Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:30

Tolibonning qaytishi afg‘on jurnalistlarini xavotirga solmoqda


Afg‘oniston hukumati mamlakatdagi urushni tugatishda Tolibon bilan tinchlik muloqoti muhim ahamiyatga ega ekanini aytmoqda.

Ammo faollar bu muloqotning so‘z va fikr erkinligi uchun xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.

Tolibon davrida musiqa va teledasturlar taqiqlangan edi. 2001 yil Tolibon hokimiyatdan ag‘darilgandan buyon Afg‘onistonda bir qator radio va telekanallar paydo bo‘ldi.

Bugun birgina poytaxt Kobulning o‘zida yuzlab radio va ko‘plab telekanallar bor.

Yangiliklar, ko‘ngilochar dasturlardan tortib, talantlarni qidiruvchi “Afg‘on yulduzi” nomli shougacha paydo bo‘lgan.

Media sanoati gurkirab rivojlanar ekan, Afg‘onistonning Tolibon bilan urushi davom etmoqda.

Urushni tugatish uchun isyonchilar bilan murosa izlash esa jurnalistlarni xavotirga solmoqda.

"Tinchlik muloqotidan shubhasiz xavotirdamiz. Agar kelishuvlar jurnalistlar va ayollar qarashi inobatga olinmasdan qilinsa, bu matbuot erkinligi va ayollar huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi", - deydi jurnalist Najiba Ayubi.

Afg‘onistonda jurnalist bo‘lish juda xavfli. "Chegara bilmas muxbirlar" ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yil bu erda 16 jurnalist o‘ldirilgan.

Agar Tolibon jamiyatga qaytsa, jurnalistlar uchun tahdid yanada kuchayishi mumkin, deydi faollar.

"Tolibon so‘z va matbuot erkinligini qabul qilishga tayyorligiga hali ishora qilgani yo‘q. Ular so‘z erkinligini yoqlashlarini aytgan, faqat islomiy qonunlar doirasida. Lekin Afg‘onistonda ishlayotgan bizning qarashlarimizga bu mos emas. Ularda kesib o‘tish mumkin bo‘lmagan qizil chiziqlar bor. Bizning qizil chiziqlarimiz esa konstitutsiya va qonunlarda aniq belgilab berilgan", - deydi Jurnalistlar xavfsizligi qo‘mitasi vakili Sidiqulloh Tavhidiy.

Afg‘oniston rasmiylari Tolibon bilan muzokaralarda so‘z erkinligi bo‘yicha orqaga chekinilmasligini aytmoqda.

"Tolibon so‘z erkinligini cheklash bo‘yicha taklif kiritishi ehtimoli bor. Biz buni qabul qilmaymiz. Matbuot erkin bo‘ladi. Konstitutsiya doirasida so‘z erkinligi ta’minlanadi. Bu masalada muhokamaga o‘rin yo‘q", - deydi Afg‘oniston Bosh ijrochisi idorasi so‘zlovchisi Umid Maysam.

Tolibon yaqinda ommaviy axborot vositalarini isyonchi guruhning shubhali ishlari haqida xabar berishga chaqiruvchi hukumat reklamasini tarqatmaslikka chaqirdi.

Guruhning aytishicha, hukumat propagandasini tarqatishni to‘xtatmagan tashkilot va jurnalistlar "harbiy nishon" sifatida ko‘riladi.

XS
SM
MD
LG