Ukraina prezidenti Petro Poroshenko 14 aprel kuni raqibi Vladimir Zelenskiy bilan debat o‘tkazish uchun “Olimpiyskiy” stadioniga bordi. Ammo, saylovning birinchi turida eng ko‘p ovoz olgan qiziqchi va shoumen Zelenskiy stadionga kelmadi. U bunga qadar ham 19 aprel kuni debatga chiqishini bildirgan edi.
Shunga qaramay, Poroshenko stadionga o‘z oilasi bilan bordi va uning uchun hozirlangan minbarda nutq so‘zladi.
Uning yonida raqibi Zelenskiy uchun hozirlangan minbar esa bo‘sh qoldi.
"Bu debat joyini taklif qilgan men emasdim, bu boshqa odam edi. Bilaman, hozir meni tomosha qilib turibsiz", dedi kinoya bilan Zelenskiyga g‘oyibona yuzlangan Poroshenko.
So‘ngra Poroshenko stadionga yig‘ilgan jurnalistlarning savollariga javob berdi va agar, Zelenskiy prezident etib saylansa, ukrain xalqining tanlovini hurmat bilan qabul qilishini aytdi.
Vladimir Zelenskiy esa stadionga kelmadi. Zero, u debatni 19 aprel kuni o‘tkazishni taklif qilgan. "Olimpiyskiy" stadioni rahbariyati ham Zelenskiydan o‘sha kunga tadbir o‘tkazish uchun so‘rov kelgani va uni qabul qilganini bildirmoqda.
12 aprel kuni Zelenskiy Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi.
21 aprel kuni Poroshenko va Zelenskiy Ukraina prezident saylovining ikkinchi turida bellashadi. Birinchi turda Zelenskiy eng ko‘p ovoz to‘pladi.
Aksar saylovoldi so‘rovlar Zelenskiy ikkinchi turda ham g‘alaba qozonishini bashorat qilmoqda.
Saylovoldi debatini Kievning “Olimpiyskiy” stadionida o‘tkazishni Zelenskiy taklif qilgandi. Har ikki nomzod ommaviy debat o‘tkazishga rozi, ammo debat sanasi bo‘yicha kelisha olmadi.
Agar saylovoldi so‘rovlar to‘g‘ri chiqsa, ikkinchi turda Zelenskiy g‘alaba qozonishi mumkin. Quvnoq va zukko Zelenskiy chuqur o‘rnashib olgan siyosatchilardan charchagan ukrainaliklar nazarida yangi chehradir.
Zelenskiy, shuningdek, Ukraina sharqida Rossiya dastaklab kelayotgan ayirmachilarga qarshi urushni to‘xtatish uchun shaxsan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara olib borishni va’da qilgan.
Poroshenko esa Zelenskiy Ukrainani Rossiyadan himoya qila olmasligini aytib keladi.
Xizmat faoliyatini shokolad sanoatida boshlagan Poroshenko esa o‘zini katta siyosiy tajribaga ega matonatli yetakchi o‘laroq ko‘rsatib keladi.
Tahlilchilar esa yirik diplomatik va iqtisodiy muammolarga duchor bo‘lib kelayotgan Ukraina uchun o‘zgaruvchan siyosat muammoli bo‘lishini aytmoqda.