Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:27

Ikki rossiyalik Chernogoriyada davlat to‘ntarishiga urinishda ayblandi


Chernogoriya sudi
Chernogoriya sudi

10 may kuni Chernogoriya poytaxti Podgoritsa sudi 14 nafar shaxsni amalga oshmay qolgan davlat to‘ntarishi urinishiga aloqador jinoiy tashkilotni tuzishda hamda terrorchilikda aybdor deb topdi.

Aybdor deb topilganlar orasida ikki nafar Rossiya harbiy razvedkasi agentlari bor. Bular Eduard Shishmakov va Vladimir Popov bo‘lib, ular sirtdan sud qilindi.

Tahlilchilar 19 oy davom etgan sud jarayoni Bolqon davlatlarining NATO va Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyasiga xalaqit qilish uchun Rossiya ko‘rgan choralarni fosh qilganini aytishmoqda.

Bolqon davlatlari bo‘yicha mutaxassis Jasmin Mujanovich:

- NATOga a’zo davlatda Rossiya va Serbiya vakillari davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringani haqidagi sud qaroriga guvoh bo‘lib turibmiz, - dedi.

Mujanovich Rossiya va Serbiya urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan bo‘lsa-da, ularning harakatlari Chernogoriyada va umuman mintaqada xavfsizlik vaziyati salbiy tomonga o‘zgarishiga olib kelganini qo‘shimcha qildi.

Sud bir guruh chernogoriyalik, serbiyalik va rossiyalik millatchilar 2016 yilgi parlament saylovi chog‘ida parlamentni egallab olish uchun fitna uyushtirib, o‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Milo Jukanovichga suiqasd qilish va Chernogoriyaning NATOga qo‘shilishiga xalaqit berish uchun rossiyaparast rahbariyatni hokimiyat tepasiga keltirishga uringan, deb hukm chiqardi.

NATOga qo‘shilish tarafdori bo‘lgan Jukanovich hozirda Chernogoriya prezidenti bo‘lib, mamlakatda 1991 yildan beri hokimiyatga kelgan eng qudratli siyosatchidir.

Yuqori lavozimli Rossiya rasmiylari Chernogoriya ayblovlarini “ahmoqona” deya ta’riflab, ularni keskin rad etdi.

Ammo Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeremi Hant bu fitnani “Rossiyaning Yevropa demokratiyasiga putur yetkazishga qaratilgan urinishlarining yana bir misoli”, deya baholadi.

Yevropa Ittifoqi 16 yildan beri G‘arbiy Bolqon davlatlarini ittifoqqa qo‘shib olish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Ammo Xorvatiya blokka qo‘shilib olinganidan keyin, ushbu masalada sezilarli siljish bo‘lmadi. Tanqidchilar Yevropa Ittifoqi ichki muammolar bilan band bo‘lgani uchun, Bolqon davlatlarini integratsiya qilish masalasi e’tibordan chetda qolayotganini aytishmoqda.

Qolaversa, Yevropa davlatlarida o‘tkazilayotgan saylovlarda o‘ng qanot populist partiyalar o‘rin egallayotgani ittifoqqa yangi a’zo qo‘shib olish masalasini mushkullashtirmoqda.

Carnegie Europe izlanuvchisi Judi Dempsi:

- Bolqon davlatlari bo‘yicha barqaror, uzoq muddatli siyosatning yo‘qligi Rossiya va Xitoy uchun qo‘l kelmoqda, - dedi.

- Shukurki, bu davlatlar xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda NATOga tayansa bo‘ladi. ... Alyans bo‘lmaganida, mintaqa bundan ham achinarli ahvolda bo‘lgan va Rossiya ta’siriga yanada ochiqroq bo‘lgan bo‘lardi, - deya qo‘shimcha qildi Dempsi.

Markaziy Yevropa bo‘yicha mutaxassis Milan Nich ayrim Yevropa Ittifoqi davlatlari yetarlicha xulosa chiqarib, Rossiya tahdidlariga qarshi kurashish uchun Bolqon davlatlari bo‘yicha siyosatlarini o‘zgartirganlarini aytdi.

Ammo Chernogoriya prezidenti Jukanovich ittifoq ichki va tashqi mojarolar tahdidi katta bo‘lgan mintaqada ko‘proq chora ko‘rishi kerakligiga ishonadi.

Sud qarori e’lon qilinishidan oldin Reuters agentligiga bergan intervyusida prezident:

- Rossiya va va Xitoy kabi uchinchi taraflar mintaqada YeIning muayyan faoliyati bo‘lmagani uchun o‘z foydasiga chora ko‘rmoqda, - dedi.

AQSh esa Rossiyaning Serbiya, Kosovo, Shimoliy Makedoniya hamda Bosniyadagi harakatlariga qarshi kurashish uchun Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi.

AQSh Davlat departamentining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Metyu Palmer Kreml Bolqon davlatlarida o‘z qiziqishlarini ko‘zlab chora ko‘rar ekan, G‘arb davlatlari ogoh bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG