Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:49

Sevishganlar bir-birini qabristonda pichoqladi, qiz o‘ldi, yigit hibsda


Sevishganlar bir-birini qabristonda pichoqlagan.
Sevishganlar bir-birini qabristonda pichoqlagan.

Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanida 21 yashar qiz va 24 yashar yigit bir-birini pichoqladi. Qiz olgan jarohatlaridan vafot etdi, yigit tirik qoldi.

Ushbu voqeadan biroz avval qonliko‘llik boshqa bir yigit - tuman xotin-qizlar bo‘limi rahbarining jiyani va ayni paytda haydovchisi - qizni "majburlab olib qochib, unga uylangan".

Oradan bir necha kun o‘tgach, qiz olib qochgan yigitning xonadonidan sevgilisi bilan qochgan va sevishganlar o‘zini o‘ldirishga ahdlashgan.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, tirik qolgan yigit hibsga olingan.

Qonliko‘llik “Romeo va Julyetta”

25 mart kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, sevishganlar bilan bog‘liq voqea joriy yilning 1 mart kuni sodir bo‘lgan.

Bu haqda xabar yo‘llagan qonliko‘llik manbaga ko‘ra, voqea Qonliko‘l tumanining Beshko‘pir ovul fuqarolar yig‘ini, Joliy qishlog‘idagi “Eshimaxun” qabristonida sodir bo‘lgan.

“Qiz 24 yoshli yigit bilan 3 yildan beri sevishib yurgan. Yigit qizga zirak taqqan va ular turmush qurishga bir-biriga va’da berishgan. Lekin qonliko‘llik boshqa bir yigit qizni yoqtirib yurar ekan. U fevral oyi o‘rtasida qizni majburlab, mashinada olib qochib ketgan. Qizni uyiga olib borib, majburlab unga uylangan. Qiz Nukusda o‘qirdi, u o‘qishga borishni bahona qilib, sevgilisi bilan qochib ketgan. Keyin ular Qo‘ng‘irotga borib, bozordan ikkita katta pichoq sotib olishgan va Qonliko‘lda uyi yaqinidagi qabristonga kelib, bir-birini pichoqlagan. Keyin yigit akasiga telefon qilib, voqeani aytgan”, - dedi voqea tafsilotlaridan xabardor ekanini aytgan qonliko‘llik manba anonim qolish istagi bilan.

Oshiq qiz, uning sevgilisi hamda uni majburlab olib qochgan yigitning ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum. Biroq tergov ketayotgani bois ular shaxsi ochiqlanmayapti.

Qiz o‘ldi, yigit hibsda

Sevishganlar voqeasi haqida xabar bergan manbaga ko‘ra, qiz olgan jarohatlari natijasida o‘lgan, yigit esa shifoxonaga yotqizilgan.

Qonliko‘l tuman markaziy shifoxonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga keltirilgan yigit jonlantirish bo‘limida davolangan.

“Qiz “skoriy pomosh”da kelayotganda vafot etgan. Yigit dastlab koma holatida yotdi. Buyragi, jigari pichoq zarbidan og‘ir jarohatlangan ekan. Uni davoladik, o‘tgan hafta tuzalib, shifoxonadan chiqdi”, dedi shifoxona xodimlaridan biri.

Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Voqea tafsilotlaridan xabardor manbaning aytishicha, yigit shifoxonadan chiqqach, hibsga olingan.

“Uni hozir Nukusda izolyatorda saqlashayapti. Yigit o‘zi Toshkent-Siti qurilishida ishlayotgan edi. Sevgilisini olib qochishganini eshitgach, Toshkentdan yetib kelgan”, -dedi manba.

Bosh prokuratura bayonnomasida qayd qilinishicha, "yigit sevgilisi bilan qabristonga kelgach, qiz o‘ziga o‘zi pichoq urganini, shundan so‘ng uning qo‘lidan pichoqni olib o‘ziga urganini bildirgan".​

Yigit hibsga olinib, hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi («Qasddan odam o‘ldirish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura bayonnomasida yozilishicha, yigit qizni "o‘ldirish maqsadida uning bo‘yin qismi va ko‘krak qafasining yurak qismiga bir necha marotaba oshxona pichog‘i bilan urib tan jarohati yetkazgan, shundan so‘ng o‘zining qorin qismiga bir necha marotaba urib hamda bo‘yin va bilak qon tomirlarini kesib o‘z joniga suiqasd qilgan".

Manba iddaosi: Qizni hokimlik mulozimi mashinasida olib qochishgan

Voqea tafsilotlaridan xabardor ekanini aytgan bir-biridan mustaqil ikki manbaning iddaosiga ko‘ra, qizni Qonliko‘l tuman mulozimlaridan birining xizmat mashinasida olib qochishgan:

“Qizga majburlab uylangan yigit Qonliko‘l tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Saltanat Jumanovaning jiyani. Bu yigit Saltanat Jumanovaning haydovchisi bo‘lib, u Jumanovaning Lasetti xizmat mashinasini haydaydi. Qizni ham shu mashinada majburlab olib qochishgan”, deya iddao qildi qonliko‘llik manba.

Qonliko‘llik boshqa bir manba esa sevishganlar fojeasiga hokimlik mulozimi aralashgani voqeasini yashirish harakatlari bo‘layotganini iddao qildi.

“Qizni jensovetning mashinasiga bosib, olib ketishganini bir necha odam ko‘rgan. Lekin hozir buni bosti-bosti qilishayapti”, dedi ismi-sharifi sir saqlanishini so‘ragan manba.

Hokimlik mulozimi: Qizni olib qochish voqeasidan bexabarman!

Ozodlik Qonliko‘l tuman xotin-qizlar bo‘limi rahbari Saltanat Jumanova bilan bog‘lanib, ushbu iddaolar borasida izoh so‘radi.

Saltanat Jumanova qizga uylangan yigit uning jiyani ekanini tasdiqladi, biroq boshqa iddaolarni inkor qildi.

“Bu yigit dadamning ukasining o‘g‘li. Ha, u mening haydovchim, xizmat mashinamni haydaydi. Lekin boshqa gap-so‘zlarning hammasi bo‘hton. Birinchidan, jiyanim u qizni o‘zining shaxsiy mashinasida olib qochgan. Ikkinchidan, qizning roziligi bilan bu olib qochish uyushtirilgan. U qiz bir paytning o‘zida ham jiyanim bilan sevishgan va boshqa bir yigit bilan ham sevishib yurgan. Men o‘zi bu kabi olib qochishlarni qo‘llamayman. Lekin endi bu tarqalgan odat. Hozir ikki yosh kelishib, olib qochishni uyushtiradi. Qizni olib qochib, kelsa, to‘y harajatlari arzonga tushadi. Shuning uchun buni uyushtirishadi. Lekin shu paytgacha tumanimizda olib qochish natijasida oilaviy nizolar uchramagan. Bu safar yoshlar o‘zini-o‘zi bosa olmagani oqibatida sodir bo‘ldi”, dedi Saltanat Jumanova.

Qiz o‘g‘irlash an’anasi

O‘zbekiston rasmiy nashrlariga ko‘ra, asosan, qoraqalpoq va qozoqlar istiqomat qiladigan Qoraqalpog‘istonda bir necha asr avval urf bo‘lgan qiz o‘g‘irlash holatlarining so‘nggi yillarda ko‘payotgani kuzatilmoqda.

Qoraqalpog‘istonlik manbalarga ko‘ra, qizlarni o‘g‘irlash holatiga sabab: kelin tomonga beriladigan qalin pulining kattaligi va yoshlar nikohiga ota-onalar rozilik bermasligidir.

Uylanish maqsadida qiz olib qochish an’anasi Qoraqalpog‘istondan tashqari qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham mavjud.

O‘zbekiston qonunlarida aynan qiz o‘g‘irlashga qarshi jazo ko‘zda tutilmagan, ayni paytda JKning 135-modda ya’ni "Odam savdosi" moddasida kuch ishlatib, zo‘rlik bilan odam o‘g‘irlashga 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi berilishi qayd qilingan.

Qirg‘iziston qonunchiligida esa qiz olib qochganlarga 10 yillik qamoq jazosi belgilangan. Mazkur an’ana qonunchilikda taqiqlangan bo‘lsa-da, mamlakatda qiz o‘g‘irlash holatlariga barham berilmayapti.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qirg‘izistonda nikoh uchun o‘g‘irlangan qizning militsiya bo‘limida o‘ldirilgani voqeasidan so‘ng hukumatni qiz o‘g‘irlash odatiga barham berishga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG