iste’mol qilishni tavsiya qiladi. Ammo hozirgi kunda jahon bo‘ylab odamlar kuniga 10 gramm tuz iste’mol qiladi. Oshiqcha tuz qon bosimini oshiradi va bu o‘z navbatida yurak xuruji, yurak ishlamay qolishi hamda insult xatarini oshiradi.

Aksar tadqiqotlar iste’mol qilingan tuz miqdori va yurak-qon tomir xastaliklariga chalinish xavfi o‘rtasida chiziqli bog‘lanish borligini ko‘rsatgan. Ammo ayrim izlanishlar mualliflari 7,5 grammdan oz yoki 12,5 grammdan ko‘p tuz yeyish kasallikka chalinish xavfini oshiradi, degan xulosaga kelishgan. Boshqacha qilib aytganda, ular iste’mol qilingan tuz miqdori va kasallikka chalinish xavfi o‘rtasidagi munosabat to‘g‘ri chiziq bo‘ylab yurmaydi, deya xulosa qilishgan. Lekin ushbu tadqiqotlar metodlarida kamchiliklar borligi ko‘rsatib berildi.

Inson iste’mol qilgan tuzning 90 foizi siydik orqali chiqarib yuboriladi. Shuning uchun siydikdagi tuz miqdorini o‘lchab, turli xulosalar qilish mumkin. Ammo ayrim olimlar odatda siydikni bir-ikki marta to‘plab, xulosa qilishadi. Aslida esa to‘g‘ri va to‘liq xulosa chiqarish uchun kamida uch marta 24 soat muddat davomida organizmdan chiqqan siydikni to‘plash kerak. Sabab shuki, bir marta olingan siydikdagi tuz miqdori izlanish ishtirokchisi analizdan oldin qancha miqdorda suyuqlik ichgani, siydik tahlili kunning qaysi paytida olinganiga qarab o‘zgarib turadi.

Londondagi Kuin Meri universiteti xodimlari esa 18 oydan to‘rt yilgacha bo‘lgan muddat davomida 3000 ga yaqin odamdan bir necha marta 24 soat davomida analiz olgan. Ushbu mukammal tadqiqot kuniga 3 gramm tuz iste’mol qilganda ham tuz miqdori bilan o‘lim xavfi o‘rtasida chiziqli munosabat borligini ko‘rsatgan. Olimlar, shuningdek, kuniga faqat bir marta analiz olish munozaraga sabab bo‘lgan tadqiqotlar natijalarini ko‘rsatishini aniqlashgan. Boshqacha qilib aytganda, 24 soat davomida analiz olish tuz miqdori bilan kasallik xavfi o‘rtasida chiziqli bog‘lanishi borligini ko‘rsatgan, ammo onda-sonda analiz olish bunday xulosaga olib kelmagan.

Shunday ekan, olimlar maslahati aniq: ozroq tuz iste’mol qilish umrni uzaytiradi. Bunday xulosaga kelinmagan tadqiqotlar esa kamchiliklarga ega va shu sabab ularning xulosalari xato.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya qilganidek, tuz iste’mol qilishni asta-asta ozaytirib borish yurak-qon tomir kasalliklari oldini olishga ko‘maklashadi. Olimlarga ko‘ra, tuz iste’mol qilishni ozginaga ozaytirish ham katta foyda olib keladi.

XS
SM
MD
LG