Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:42

Ekologlar Prezident oldiga ko‘llar bo‘yicha 7 savolni ko‘ndalang qo‘ydi


O‘zbekistonlik bir guruh ekolog va tabiatsevar faollar ko‘llar va boshqa suv havzalarining mavjud qoidalarga zid tarzda xususiy tadbirkorlarga berib yuborilayotganidan xavotir bildirib mamlakat prezidentiga maktub yo‘lladi.

"Mening fikrim" jamoatchilik tashabbuslari yagona platformasida kuni kecha e’lon qilingan maktubni imzolaganlar ko‘llar va boshqa suv havzalari davlat qaramog‘ida qolishi lozimligini bildirgan.

Ekologlarning xati ortidan Ozodlik murojaat qilgan O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mulozimi xususiy qo‘llarga berilgan ko‘llar ekologik nazorat ostida ekanligini bildirdi. Mulozimga ko‘ra¸ “ko‘llar tizimi akvatoriyasida kunu tun faoliyat yuritadigan davlat ekologik nazoratini amalga oshiruvchi punktlar tashkil etilgan”.

Tabiat tarozisini tadbirkor buzmasin

Maktubga imzo chekkanlardan biri¸ toshkentlik ekolog Aleksey Garshinning Ozodlikka aytishicha¸ ko‘l va boshqa tabiiy suv havzalarining tadbirkorlar tarafidan faqat tijoriy maqsadda foydalanishi oqibatida ekologik muvozanat buzilmoqda:

- Ko‘llarni xususiy qilib olganlar nima xohlasa qilib yotibdi. Tabiiy landshaftni buzib tashlashdi. Ko‘llarga oziq-ovqat qoldiqlaridan iborat yem tashlab, bir turdagi sotuvbop baliq ko‘paytirishmoqda. Bu holat pirovardida ekologik halokatga sabab bo‘lishi mumkin.

Harakat erkinligidan mosuvo baliqlar

Ekolog Aleksey Garshinga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi Arnasoy ko‘llar tizimiga kiradigan turg‘un ko‘llarning tijoriy maqsadlarda o‘nlab tadbirkorlar tarafidan foydalanilayotgani akvatoriya uzviyliga zarar yetkazgan:

- Aydarko‘l, Tuzkon va Sharqiy Arnasoy ko‘llarini o‘z ichiga oladigan turg‘un ko‘llar bir-biri bilan uzviy bog‘langan. Baliqlar bir ko‘ldan ikkinchisiga bemalol o‘tib uvildiriq qo‘yishgan. Hozir esa tadbirkorlar ko‘llarni o‘zaro bo‘lib olib boshqa ko‘l bilan tutashadigan irmoqlarga setka yoki shlyuz qo‘yishgan. Baliqlarning tabiiy harakat sikli buzildi. Ikkinchidan, tadbirkorlar ko‘llarni qamishlardan tozalab tashlashdi. Qamishlar orasidagi qizil kitobga kirgan ko‘plab suv hayvonlari nobud bo‘ldi. Aynan shu holat ko‘l uchun halokatlidir.

O‘zbek ko‘llarining yetti muammosi

Ekolog Aleksey Garshinning aytishicha¸ keyingi 3 yil ichida mavjud qonunlarga zid tarzda tadbirkorlarga berib qo‘yilgan yuzlab ko‘llar talon-toroj qilinmoqda:

- Biz prezidentga murojaatimizda bu ulkan muammoni yetti misolda ko‘rsatdik:

1. Tuyabo‘g‘uz suv havzaci nega ” Golden Fish” hususiy shirkatga berildi?

2. Sardoba suv havzasidagi shubhali qurilish ortida kim turibdi?

3.Tuzkon ko‘llar tizimidagi 20 kvadrat kilometr suv havzasini tadbirkorga berilishi nega Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ruxsatisiz amalga oshirildi?

4.Milliy gidropark hisoblangan Urung‘och nefrit ko‘li qaysi huquqiy asosda tadbirkorga berildi?

5. Buxorodagi ko‘llarga egalik qilayotgan tadbirkorlar nega u yerdagi noyob baliqlarni qirib sotuvbop baliq monokulturasiga o‘tdi?

6 Namangandagi Rezak ko‘li nega oddiy xalq va havaskor baliqchilar uchun yopib qo‘yildi?

7. Qaysi qonun asosbda Aydarko‘lini kim oshdi savdosida sotishmoqchi?

Aleksey Garshinning aytishicha¸ bu 7 muammo bo‘yicha mamlakat rahbaridan javob kutishmoqda

Vazirlik ko‘ldan qutulganidan sevinmoqda

Ozodlikning o‘rganishicha¸ ko‘llarning aksari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga, ba’zilari esa O‘zbekiston madaniyat vazirligiga tegishlidir.

O‘zbekiston madaniyat vazirligining Ozodlikka gapirgan mulozimi dam olish zonalaridagi ko‘llar tadbirkorlarga uzoq muddatga imtiyozli asosda ijaraga berilganini aytdi. Uning aytishicha, Madaniyat vazirligida bu ko‘llarni boshqarish va ekspluatatsiya qilish uchun yetarli xodim va resurs yo‘q. “Shu bois ko‘llarning tadbirkorlrga berilishi maq’ul ish bo‘ldi" dedi lavozimida matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi aytilishini istamagan mulozim.

Davlat nazorat qilmoqda?

O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi esa, “mulkchilik ko‘rinishidan qat’inazar mamlakatdagi ko‘llar jamlamasi qo‘mitanig doimiy nazoratida“ ekanligini bildirdi.

Mulozimga ko‘ra¸ Vazirlar Mahkamasining 2019 yil aprelidagi 347- qarori bilan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining biologik resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari tasdiqlangan.

- Bu qaror siz va ekologlar ko‘targan asosli savolga javobdir. Qarorda ko‘llar tizimining biologik xilma-xilligini saqlash ustuvor masala qilib qo‘yilgan, - dedi qo‘mita mulozimi.

Ekolog Aleksy Garshin esa, bu qaror talablari qog‘ozda qolib ketayotganidan tashvish bildirdi:

- 347- qaror ham ko‘llarning bu tarzdagi talon-torojiga chek qo‘yish uchun qabul qilindi. Lekin shunga qaramay, 1 iyuldan boshlab suv havzalarini konturlari tanlov asosida «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasi orqali ijaraga berish boshlandi. Ammo bunday ijaraga berish uchun qonuniy asos yo‘q.

Tabiatning bokira qolgan noyob bo‘lgasi

Ekolog Aleksy Garshinga ko‘ra¸ Qizilqum va Nurota tog‘ tizmalari oralig‘ida joylashgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi sayyoraning noyob o‘simliklar va hayvonot olami saqlanib qolgan unikal hudud hisoblanadi:

- Ko‘llar va ularning sohillarida O‘zbekistonning Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlar va qushlar yashaydi. Ularning qirg‘in qilinishiga bemalol qarab tura olmaymiz.

Urung‘och ko‘li misolida ijobiy yechim

Ozodlik bundan oldin Urung‘och ko‘li misolida ayni muammolarni yoritgan edi.

Maqola ortidan Urung‘och ko‘li joriy yil avgust oyida davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilindi.

Toshkent viloyat hokimligiga bir oy muddatda Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i (UChDMTB) Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida joylashgan maydoni 43 ga bo‘lgan Urung‘och tabiiy ko‘li va unga tutash hududlarni o‘rnatilgan tartibda davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilinishi topshirildi.

Belgilanishicha, Urung‘och davlat gidrologik tabiat yodgorligi Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida joylashgan, uning bir qismi bo‘lib, mazkur xo‘jalik tomonidan yerlari olib qo‘yilmagan va ob’ektga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday faoliyatni taqiqlagan holda boshqariladi.

O‘zbekistonning eng noyob tabiiy maskanlaridan hisoblangan Urung‘och ko‘li bo‘yida ayvonlar qurilib, choyxona va qayiqda sayr qilish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani atrof-muhit himoyachilari va ekosayyohlar noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG