Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:51

Ozodlik surishtiruvi: Soxta buyruq asosida aholiga soxta dori sotayotgan guruh aniqlandi


Vodiylik sichqon o‘ldiruvchilar Samarqandda soxta dori sotib pul ishlab yurgani fosh bo‘ldi.
Vodiylik sichqon o‘ldiruvchilar Samarqandda soxta dori sotib pul ishlab yurgani fosh bo‘ldi.

Ozodlikka Samarqand viloyatining Jomboy tumanida aholiga Farg‘ona vodiysidan (!) kelgan noma’lum guruh tomonidan soxta dorilar sotilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Manbalarning aytishicha, bu dorilar dezinfeksiya va deratizatsiyaga mo‘ljallangan.

Ozodlik Jomboyda aholiga ushbu dorilarni sotayotgan guruh qo‘lida tuman sanitariya epidemoliogiya nazorat markazi - SENM boshlig‘ining maxsus buyrug‘i borligini aniqladi.

Jomboy SENMida ishlovchi xodim iddaosiga ko‘ra, ushbu guruh tuman SENM rahbarlari bilan til biriktirib, mo‘maygina pul ishlamoqda.

Buyruqqa qo‘l qo‘ygan mulozim Davron Xudaynazarov bu iddaolarni inkor qilishga urindi.

Ozodlik surishtiruvi natijasida tilga olingan buyruq soxta ekani aniqlandi.

Soxta dori

Jomboy tuman SENMiga yaqin manbalardan biri tomonidan Ozodlikka yo‘llangan xabarda iddao qilinishicha, tumanda noma’lum guruh tomonidan aholiga soxta dorilar sotilmoqda.

“Jami to‘rt xil dori: sichqonlarga qarshi margimush dorisi, hojatxonalarga mo‘ljallangan poroshok, idish-tovoqlarni yuvish uchun tabletka, mol-qo‘ylarga mo‘ljallangan poroshok. Narxi - jami 8000 so‘m.

Ular 166 so‘mlik tabletkani 2000 so‘mdan sotayapti.

Masalan, idishlarni yuvish uchun tabletka - ABK xlor narxi 2000 so‘mdan. Aslida ushbu tabletkaning bitta qutisi 50000 so‘m bo‘lib, ichida 300 dona bor. Ya’ni bir dona tabletka aslida 166 so‘mdan. Ular 166 so‘mlik tabletkani 2000 so‘mdan sotayapti. Bu tabletka bir necha bor qimmatligini aytmasangiz, o‘zi aslida haqiqiy tabletka. Lekin qolgan uchtasi soxta dorilar”, dedi xavfsizligini o‘ylab ismini ochiqlamaslikni so‘ragan manba.

Idish-tovoq yuvish uchun jomboyliklarga sotilayotgan dorilar
Idish-tovoq yuvish uchun jomboyliklarga sotilayotgan dorilar

Ozodlik 14 aprel kuni ushbu iddaoli xabarni o‘rganishga kirishdi. Bir hafta davomida o‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida ushbu dorilarni maxsus laboratoriyada tekshiruvdan o‘tkazgan mutaxasisni topdi. Anonim qolishni istagan mutaxassisga ko‘ra, noma’lum guruh sotayotgan dorilarning 3tasi haqiqatdan ham soxta dorilardir.

  • Birinchisi: Sichqonlarga qarshi margimush – fosfat (sinka), uni laboratoriyada tekshirganimizda oddiy surma ekani ma’lum bo‘ldi.
  • Ikkinchisi: Mol, qo‘ylar bitiga qarshi poroshok- intektitsid, buni tekshirganimizda aslida oddiy ohak bo‘lib chiqdi.
  • Uchinchisi: Hojatxona uchun xlor. Buning tarkibi ham asosan ohak ekan. Aslida xlor miqdori 65 foiz bo‘lishi kerak, lekin bu yerda xlor faqat 20 foizni tashkil qiladi,

dedi noma’lum guruh sotayotgan dorilarni laboratoriya orqali tekshirganini ta’kidlagan mutaxascis.

Ozodlikda mutaxassis shaxsiga oid ma’lumotlar mavjud, biroq uning tekshiruv natijalarini ikkinchi manba orqali tasdiqlash imkoni bo‘lmadi.

Jomboy SENM binosi
Jomboy SENM binosi

Soxta guruh

Jomboy SENM xodimlaridan birining Ozodlik bilan suhbatda iddao qilishicha, soxta dorilarni sotayotgan noma’lum guruh xodimlarining qo‘lida soxta hujjatlar bor.

“Jomboyda dori sotayotgan bu guruh dezinfektorlar ishini qilayapti. Shuning uchun ularni dezinfektorlar deymiz. Guruh

Ular seschilar nomini sotib, pul ishlayapti

a’zolarining hammasi ayollar. Jami 14 kishi. Biz surishtirib, aniqladik: Ularning hammasi vodiydan kelishgan. Samarqandda bitta kvartirani ijaraga olib o‘sha yerda yashashadi. Ular seschilar nomini sotib, pul ishlayapti ya’ni SESdan keldik, deb soxta hujjat ko‘rsatib, odamlarni aldab, dori sotishayapti”, dedi ismini oshkor qilsa, ishdan haydalish xavfi borligi aytgan SENM xodimi.

Ozodlik iltimosiga ko‘ra, dori sotayotgan guruhni bir necha kun davomida kuzatgan jomboylik manba to‘plagan ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, guruh a’zolari qo‘lida “Jomboy SENM xodimi” degan hujjat bor.

“Ular ertalab shahardagi kvartirasidan kelib, mahallalarga tarqalib ketishadi. Bitta ayol bir kunda 100tacha xonadonga dori sotadi. Ular qo‘lida tuman sesidan hujjati bor. Ba’zida mahalla yig‘ini xodimlari bilan birga yurishadi. Uyma-uy kirib, shu dorilarni sotayapti”, dedi manba.

Ozodlik suhbatlashgan jomboyliklardan birining aytishicha, uning uyiga kelib, o‘zini SENM xodimi deb tanishtirgan ayoldan 8000 so‘mga to‘rt xil dori sotib olgan.

Jomboyliklarga sotilgan margimush
Jomboyliklarga sotilgan margimush

“Men hujjatlarini yaxshilab ko‘rmadim. Yonida mahalladan tanish odam yurgan ekan, shunga ishondim. Lekin ayolning talaffuzi samarqandcha emasdi. “Qo‘shni tumanlarda sichqon ko‘payib ketdi”, deb sichqonga qarshi margimush berdi. Kecha omborxonamizga tashlab qo‘ydim. Lekin hozircha bitta ham sichqon o‘lganini ko‘rmadim. “Idishlarni yuvish kerak” deb tabletka ham berishdi. Hali yuvmadim. Molxona uchun bergan poroshok va tualet dorisini kecha o‘g‘lim sepib qo‘ygan. Bitta qog‘ozni ko‘rsatib, “Hamma shu dorilarni olishi kerak.

Mana buyruq bor. Siz ham olishingiz shart, majburiy degach, pul berishga majbur bo‘ldim

Mana buyruq bor. Siz ham olishingiz shart, majburiy degach, pul berishga majbur bo‘ldim”, deydi ismini ochiqlamayotganimiz jomboylik ayol.

Jomboyliklardan biri dezinfeksiya dorilarini sotayotgan guruh a’zolaridan birining hujjatini suratga olib, Ozodlikka jo‘natdi.

​Suratdagi guvohnoma egasi Jamila Hakimova Jomboy SENM dezinfeksiya bo‘limida ishlashi qayd qilingan. Guvohnoma joriy yil 4 aprel kuni SENM boshlig‘i D. Xudaynazarov imzosi bilan berilgan. Amal qilish muddati joriy yilning 28 dekabrigacha. Hujjatda SENM boshlig‘i imzosi, muhr, guvohnoma egasining surati va uning imzosi bor. Faqat guvohnoma raqami yo‘q.

Ozodlik guvohnoma egasi haqida to‘liqroq ma’lumot olish maqsadida bog‘langan Jomboy SENM xodimi, ularda Jamila Hakimova ismli ayol ishlamasligini ta’kidladi.

Soxta buyruq

Ozodlik bilan anonim suhbatda Jomboy SENM xodimlaridan biri “Dezinfektor guruh SENM rahbarlari bilan kelishib, pul

Mol, qo‘ylarga mo‘ljallangan deya jomboyliklarga sotilgan dori
Mol, qo‘ylarga mo‘ljallangan deya jomboyliklarga sotilgan dori

ishlayotgan”ini iddao qildi.

“Vodiylik bu ayollar har yili keladi. Ular bosh vrachimiz bilan kelishib shu ishni qiladi. Ular tumanimizga kelib, dori sotgani uchun bosh vrachga pul beradi. Hozir bir hafta uchun 1 million so‘m pul berishayapti ekan. Bosh vrach ularga soxta guvohnoma va soxta buyruq qilib berarkan. Oldinlari ular bir yilda bir marta kelardi.

Har bir xonadonga 8000 so‘mlik dori sotsa, bu 120 million so‘m bo‘ladi.

Hozir har olti oyda kelishayapti. Jomboyda 15 ming xonadon bor. Har bir xonadonga 8000 so‘mlik dori sotsa, bu 120 million so‘m bo‘ladi. Soxta dorilar ortidan ular shuncha pul ishlayapti”, deya iddao qildi Jomboy SENM xodimi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan.

Ozodlik muxbiri o‘zini vodiylik dezinfektorlar guruhi a’zosi sifatida tanishtirib, Jomboy SENM mulozimlaridan biri bilan bog‘landi va tuman hududida dori sotishga ruxsat so‘radi.

Ismini oshkor qilmayotganimiz mulozim, Ozodlikka rad javobini bermadi. Quyida uning so‘zlarini aynan keltiramiz:

“Men bosh vrach bilan gaplashib ko‘rishim kerak. O‘zim sizga aniq javobni ayta olmayman. 2-3 kundan keyin yana bog‘lansangiz, aniq javobini aytaman”

“Narxi qancha bo‘ladi?”, degan savolga, mulozim “Buni ham bosh vrach bilan gaplashgach, aytaman” deya javob berdi.

Ushbu suhbatning audiosi ham Ozodlikda mavjud.

Ozodlik o‘z surishtiruvlari natijasida dezinfektorlar guruhi qo‘lida Jomboy tuman SENM rahbarining buyrug‘i borligini aniqladi va ushbu buyruq nusxasini ham qo‘lga kiritdi.

Jomboy tuman SENM bosh vrachi Davron Xudaynazarovning imzosi va tashkilot muhri qo‘yilgan ushbu buyruq rasmiy blanka ko‘rinishida. Buyruq raqami 12§5 bo‘lib, joriy yilning 1 aprelida imzolangan.

Buyruqqa ko‘ra, 14 kishidan iborat maxsus guruh joriy yilning 5 aprelidan 30 apreligacha tumanda “pullik xizmat preyskurantlari asosida dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya ishlarini amalga oshiradi”.

Buyruqda guruh a’zolarining ismi-sharifi ham keltirilgan. Guruh a’zolari ro‘yxatida yuqorida tilga olganimiz - Jomboy SENMida ishlamasligi aniqlangan Jamila Hakimovaning ismi ham bor.

Ozodlik ushbu buyruqqa imzo qo‘ygan mulozim - Davron Xudaynazarovning o‘zi bilan bog‘landi. Xudaynazarov bu buyruqqa qo‘l qo‘ygani va shu guruhning tumanda dori sotishiga ruxsat berganini tan oldi:

- Bu gruppaga buyruq kiritganmiz. Shartnoma asosida ishlaydi ular. OPD degan tashkilot yo‘q bo‘lib ketgan. Kasallikning oldini olish uchun biz shunday tashkil qilganmiz. Har yili, har bir tuman bilan

O‘zimiz buyruq qilib, registratsiya qilib jo‘natamiz ularni.

ishlaydi ular. O‘zimiz buyruq qilib, registratsiya qilib jo‘natamiz ularni. SESga keladi. Keyin mahallalarga uchrashtiramiz. Mahallalar bilan birgalikda QOP (qishloq oilaviy poliklinikalari. tahr.)larga boradi. QOP hamshiralari bilan birga aylanadi. Kerakli dori-darmonni sotadi.

Xudaynazarovdan “Ushbu guruh tomonidan aholiga sotilayotgan dorilarni tekshirganmisiz? deya so‘radik.

Mutaxasisga ko‘ra, hojatxona dorisi deya sotilgan bu xlor asosan ohakdan iborat
Mutaxasisga ko‘ra, hojatxona dorisi deya sotilgan bu xlor asosan ohakdan iborat

- U dorilar tekshirilib, davlat tomonidan chiqarilgan dorilar. Ularning qo‘llarida dalillari bor. U dorilarni har kim ishlab chiqarmaydi. Gosstandartdan o‘tkazilib, sotuvga qo‘yilgan dorilar, deya Xudaynazarov dorilarning haqiqiyligiga kafolat berishini ta’kidladi.

Xudaynazarov “aholi dorilarni ishlatishni yaxshi bilmagani uchun ularni soxta deb o‘ylayapti”, dedi.

- Masalan, margimushni qo‘yish texnologiyasi bor. Hozir kalamushlar ham xitriy, hamma narsani yeb ketavermaydi. Uni voronka qilib qo‘yish kerak.

Xudaynazarov korrupsiya iddaosini mutlaqo inkor qilib, ​ushbu guruhga ruxsat bergani uchun guruh tomonidan Jomboy SENMi hisobiga pul o‘tkazilgani, biroq uning summasini aniq ayta olmasligini ta’kidladi.

Жомбой туман СЭНМ собиқ бош врачи Даврон Худайназаров билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:29 0:00
Бевосита линк

Jomboy SENMidan olingan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, dezinfektorlar guruhi tomonidan aprel oyida tashkilot hisobiga hech qanday mablag‘ o‘tkazilmagan.

166 so‘mlik ushbu dori 2000 so‘mdan sotilayotgani aytildi
166 so‘mlik ushbu dori 2000 so‘mdan sotilayotgani aytildi

Ozodlik surishtiruvlari o‘tayotgan paytda Davron Xudaynazarov Jomboydan Urgut SENMiga rahbarlikka o‘tkazildi. Uning o‘rniga Anvar Yusupov tayinlandi. (Ozodlik surishtiruvining bu rotatsiyaga aloqasi yo‘q)

Anvar Yusupov Ozodlik bilan suhbatda, dezinfektorlar guruhiga dori sotishga ruxsat berish mazmunidagi buyruq Jomboy SENMida qayd qilinmaganini ta’kidladi.

SENM xodimi Ozodlik so‘roviga ko‘ra, buyruqlar daftarini tekshirib, 12§5 - buyrug‘i umuman ro‘yxatga olinmaganini aytdi.

Xudaynazarov imzolagan o‘sha “buyruq”da 14 kishi Jomboy SENM qoshidagi xo‘jalik hisobidagi profilaktik dezinfeksiya bo‘limi a’zolari sifatida qayd qilingan.

Jomboy SENMidan olingan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, “buyruq”da tilga olingan xo‘jalik hisobidagi profilaktik dezinfektsiya bo‘limi SENM qoshida umuman mavjud emas.

Jomboy SENM binosi
Jomboy SENM binosi

Har yilgi ahvol shu

Samarqand viloyat dezinfeksiya stansiyasi bosh vrachi Muzaffar Bahodirovning aytishicha, noma’lum guruhlarning dezinfektorlik qilishi butun mamlakat bo‘ylab kuzatilmoqda:

- Bu guruhlar mutlaqo noqonuniy guruhlar. Biz qarshimiz ularga. Davlat tomonidan tashkil qilingan tashkilotlar - dezinfeksiya stansiyalari bor bo‘la turib, qandaydir noqonuniy guruhlar talabga javob bermaydigan dorilarni sotib yurishibdi. Eng asosiysi ularning deratizatsiyaga qo‘l urishga haqqi yo‘q. Faqat dezinfeksiya

Odamlar otravlenie bo‘lsa, kim javob beradi?

stansiyalari bu ish bilan shug‘ullanishi mumkin. Odamlar otravlenie bo‘lsa, kim javob beradi? Bu bilan hech kimning ishi yo‘q. Ularni huquq-tartibot organlariga aytsak, ular bilan til topishib, yana o‘z ishini davom ettirishayapti. Hozir butun respublika bo‘yicha shu ish bilan shug‘ullanadigan guruhlar bor. Bu ishga mahalliy rahbarlar, huquq-tartibot idoralari aralashgan.

Nimaga dezinfektorlar vodiylik?

Bu savolga Muzaffar Bahodirov shunday javob berdi:

- 20 yil avval vodiyda hammayoqni kalamush bosib, Katta farg‘ona kanali atrofida yashovchi odamlarning uylariga kalamush kirib,

Mahalliy aholi boshqa hududlarga chiqib, kalamushlarga qarshi kurashni taklif qilishdi. Shu tariqa noqonuniy guruhlar paydo bo‘ldi.

bolalarini tishlagach, vodiyda kalamushlarga qarshi juda katta masshtabda ishlar qilindi. Respublika bo‘yicha malakali mutaxassislar yordamga borib, mahalliy mutaxassislarga yordam berishdi. Shunda odamlar kalamushlarga qarshi kurashish yo‘llarini o‘zlashtirib olishgan. Vodiyda kalamushlarga barham berilgach, u yerda malaka orttirgan mahalliy aholi boshqa hududlarga chiqib, kalamushlarga qarshi kurashni taklif qilishdi. Shu tariqa noqonuniy guruhlar paydo bo‘ldi.

P.S. Ozodlik surishtiruvi tugashi arafasida ma’lum bo‘lishicha, Jomboydagi dezinfektorlar guruhi 22 aprel kuni dori sotishni to‘xtatib, tumanni tark etgan.

XS
SM
MD
LG