Afg‘onistonning eng taniqli arxeologik obidalaridan biri bo‘lmish Jom minorasi qarovsizlik va sellar tufayli xavf ostida qolmoqda.
O‘tgan haftada kuchli sel G‘uvr viloyatida joylashgan 800 yilik minora asosidagi himoya devorlarini barbod qildi. Yuzlab odam kuraklar bilan selni burish uchun kurashgani uchungina tarixiy minora saqlab qolindi.
YuNESKO jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan minora xavfi ostida qolmoqda.
Endilikda 1190 yil qurib bitirilgan obidaga toliblar tahdid solmoqda. Jangari guruh bundan oldin ham mamlakatdagi tarixiy obidalarni vayron qilgan.
Minorani saqlab qolish uchun kurashayotgan ishchilarni himoya qilish maqsadida o‘nlab hukumat va hukumatni qo‘llovchi guruhlar nazorat punktlarini tuzishgan edi. 29 may kuni esa toliblar bu punktlarning bir nechasiga hujum qilib, ularni qo‘lga kiritdi. Toliblar hujumlarida kamida 18 nafar hukumat xavfsizlik xodimlari halok bo‘lgani aytilmoqda.
Viloyat kengashi a’zosi Abdul Hamid Nataqiy minorani himoya qilib kelgan xavfsizlik xodimlari toliblar hujumlari ortidan qochishga majbur bo‘lganini aytdi.
Nataqiy natijada minorani sel va toshqinlardan himoya qilishga qaratilgan ishlar ham to‘xtab qolganini ta’kidladi.
Minora boshqaruvi toliblar qo‘liga o‘tgani faollarni qattiq xavotirga solib qo‘ydi.
Afg‘onistonning tog‘li hududida joylashgan G‘uvr eng qashshoq va beqaror viloyatlardan biridir.
Viloyat rasmiylari poytaxt Firuzkoh shahrida tashqari hududlarda deyarli hech qanday boshqaruvga ega emas. O‘nlab man etilgan va qurolli guruhlar G‘uvrga o‘rnashib olgan.
Jom minorasi g‘ishtdan qurilgan dunyodagi ikkinchi eng baland minora hisoblanadi. 65 metr balandlikka ega inshoot o‘zining naqsh va Islomiy yozuvlari bilan tanilgan.
Minorani g‘uriylar, ya’ni Suriylar xonadoniga mansub G‘ur sultonlari sulolasi qurgan. G‘uriylar 12 asrda buddizmdan voz kechib, Islom dinini qabul qilgan.
2001 yilda toliblar Bomiyon viloyatida 1500 yillik tarixga ega budda haykallarini portlatib, butun dunyoni dahshatga solgan edi. Jangari guruh Afg‘onistonning Islomdan oldingi tarixidan qolgan yodgorliklarni butparastlik alomati, deb, ularni vahshiylarga barbod qildi.
1996 yilda esa toliblar Qobulni qo‘lga kiritganidan keyin, Milliy muzeyda o‘nlab tarixiy artefaktlarni barbod qilgan.