Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:35

Ukrainada Oliy Rada yangi tarkibiga muddatidan avval saylov bo‘lmoqda (VIDEO)


Kievdagi saylov uchastkasi, 21 iyul
Kievdagi saylov uchastkasi, 21 iyul

Ukrainada navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazilmoqda.

Volodimir Zelenskiy prezident etib saylanganidan keyin parlamentni tarqatgan, yangi tarkib uchun saylovni muddatdan 3 oy oldin o‘tkazishga qaror qilgan.

Bugungi saylovda Zelenskiy asos solgan “Xalq xizmatkori” partiyasi hukmronlikni qo‘lga kiritsa, Zelenskiy o‘z islohotlarini davom ettirishi uchun zamin yaratiladi.

Saylovning rasmiy natijasi 22 iyul kuni ertalab e’lon qilinadi.

21 kungi saylovda Zelenskiy, parlament spikeri Andriy Parubiy, sobiq prezident Petro Poroshenko hamda sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko kun yarmigacha ovoz berdi.

Ovoz berganidan keyin justnalistlarga intervyu bergan Zelenskiy, hukumat yetakchisi hokimiyat yoki siyosatga aralashmagan professional iqtisodchi bo‘lishi kerak, deb hisoblashini aytdi.

Ukrainaliklar orasida o‘tkazilgan so‘rovlar Zelenskiy reytingi yuqori bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Zelenskiy ertaroq saylov o‘tkazish qarori sababini mamlakat parlamenti unga qarshi siyosatchilar boshqaruvida bo‘lgani bilan izohlagan.

“Razumkov” so‘rov markazi 18 iyul kuni e’lon qilgan natijalarga ko‘ra, “Xalq xizmatkori” partiyasi 40,2 foiz ovoz to‘plashi mumkin. Ammo bunday natija ham partiyaga avtomatik tarzda hukmronlikni qo‘lga kiritish imkonini bermaydi. Zelenskiy partiyasi boshqa partiya bilan koalitsiya tuzishga majbur bo‘lishi mumkin.

Ayni so‘rov natijalariga ko‘ra, sobiq prezident Petro Poroshenko boshchiligidagi "Yevropacha birdamlik" partiyasi, sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko boshqaradigan "Batkivshina" partiyasi hamda taniqli rok-qo‘shiqchi Svyatoslav Vakarchuk boshchiligidagi "Golos" partiyalari saylovda 5 foizdan ko‘p ovoz to‘plashi mumkin.

Ukraina parlamentida 450 o‘rin bor. Ammo Rossiya 2014 yilda Qrimni anneksiya qilib olgani uchun bugungi saylovda 424 o‘rin uchun kurash ketmoqda.

Ukraina qonunlariga binoan, parlament o‘rinlarining yarmi partiyalar tuzgan ro‘yxatlar asosida to‘ldiriladi. O‘rinlarning ikkinchi yarmini esa birmandatli saylov okruglarida g‘alaba qozonganlar egallaydi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Zelenskiy g‘alaba qozonishida muhim o‘rin tutgan yosh saylovchilar parlament saylovlarida ozroq ovoz berishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida Zelenskiy partiyasi ozroq ovoz olishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda Ukraina iqtisodi oqsoqlanishiga sabab bo‘layotgan yirik muammolar orasida eskirgan gaz va elektr energiyasi infratuzilmalari, chuqur ildiz otgan korrupsiya hamda oligarxlar boshqaruvidagi siyosiy tizim kabi masalalar bor.

Zelenskiy prezident saylovida g‘alaba qozonganidan bir oy o‘tib, Jahon banki, mamlakatda bir tekis ketmayotgan islohotlar hamda saylovlar bilan bog‘liq noaniqliklar tufayli sarmoyachilar ishonchi ozayib borayotgani haqida ogohlantirdi.

Bank hisoblariga ko‘ra, kutilayotgan yirik islohotlarga to‘siq qo‘yilsa, Ukraina iqtisodiy o‘sishi 2 foizdan past bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG