Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:42

Profilaktika inspektorlarining xizmat uylarida yashashi majburiy bo‘ldi


Jizzax IIB nogironlarga piyoz tarqatmoqda
Jizzax IIB nogironlarga piyoz tarqatmoqda

Toshkent viloyat IIB Huquqbuzarliklar Profilaktikasi Boshqarmasi (HPB) boshlig‘i 5 avgustda chiqargan buyruqqa ko‘ra, Toshkent viloyatida ishlayotgan profilaktika inspektorlarining faqat o‘z xizmat hududidagi xizmat uylarida yashashlari qat’iy nazoratga olindi. Shuningdek, profilaktika inspektorlari zimmasiga har kuni beshtadan ma’muriy bayonnoma tuzish yuklatildi. ​

(Buyruq nusxasi Ozodlikda bor)

"Xizmat uyida" emas, hovlida yashamoqda

Buyruqning chiqishiga, podpolkovnik rutbasidagi IIB xodimining Ozodlikka aytishicha¸ aksariyat profilaktika inspektorlari davlat tarafidan ajratilgan xizmat uylarida yashamayotgani va ishdan keyin o‘z hovlisiga ketib qolayotgani sabab bo‘lgan.

IIB mulozimiga ko‘ra¸ PQ–4075-sonli "Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qaroriga asosan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2019 yil 10 yanvardagi kengaytirilgan yig‘ilishi bayoniga muvofiq, profilaktika inspektorlariga xizmat kvartiralari ajratilgan:

"Inspektor o‘zi yashaydigan hudud muammolaridan kunu-tun xabardor bo‘lsin¸ deya davlat ularga kvartira ajratib berdi. Lekin inspektorlar bu kvartirani qulflab qo‘yib, o‘z uylaridan ishga qatnab yurishibdi. Chirchiqdagi inspektor Toshkentdagi uyiga¸ Chorvoqdagi esa Xumsondagi hovlisiga ketib qolayapti. Bu holatga nuqta qo‘yish uchun viloyat IIB HPB boshlig‘i Hamidjon Zokirov inspektorlarining xizmat uylarida yashashini majburiy qilib qo‘ydi"¸ dedi podpolkovnik.

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan buyruq Toshkent viloyatidagi barcha shahar-tuman IIB boshliqlarining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda shahar-tuman IIB HPB boshliqlari nomiga yuborilgan.

Buyruqqa ko‘ra, profilaktika inspektorlarining xizmat uylarida yashashini shahar-tuman IIB boshliqlarining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda shahar-tuman IIB HPB boshliqlari kundalik nazoratga olishi lozim.

"Profilaktika inspektorlarining har biri o‘z xizmat hududidagi xizmat uylarida yashashlari ta’minlanishi va ularning aynan xizmat uylarida tunashini nazoratga olinishi yo‘lga qo‘yilsin", deyiladi buyruqda.

Ozodlik bilan 5 avgust kuni suhbatlashgan va ismi efirda e’lon qilinmasligini so‘ragan IIB podpolkovnigining aytishicha¸ "uchastka noziri va profilaktika inspektori o‘zi ishlayotgan mahalla hududida yashashi kerak" degan g‘oya prezidentdan chiqqan:

"Xavfsizlik kengashining 2019 yil 10 yanvardagi kengaytirilgan yig‘ilishi paytida prezident inspektorlar o‘z hududida uy bilan ta’minlansin, deya vazifa qo‘ygan edi. To‘g‘ri qaror. Ammo, bitta lekini bor. Masalan, Toshobldagi inspektorni taniyman. Unga betondan bo‘lgan uch xonali dom xizmat uyi qilib berildi. Holbuki, uning Xondoyliq qishlog‘ida salqin hovlisi bor. O‘sha hovlida yashashga o‘rganib qolgan. Domda yashay olmaydi. Hozir endi ishdan ketmaslik uchun majbur yashayapti. Bola chaqasi esa Xondayliqda", deydi suhbatdosh.

Prezident Mirziyoyev 2017 yilda Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Namangan shahridagi "Orzu" mahallasidagi profilaktika inspektori yashash joyi bilan tanishganida "har bir inspektorga davlat xizmat kvartirasi berishi kerak" deb aytgandi.

- Profilaktika inspektorlari xizmat uylari, imtiyozli kreditlar asosida mashinalar bilan ta’minlansa ularning ishi samarali bo‘ladi, deya ta’kidlagan edi Mirziyoyev.

Kuniga beshta ma’muriy bayonnoma tuzish buyurildi

Toshkent viloyati IIBning Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Hamidjon Zokirov imzolagan buyruqda profilaktika inspektorlari zimmasiga qator yangi majburiyatlar yuklatiladi.

Endilikda "har kuni har bir profilaktika inspektori kamida besh donadan ma’muriy bayonnoma tuzishi, tuzilgan ma’muriy bayonnoma asosida solingan jarimani undirishi, ma’muriy nazorat qonuni ostiga tushuvchi ilgari sudlangan shaxslar ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatish hamda ma’muriy nazoratga olingan va profilaktik hisobda turgan barcha toifadagi shaxslar bilan kunlik profilaktik suhbatlar o‘tkazishi" shart.

Bundan tashqari profilaktika inspektori "profilaktik yig‘ma jildlarni va tayanch punktida yuritilayotgan kitob va jurnallarni o‘z vaqtida sifatli yuritishi" lozimligi ham buyruqda ta’kidlangan.

Inspektorlarning bu vazifalarni bajarishi ustidan nazorat tuman va shahar IIB rahbarlariga yuklangan.

Ozodlik suhbatlashgan IIB podpolkovnigi buyruqdagi yana bitta joyiga e’tibor qaratdi:

"Xodimlardan doimiy ravishda xushmuomala bo‘lish ham buyruqda ta’kidlangan. Endi IIB inspektori o‘z asosiy ishi qolib¸ tuman aholisidan jarima undirish¸ aholi sonini ro‘yxatga olish va mahalla oqsoqoli topshirgan jamoat ishlari bilan shug‘ullansa, qanday qilib kulib turishga holi etadi. Shu ortiqcha ishlar sabab inspektorning jinoyatni oldini olish kabi asosiy ishiga vaqt qolmayapti."

Uning yana aytishicha¸ IIB xodimlari kasbi bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlar bilan "ko‘mib tashlangan".

"Nega boshqa idora qilishi kerak bo‘lgan vazifani uchastka inspektori bajarishi lozim? Bizning vazifamiz qarz undirish emas¸ balki jinoyatchilikka qarshi kurash-ku", deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston Ichki Ishlar vazirligi matbuot xizmati vakili Ozodlik muxbirining savollariga "akkeditatsiyangiz yo‘q," deya javob bermadi.

XS
SM
MD
LG