Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:27

Golunov mojarosi Kremlning rejalari haqida savollar uyg‘otdi


Rossiyada jamoatchilik e’tiborini tortgan jinoiy ishlardagi kutilmagan o‘zgarishlar Kreml rejalari haqida savol tug‘dirmoqda.

Rossiyada taniqli jurnalistga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilindi, Chechenistonda inson huquqlari faoli ozodlikka chiqarildi, muxolifatchi Aleksey Navalniyning yordamchilaridan biri qamoq muddatining yarmini o‘tab bo‘lganidan keyin qo‘yib yuborildi.

Siyosiy asosga egaligiga ishoniladigan jinoiy ishlardagi bu kabi kutilmagan o‘zgarishlar rossiyaliklarni hayratga soldi. Bu o‘zgarishlar shunchaki tasodifmi, yoki Vladimir Putinning 20 iyun kungi “Jonli liniya” matbuot anjumani arafasida prezident imijini yaxshilashga qaratilgan urinishlarmi?.

Tahlilchilar fikriga ko‘ra, aslida bularning har ikkisi qisman to‘g‘ri bo‘lib, Rossiyada haqiqiy ijobiy o‘zgarishlarni kutish mumkin yoki yo‘qligi qorong‘iligicha qolmoqda.

Har yili Putin “Jonli liniya” deb nomlanuvchi to‘rt soatlik shou davomida ruslarning elakdan o‘tgan savollariga javob beradi.

Anjuman davomida Putin oddiy aholiga mehr-muruvvatli va donishmand, ezgu niyatli sar sifatida ko‘rsatiladi.

Yuqorida aytib o‘tilgan jinoiy ishlardagi o‘zgarishlar keyingi yillarda oddiy aholi keng ildiz otgan qonunsizlik hamda qonunbuzarliklarga qarshi kurashishga chorlab Rossiya rasmiylariga o‘tkazayotgan bosimdan dalolat beradi.

Eng kutilmagan o‘zgarishlar Latviyada joylashgan “Meduza” nashrining surishtiruv jurnalisti bo‘lgan Ivan Golunov ishida sodir bo‘ldi. Jurnalist 6 iyun kuni Moskvada narkotiklar savdosida gumonlanib hibsga olingan edi. Buning ortidan Moskvada minglab odam jurnalistga qo‘yilgan ayblovlar soxta ekanligini va uning qo‘yib yuborilishi talab qilib norozilik namoyishiga chiqdi.

Natijada 11 iyun kuni Golunovga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilinib, u ozodlikka chiqarildi. Rossiya ichki ishlar vaziri Golunovning jinoyatga aloqasi borligi isbotlanmaganini tan olishga majbur bo‘ldi, Putin esa vazir ishdan bo‘shatishni tavsiya qilgan ikki Moskva rasmiysini lavozimidan chetlatdi.

18 iyun kuni Navalniy yordamchilaridan biri Leonid Volkov 15 kunlik qamoq jazosini yarmini o‘tab bo‘lgan bo‘lishiga qaramasdan, ozodlikka chiqarildi. Volkov o‘tgan yilda pensiya yoshi ko‘tarilishiga qarshi namoyish uyushtirgani uchun qamalgan edi.

Undan bir kun avval esa Sankt Peterburg sudi gazeta muharriri Igor Rudnikovga qo‘yilgan tamagirlik ayblovini bekor qilib, uni ozodlikka chiqardi. Muharrir hamkasblarining aytishicha, Rudnikov yuqori lavozimli tergovchi haqida yozgan materiallari uchun soxta ayblovlar bilan qo‘lga olingan edi.

Golunov ozodlikka chiqarilishidan bir kun oldin esa Chechenistonning Shali tuman sudi huquq faoli Oyub Titievni muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish to‘g‘risida hukm chiqardi. “Memorial” huquqni himoya qilish tashkilotining Checheniston bo‘limini boshqargan 61 yoshli Titiev 2018 yilda “avtomashinasidan narkotik modda topildi”, degan ayblov bilan to‘rt yilga qamalgan edi. Titievning hamkasblari hukm siyosiy sabablarga ko‘ra chiqarilgan, deb hisoblashadi.

“Panjara ortidagi Rus” (“Rusь sidyashchaya”) inson huquqlari himoya guruhiga yetakchilik qiluvchi Olga Romanova so‘zlariga ko‘ra, yuqorida tilga olingan va boshqa shunga o‘xshash jinoiy ishlar Rossiya sud tizimi hamda huquq-tartibot tizimlaridagi o‘zboshimchalik va zo‘ravonlikdan dalolat beradi.

Bu orada Rossiyada Putinning reytingi tobora pastlab bormoqda. Buni hatto hukumat moliyalashtiruvchi tadqiqot tashkiloti VTsIOM ham rad eta olmadi.

Rossiya ma’muriyati oldida boshqa muammolar ham bor. Rossiya iqtisodi oqsoqlashda davom etmoqda, oyliklar o‘sishi sekinlagan, yanvar oyida esa qo‘shilgan qiymat solig‘i oshirildi. O‘tgan yilda hukumatning pensiya yoshini ko‘tarish rejasiga qarshi minglab odam norozilik namoyishiga chiqdi.

Ammo kutilmaganda ijobiy tomonga o‘zgargan jinoiy ishlar soni sanoqlidir. Kreml o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmay kelayotgan jinoiy ishlar soni ko‘p. Bular orasida Sarmoya jamg‘armalari menejeri, amerikalik Maykl Kalvi ishini misol o‘laroq keltirish mumkin.

Baring Vostok sarmoya shirkati asoschisi Kalvi Rossiyadagi eng taniqli xorijlik sarmoyachilarning biri bo‘lib, joriy yilning fevral oyida Kalvi moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, qo‘lga olindi. Hozir u uy qamog‘ida ushlab turilibdi.

Kalvi o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib keladi. Kalvi va uning hamkasblarining qo‘lga olinishi Rossiyada tadbirkorlik qilish bilan bog‘liq tahdidlarga yana e’tibor qaratdi. Kalvi Sankt-Peterburgda Rossiyaning global sarmoyachilar ishtirokida o‘tkaziladigan eng yirik va eng mashhur yig‘ini bo‘lmish Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok eta olmadi. Bundan tashqari, AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xanstman hamda boshqa AQSh rasmiylari va ayrim sarmoyachilar forumni qisman Kalvi qo‘lga olingani uchun boykot qildi.

XS
SM
MD
LG