Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:23

“Elektrokimyozavod”ning 800 ishchisi 4 oydan beri maosh olmayapti


Bu va maqoladagi boshqa suratlar shirkat sayti -elkimyo.uz dan olindi.
Bu va maqoladagi boshqa suratlar shirkat sayti -elkimyo.uz dan olindi.

O‘zbekistondagi kimyo sohasi bo‘yicha eng yirik shirkatlardan biri - Navoiy shahridagi “Elektrokimyozavod” ishchilari 4 oydan buyon oylik berilmayotganidan shikoyat qilishdi.

Ozodlikka bog‘langan ishchilar iddaosiga ko‘ra, maoshini talab qilgan ishchilar majburiy ravishda o‘z hisobidan ta’tilga chiqarilmoqda.

“Elektrokimyozavod” mulozimlari oylik kechikishini shirkatning moliyaviy muammolari bilan izohlashdi.

Mulozimlarga ko‘ra, qarzdorlik kattaligi bois, shirkatning hisob raqamlari yopib qo‘yilgan.

“4 oydan beri oyliksiz ishlayapmiz”

Ishdan haydalish xavfi sabab ismini ochiqlamaslik sharti bilan

Ozodlikka bog‘langan “Elektrokimyozavod” shirkatining ishchisi mart oyidan buyon oylik maoshini olmayotganidan nolidi.

“Mart oyi oyligimizning faqat 30 foizini berishgan. Mart, aprel, may va mana iyun oyliklarimizni berishmayapti. Oyliklarimiz 100 foiz plastik kartaga o‘tkaziladi. O‘zi keyingi bir yil ichida hech oyligimizni to‘liq olmadik. Har ikki oyda bir marta oylikning 50 foizini plastikka o‘tkazib berishardi. Qachon oyligimizni to‘liq olganimizni eslay ham olmayman. Masalan, oylik 800 ming so‘m bo‘lsa, shundan 400 ming so‘mini har ikki oyda bir marta kartaga tashlab berishayotgandi. 4 oydirki, shu pul ham yo‘q. Ishchilarning hammasi juda qiynalib ketishdi”, dedi “Elektrokimyozavod” ishchisi.

“Ishchilarni majburiy ta’tilga haydashdi”

Boshqa bir ishchining iddasicha, oylik maoshlarini talab qilgan ishchilarni rahbariyat majburiy ta’tilga chiqarib yuborgan.

“Bizning sexdagilar rahbarlarga chiqib, oylikni talab qilishgandi.

151-sex. Ishchilar jo‘natgan surat
151-sex. Ishchilar jo‘natgan surat

Hammamizni bez soderjaniya qilib, ta’tilga chiqarishdi. 1,5 oydan beri uyda o‘tiribmiz. Bu ta’til yana qancha davom etishi ham noma’lum”, dedi ismini sir saqlashni so‘ragan ishchi yigit.

Shirkatning superfosfat ishlab chiqaruvchi 151-sexida ishlashini aytgan ishchiga ko‘ra, zavoddagi ko‘plab sexlar 1,5 oydan beri yopib qo‘yilgan.

“038-sex yopildi. Ohak sexi, shovuch sexi ham ishlamayapti. Ishchilarning hammasi o‘z hisobidan ta’tilda. Faqat biz ishlayapmiz. Superfosfatni Tojikiston bilan shartnoma qilishgan. Shuning uchun bizning sexni yopishmayapti. Kecha ham Tojikistonga 4 ta vagon superfosfat jo‘natib yubordik. Tojikiston pulini tushirganmi -yo‘qmi, bilmadim, lekin bizga oylik bermayapti”, deydi 151-sex ishchisi.

“Oylik berilmayotgani haqiqat”

“Elektrokimyozavod”ning Ozodlik bog‘langan mulozimlari ishchilarga oylik berilmayotganini tasdiqlashdi.

“Oylik berilmayotgani to‘g‘ri. Bu haqiqat. Chunki schyotlarimiz yopib qo‘yilgan. Qarzimiz bor soliqdan. Vaziyat shunaqa bo‘lib qoldi. Pul muammo bo‘lib turibdi. Anuv kuni Tojikiston 100 ming dollar tushirib berdi. Bu puldan kreditga berildi. Shirkatga 5 milliard so‘m kredit olingan. Shuning protsentini berdik. Majburiy ijro 150 million so‘mini oldi. Qolgan pulni o‘zimizga berishdi. Xom ashyo va boshqa zarur harajatlar uchun sarfladik. Oylikka baribir yetmayapti”, dedi lavozimidan ayrilish xavfi bois ismini ochiqlamaslikni so‘ragan mulozim.

Rahbariyat yangilandi, biroq moliyaviy muammo hal bo‘lmadi

Shirkat mulozimlariga ko‘ra, joriy yilning may oyida moliyaviy muammoni hal qilish maqsadida shirkatdagi deyarli barcha mulozimlar ishdan haydalib, ular o‘rniga yangi rahbarlar qo‘yilgan.

Biroq hozircha yangi rahbariyat vaziyatni o‘nglay olmayotganini aytadi mulozim.

“Rahbariyat to‘la o‘zgardi. Qaysi sexda ish kam bo‘lsa, vaqtincha ish faoliyatini to‘xtatdi. Oylik talab qilganlarni jazolashdi degani noto‘g‘ri. Ishchilarni bez soderjaniya qildik. 1,5 oy bo‘ldi. Hozircha moliyaviy muammomiz hal bo‘ladiganga o‘xshamayapti. Shuning uchun sexlar qachon qayta ish boshlashini ham ayta olmaymiz”, dedi shirkat mulozimi.

Muammo sababi?

“Elektrokimyozavod” mulozimi Ozodlik bilan suhbatda shirkat yuz tutayotgan moliyaviy muammolar sababini quyidagicha izohladi:

“Avvalgi yillari shirkatda bu qadar muammo bo‘lmagan. Oylikning 1, 2 oyga kechikish holatlari bo‘lgan. Biroq hozirgiday vaziyatga ilk bor

duch kelayapmiz. Sababi o‘tgan yili qishloq xo‘jaligi ancha oqsadi. Shuning uchun to‘lovlar kechikdi. Fermerlar paxta planini bajara olmadi. Agroximiya kabi tashkilotlar fermerlardan pulini ololmadi va o‘z navbatida ular bizning pulimizni bera olmadi. Shuning hisobiga iqtisodiy muammo kuchayib ketdi”, degan mulozim shirkatning qarziga oid raqamlarni ochiqlay olmasligini bildirdi.

1971 yili asos solingan “Elektrokimyozavod” 1996 yildan buyon O‘zbekiston-Panama qo‘shma korxonasi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Navoiy shahri hududida joylashgan ushbu shirkat qishloq xo‘jaligini kimyoviy vositalar bilan ta’minlashga qaratilgan. Shirkat mahsulotlarining asosiy xaridorlari O‘zbekistondan tashqari Tojikiston va Qozog‘iston hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG