AQSh prezidenti Donald Tramp Suriyada “Islom davlati” ekstremist guruhi jangarilari boshqaruvidagi so‘nggi hudud qayta qo‘lga olinganini olqishladi. Prezident ekstremistik guruh faoliyat yuritayotgan barcha hududlarda tor-mor qilingunicha AQSh vaziyatdan ogoh bo‘lib turishini qo‘shimcha qildi.
AQSh prezidentining 23 mart kuni e’lon qilgan bayonotida “Radikal islomiy terrorchilarni butunlay yo‘q qilish uchun hamkorlarimiz bilan ishlashda davom etamiz”, deyiladi.
AQSh dastaklab kelayotgan Suriya demokratik kuchlari 23 mart kuni “Islom davlati” boshqaruvidagi so‘nggi qishloq bo‘lmish Bog‘uz ozod qilinganini ma’lum qildi.
Shuning bilan 2014 yilda Suriya va Iroq hududida tuzilgan ekstremistik guruh nazoratidagi hudud to‘liq ozod qilindi. Suriya demokratik kuchlari bu qishloqni ozod qilish uchun bir necha haftadan beri jang qilayotgan edi.
Suriya demokratik kuchlari jangchilari “Islom davlati”ga qarshi kurashda halok bo‘lgan 11 ming safdoshi xotirasiga parad o‘tkazdi. Tadbir davomida AQSh gimni ijro etildi.
G‘arb davlatlari rasmiylari, jumladan, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo guruh faoliyati Suriyada tugatilgani bilan, AQSh hamda Vashington yetakchilik qilib kelgan koalitsiya qilishi lozim bo‘lgan ish hali ko‘p ekanini ta’kidladi.
- Radikal guruh o‘sishda davom etishi oldini olish uchun hali qilinadigan ish bor, - dedi Pompeo.
Pentagonning muvaqqat rahbari Patrik Shenaxen ham AQSh bu ekstremist guruhni uzoq muddatga tor-mor qilishga kurashishda davom etishini aytdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hamda Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Bog‘uz ozod etilganini yirik qadam o‘laroq olqishladi. Har ikki davlat Suriya demokratik kuchlari jangchilarini qo‘llab keladi.
Suriyaning BMTdagi vakili Bashar Jafariy esa aslida AQSh emas, balki Rossiya va Eron qo‘llab kelayotgan Suriya hukumati “Islom davlati”ga qarshi chindan kurashayotganini ta’kidladi.
Bog‘uzdagi muvaffaqiyat “Islom davlati”ga qarshi turli kuchlar besh yil davomida olib borgan kurashning yakuni o‘laroq ko‘rilmoqda. Bir paytlar Britaniya hududiga teng territoriyani egallab olgan jangari guruh Iroqda 2017 yildan mag‘lub bo‘lgan edi.
Bugunga kelib Suriyada ham, Iroqda ham ushbu guruh nazoratida bo‘lgan hudud qolmadi. Ammo shunday bo‘lsa-da, jangari guruh a’zolari har ikki davlatda hujum uyushtirishda davom etmoqda.
Shu kunda Misrning Sinay yarim oroli, Afg‘oniston hamda ayrim boshqa davlatlarda “Islom davlati”ga xayrixoh yashirin guruhlar tuzilgani aytilmoqda.