Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:39

Hukumatning neft bazalariga oid qarori tufayli xodim Prezident uyini ololmayapti


Sirdaryolik Tohir Mamadaliev Ozodlikka taqdim etgan hujjatlarda ipoteka krediti olishi uchun boshlang‘ich badalni to‘lashga u ishlaydigan korxona pul ajratgani, lekin pulni Toshkentdagi yuqori tashkilot bermay qo‘ygani aks etgan.

“Guliston neft bazasi” MChJ yuristi Mamadalievning aytishicha, u hukumatning o‘tgan yilgi qaroriga binoan “O‘zbekneftgaz” Aksiyadorlik jamiyatining favqulodda markazlashtirilgani qurboni bo‘lmoqda.

“O‘zbekneftgaz” matbuot kotibi hukumat qaroridan keyin yuzaga kelgan vaziyatni sarf-harajatlarni optimallashtirish zarurati bilan izohladi.

Mustaqil iqtisodchi olimning fikricha, hukumat qarori bozor iqtisodiyoti talablariga ziddir.

Сирдарёлик Тоҳир Мамадалиев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:17 0:00
Бевосита линк

1981 yilda tug‘ilgan Tohir Mamadaliev oilali. U Sirdaryo tuman, O‘zbekiston qishloq fuqarolar yig‘ini hududida bitta uyda onasi, oilali ukasi, farzandli singlisi bilan yashar edi.

Mamadalievlar oilasi mahallada kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatida turadi. Katta oila uchun uy torlik qilib qolgach, Tohir shu kunda farzand kutayotgan xotini bilan Guliston shahriga, ijara uyga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Qolaversa, ishi ham shaharda.

1953 yilda tug‘ilgan onasi Gulsun opa kasalvand. Tohir Ozodlikka taqdim etgan, bir necha oy muqaddam Prezidentga yozgan arizasiga ilova qilgan tibbiy ma’lumotnomalar onasining ko‘p vaqti kasalxonada o‘tishini ko‘rsatib turibdi.

Tohir Mamadaliev “Guliston neft bazasi” MChJ yuristi bo‘lib ishlaydi va oyiga 1 032 234 so‘m maosh oladi. Bu pul onasini davolatishga, uy ijarasi haqi, gaz-suv, xullas, kundalik harajatlaridan ortmaydi.

Joriy yil boshida Tohir Mamadaliev arzonlashtirilgan uylardan birini olish uchun bankdan kredit olmoqchi bo‘ladi. Lekin boshlang‘ich badalni to‘lashga puli yo‘q. Shunda boshlig‘i – “Guliston neft bazasi” direktoriga yordam so‘rab murojaat qiladi.

15 mart kuni “Guliston neft bazasi” MChJ ma’muriyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasining qo‘shma majlisida qaror qabul qilinadi: Tohir Mamadalievga 57 979 000 so‘m miqdoridagi qarz ishxonaga oyligidan 10 yilda qaytarish sharti bilan ajratilsin.

25 martda “Guliston neft bazasi” direktori vazifasini bajaruvchi X. Mirzaev “O‘zneftmahsulot” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari A. Mirzamahmudovga Tohir Mamadaliev uchun pul ajratishini so‘rab xat yozadi.

Oradan 4 kun o‘tib, Mirzamahmudov ijobiy javob qaytaradi – Mamadalievga pul ajratishga ruxsat beriladi.

Ruxsat olingach, 3 aprelda “Guliston neft bazasi” MChJ direktori vazifasini bajaruvchi X. Mirzaev T. Mamadalievga qarz ajratish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.

"Guliston neft bazasi" direktori buyrug‘i
"Guliston neft bazasi" direktori buyrug‘i

Shu kuni Tohir Mamadaliev “Guliston neft bazasi” MChJ bilan qarz shartnomasi ham imzolaydi.

Buyruq chiqdi. Shartnoma imzolandi. Lekin pul yo‘q. Pul Toshkentda - “O‘zbekneftgaz”da.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari U. Ashurov Tohir Mamadaliev nomiga 8 may kuni yozilgan xatni imzolaydi. Xat mazmuni bu: Pul yo‘q!

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari U. Ashurovning Tohir Mamadalievga javobi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari U. Ashurovning Tohir Mamadalievga javobi

Tohir Mamadalievning uy olish uchun ishxonasidan qarz ko‘tarishga harakatlari, aslida, o‘tgan yili boshlangan. Yozishmalar tarixini yoritar ekanmiz, hujjatlarning eng muhimlarinigina tilga oldik. Turli tashkilotlarga, hatto prezident Mirziyoevga yozilgan xatlarga to‘xtalmadik.

O‘tgan yildan buyon Tohir Mamadaliev qarz so‘rab yozgan xatlari, chaqirilgan majlislarning bayonnomalari, chiqarilgan qarorlar, uch pog‘onali tashkilot pog‘onalari orasidagi yozishmalar, chiqarilgan buyruqlar - hammasi yig‘ilsa chog‘roq kitob bo‘lguday.

Shuncha ovoragarchilik “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari U. Ashurov 8 may kuni Tohir Mamadaliev nomiga yozgan ikki enlik xat bilan chippakka chiqdi.

Tohir Mamadalievning fikricha, uning masalasi hal bo‘lmay qolgani Vazirlar Mahkamasining 2018 yil, 1 noyabrdagi “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida”gi 897-son qarori bilan bog‘liq.

Qarorning V) bandida bunday deyilgan:

“O‘ztransgaz” AJning va “O‘zneftmahsulot” AJ hududiy neft bazalari korxonalarining tabiiy gaz va suyultirilgan gaz, neft mahsulotlarining realizatsiyasidan yagona maxsus va jamg‘arib boriladigan maqsadli hisobraqamlariga tushadigan mablag‘lar (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga ajratmalar chegirilgan holda) “O‘zbekneftgaz” AJning maxsus maqsadli hisobraqamlariga o‘tkazish tartibi belgilansin”.

Tohir Mamadalievning aytishicha, unga qarz ajratilmay qolishi 897- qarorning shaxsan unga bo‘lgan ta’siri xolos. Masalaga kengroq yondashiladigan bo‘lsa, qarorning salbiy ta’siri neft bazalari faoliyatiga har kuni ta’sir qilmoqda.

“Agar baza biron narsa sotib olmoqchi bo‘lsa, pul so‘rab “O‘zneftmahsulot”ga xat yozadi. “O‘zneftmahsulot” o‘z navbatida “O‘zbekneftgaz”ga xat yozadi. Yozishmalar qilingunicha, xatlar ko‘rib chiqilgunicha ancha vaqt o‘tadi. Oxir-oqibat “O‘zbekneftgaz” xohlasa pul beradi, xohlamasa -yo‘q”, deyilgan yuristning Ozodlikka yozgan xatida.

12 iyun kuni “O‘zbekneftgaz” matbuot kotibi Mehribon Mametova Ozodlikning “O‘zbekneftgaz” bilan neft bazalari o‘rtasidagi xo‘jalik-moliyaviy munosabatlarni sharhlab berishni so‘rab qilgan murojaatiga javoban, mutaxassislardan konsultatsiya olganidan so‘ng, bu munosabatlarning Tohir Mamadaliev aytayotgan formulasini deyarli takrorladi.

Ki, neft bazalari sarf-harajatlarini tushuntirib, tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda “O‘zbekneftgaz”ga murojaat qiladi. “O‘zbekneftgaz” esa, so‘rovni qondirishi mumkin. “Lekin bu yerda asosiy prinsip sarf-harajatlarni maqbullashtirish zaruratidan kelib moliyani dolzarb loyihalarga yo‘naltirishdir”, dedi “O‘zbekneftgaz” matbuot kotibi.

Tohir Mamadalievning muammosiga to‘xtalar ekan, Mehribon Mametova unga Neft-gaz sanoati xodimlarining respublika kasaba uyushmasiga yordam so‘rab murojaat qilishi mumkinligini bildirdi.

“O‘zbekneftgaz” matbuot kotibi Mehribon Mametova Vazirlar Mahkamasining 897- qarorini sharhlashni istamadi. “Mening vakolatlarim doirasidagi masala emas bu”, dedi u.

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, hozirda Nursultondagi Yevroosiyo universiteti dotsenti, iqtisodchi olim Saparboy Jubaev Ozodlik so‘roviga javoban 897- qarorni o‘rganib, bunday dedi:

- Eng muhim bo‘lgan neft-gaz sohasi O‘zbekistonda hozircha bozor iqtisodiyotiga to‘la o‘tgani yo‘q. Quyi pog‘onadagi korxonalarning erkinligi yo‘q. Bu korxonalarni yuqori tashkilotga bunday qaram qilib qo‘yish ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan qolgan narsa. Vaziyatni o‘zgartirish uchun quyi korxonalarga chin erkinlik berish kerak, ular bozor iqtisodiyoti qonunlari doirasida ishlashga o‘tishi kerak.

Иқтисодчи Сапарбой Жубаев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:57 0:00
Бевосита линк

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2018 ning 18 iyulida “2018 yilda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan.

Qarorga muvofiq¸ 2018 yil 1 iyuldan 2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida ipoteka kreditlarini berish tartibi o‘zgartirilgan.

XS
SM
MD
LG